Markaziy bank xalqaro bank kartasidan foydalanish bo‘yicha tartibni e'lon qildi
Jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutani xarid qilish tartibi haqida kelib tushayotgan savollarga javoban Markaziy bank o‘z saytida bu borada o‘rnatilgan tartibni e'lon qildi.
Jismoniy shaxslar tomonidan valyuta xarid qilinishi
Fuqarolar xorijiy valyutani tijorat banklarining konversion bo‘limlarida naqdsiz ko‘rinishda, xalqaro (konversion) to‘lov kartasiga o‘tkazib berish orqali xarid qilishlari mumkin. Milliy valyutada to‘lov naqd pul ko‘rinishida ham, naqdsiz ko‘rinishda — bank to‘lov kartalari (plastik kartalar) orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Xalqaro (konversion) to‘lov kartalarini ochish va ishlatish bilan bog‘liq xarajatlar
Ayni paytda tijorat banklari tomonidan xalqaro (konversion) to‘lov kartalarini ochish va ishlatish uchun quyidagi komissiya haqlari olinadi:
Kartani ochish uchun — 75 mingdan 100 ming so‘mgacha (bir martalik to‘lov);
Kartadan foydalanib to‘lovlar amalga oshirilganda komissiya haqi — har bir tranzaksiya summasining 0,5 foizidan 1 foizigacha bo‘lgan miqdorda;
Chet eldagi bankomatlardan naqd xorijiy valyuta yechib olish — operatsiya summasining 1 foizi miqdorida;
Xalqaro to‘lov tizimlari operatorlari (VISA, MasterCard va boshqalar) talablariga ko‘ra, banklar tomonidan 35 dollardan 100 dollargacha kamaytirilmas qoldiq (sug‘urta depoziti) o‘rnatilgan va undan mijoz foydalana olmaydi hamda to‘lov kartasi yopilganidan so‘ng u mijozga qaytariladi. Ushbu sug‘urta depoziti mablag‘lar ortiqcha sarflanganida bank tomonidan ishlatiladi. Mablag‘larning ortiqcha ishlatilishi kurslarning o‘zgarishi yoki xorijiy bank tomonidan to‘lov kartasi bo‘yicha operatsiyalar bajarilganida, komissiya o‘rnatilganida hosil bo‘lishi mumkin.
Xalqaro (konversion) to‘lov kartalarining ishlatilishi
Ayni paytda xalqaro (konversion) to‘lov kartalaridan faqat xorijiy davlatlardagina foydalanish mumkin. Hech qanday cheklovlarsiz bankomatlardan naqd pul yechib olish, do‘kon va mehmonxonalarda, to‘lov kartasi qabul qilinadigan barcha joylarda karta orqali to‘lov qilish mumkin. To‘lov kartalari barcha davlatlarda ishlatilishi mumkin, davlatlar bo‘yicha cheklov yoki naqd xorijiy valyutani yechib olish bo‘yicha limit o‘rnatilmagan. Biroq, nazarda tutish kerakki, xorijiy banklar o‘z bankomatlaridan naqd pullarni yechib olishga ma'lum bir limit o‘rnatish amaliyotidan ham foydalanishadi. Ko‘pincha bu limit bitta operatsiyaga nisbatan joriy qilingan bo‘lib, operatsiyalar sonining o‘zi cheklanmagan bo‘ladi.
Shuningdek, kartadagi valyuta mablag‘laridan xorijda o‘qish yoki davolanish uchun talab etiladigan hujjatlar (invoyslar) taqdim etilganida O‘zbekistondagi bankdan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovni amalga oshirishda foydalanish mumkin.
Respublika hududida xalqaro (konversion) to‘lov kartasidagi mablag‘lar faqat joriy ayriboshlash kursi bo‘yicha faqat milliy valyutada yechib olinishi mumkin.
Xorijiy valyuta bilan to‘ldiriluvchi xalqaro to‘lov kartalari
Fuqarolar tomonidan xorijiy valyuta bilan to‘ldiriluvchi xalqaro to‘lov kartalari mamlakatimiz hududida cheklovlarsiz qabul qilinadi. Bunday kartalardagi mablag‘lar bank yoki bankomatlardan (karta egasining ixtiyoriga ko‘ra) xoh milliy valyutada, xoh xorijiy valyutada, naqd ko‘rinishda yechib olinishi mumkin.
Bunday kartalardan chet ellarda ham, O‘zbekiston hududida ham do‘konlar, mehmonxonalar va kartani to‘lovga qabul qiluvchi terminal mavjud har qanday joyda biror cheklovlarsiz foydalanish mumkin.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024