O‘zbekiston | 12:40 / 19.12.2024
44888
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi

U muqaddam Markaziy bank raisi o‘rinbosari, Jizzax viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari, «O‘zbekenergo» raisi bo‘lib ishlagan, 2019 yildan buyon «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida edi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Ulug‘bek Mustafoyev 1968 yil 14 avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jalik institutini tamomlagan («Moliya va kredit» mutaxassisligi), shundan buyon bank sohasida faoliyat yuritgan.

«Sanoatqurilishbank»ning Jizzax viloyat filialida kichik, keyinchalik katta mutaxassis sifatida ishladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining operatsion boshqaruvi katta iqtisodchisi va pul muomalasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2010 yildan 2016 yilgacha Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2016–2017 yillarda Jizzax viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2017 yil iyunida «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan.

2019 yil martida mazkur tashkilot isloh qilinib, o‘rnida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tashkil etiladi. Ulug‘bek Mustafoyev 2019 yil aprelidan buyon aynan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Jizzax viloyatiga 2017 yildan buyon Ergash Soliyev rahbarlik qilib kelgandi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» ishdan ketgan.

Mavzuga oid