Fan-texnika | 14:17 / 04.09.2017
6894
2 daqiqa o‘qiladi

Facebook facebook.ru domenini unga berishni talab qildi

Foto: AP

Amerikaning Facebook Inc. korporatsiyasi Rossiya kompaniyasidan facebook.ru domenini berishni talab qildi. 2005 yildan bu domen "Zolotaya korona" to‘lov tizimining bosh tuzilmasi - Moliyaviy texnologiyalar markazi (MTM)ga tegishli, yaqin vaqtdan boshlab facebook.ru saytidan to‘lov tizimi saytiga avtomatik qayta yo‘naltirish jarayoni kechmoqda. Bunday vaziyat Facebook Inc'ni mutlaqo qoniqtirmaydi: korporatsiya MTMdan 30 sentabrga qadar facebook savdo belgisidan foydalanishdan voz kechishni talab qildi. 

Facebook Rossiya Fuqarolik kodeksining 1515-moddasiga tayanmoqda, unga muvofiq begona savdo belgisidan foydalanganlik uchun 5 million rubl kompensatsiya yoki undan foydalanish uchun litsenziyaning ikki karra summasini  undirish ko‘zda tutilgan. 

Shu tariqa Facebook korporatsiyasi 30 sentabrgacha facebook.ru domenini unga berishni, 6 sentabrgacha esa da'voning ko‘rib chiqish natijalari haqida ma'lumot berishni talab qilmoqda.

MTM matbuot xizmatida "Kommersant"ga ma'lum qilinishicha, domen 2005 yilda qo‘lga kiritilgan, Rossiyada esa Facebook bundan uch yil keyin paydo bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, so‘nggi 12 yilda Amerika korporatsiyasi tomonidan birorta da'vo xati kelmagan. Kompaniyada shuningdek murojaat yuristlar tomonidan o‘rganib chiqilayotgani ma'lum qilingan. 

4 sentabr holatiga ko‘ra, facebook.ru domeni to‘lov tizimi saytiga avtomatik ravishda qayta yo‘naltirishda davom etmoqda. 

Mavzuga oid