O‘zbekiston | 17:52 / 11.12.2024
17202
3 daqiqa o‘qiladi

Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi

Senat kengashining qaroriga muvofiq, u iste’foga chiqarilgan Mamarizo Nurmurodovning o‘rnini egalladi.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Senatining kengashi prezident taqdimnomasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Kengashning boshqa bir qarori bilan, prezident taqdimnomasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga Timur Ishmetov tayinlandi.

Timur Aminjanovich Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan, 2005 yilda Birmingem universitetidan moliya-bank yo‘nalishida magistr darajasini olgan. 2007 yilda Toshkent yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan.

U 24 yillik mehnat faoliyatining 19 yilini Markaziy bankda o‘tkazgan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlab, 2001–2004 yillarda katta ekspert-analitik, Valuta birjasi va tashqi aloqalar departamenti rahbari bo‘lgan. 2004–2008 yillarda Pul-kredit operatsiyalari departamentida ishlagan. 2008–2009 yillarda Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamenti, 2009-2010 yillarda Ichki valuta bozoridagi operatsiyalar departamenti, 2010–2017 yillarda Valuta boshqaruvi va nazorati departamentini boshqargan.

Ishmetovning Markaziy bankdagi faoliyatida 2017 yilda qisqa muddat uzilish bo‘lgan: u o‘sha yili aprelda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan, ammo iyun oyida Mamarizo Nurmurodov Markaziy bank raisi etib tayinlanishi bilan bir vaqtda uning birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

MB boshqaruvidagi o‘zgarishlar fonida, 2017 yil sentabriga kelib, mamlakatda valuta islohoti amalga oshirilgandi.

Timur Ishmetov MB raisining birinchi o‘rinbosari sifatida 2 yil faoliyat yuritgach, 2019 yil may oyida moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. 2020 yil fevraliga kelib, u moliya vaziri etib tayinlandi va bu lavozimda 2022 yil oxirigacha faoliyat yuritdi.

Ishmetov 2022 yil dekabrda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Ravshan G‘ulomov)ning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid