Sport | 14:00 / 12.09.2017
7958
10 daqiqa o‘qiladi

Kechikkan orzu, aslida «nol» bo‘lmagan «nollar»

«Kristal Pelas» 4 turdan so‘ng bosh murabbiyi Frank De Burni iste'foga chiqarib yubordi. Niderlandiyalik mutaxassis klubda atigi 77 kun ishlab, o‘ziga xos liga antirekordini qayd etdi.

Xo‘sh, bu qadar tez qaror qabul qilgan klub rahbarlari to‘g‘ri qilishdimi? Bu ikki oy Frank De Bur uchun muvaffaqiyatsizlik davri hisoblanadimi yoki xato uchun berilgan jazomi?

Avvalo shuni ta'kidlash kerakki, bosh murabbiy uchun to‘g‘ri jamoa va pallani tanlay olish xususiyati ham katta ahamiyat kasb etadi. Aynan mana shu jihatni his qila olish har qanday murabbiy uchun muvaffaqiyat kalitidir. Hamma joyda, har qanday sharoitda ham yaxshi natija qila oladigan murabbiy dunyoda yo‘q bo‘lsa kerak.

Frank De Bur aslida u qadar yomon mutaxassis emas. U Erdiviziyadagi besh mavsumida «Ayaks»ni to‘rt bora chempion qila olganining o‘zi ham ko‘p narsadan darak. Ammo «Inter»da atigi 85 kundan so‘ng iste'foga chiqarilgan murabbiy yangi tanlovlarda ehtiyot bo‘lishi kerak edi, bunday holatning takrorlanishi uning murabbiylik karerasidagi dog‘ni yanada kattalashtirib yuborishi mumkin edi. Ikki marta, ikki joydan juda erta quvilgan murabbiyga bo‘lgan munosabatda, aksariyat hollarda, endi De Burning o‘zi ayblanadi va hatto uning taqdiri yurtdoshlari Marko van Basten, Frank Raykaard, Ruud Gullit kabi erta yakunlanishi ham mumkin.

Foto: «Kristal Pelas»

«Kristal Pelas» – eng odatiy britan klubi. Asosan himoyaga katta e'tibor qaratadigan, uzun paslar orqali o‘ynashni xush ko‘radigan, ijrochilarning jismoniy jihatlariga urg‘u beradigan haqiqiy ingliz jamoasi. Agar bu faktga, klub rahbarlarining so‘nggi 6 yilda 6 marta murabbiyni iste'foga chiqargani qo‘shilsa, Frank qaysi aql bilan bu ishga bel bog‘laganini tushunish qiyin bo‘lib qoladi.

Albatta, shu o‘rinda, De Burning «Kristal Pelas» rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazganini bilamiz, klubning o‘ziga xosligi, Niderlandiya uslubiga begona ekanini u ham bilgan bo‘lishi tabiiy. Bundan kelib chiqadiki, «Kristal Pelas» rahbariyati jamoani tubdan o‘zgartirishga bel bog‘lagan va shubhasiz, Alan Pardyu, Sem Ellardays kabi sobiq murabbiylardan har tomonlama farq qiladigan Frank De Bur varianti ular uchun uzoq muddatli loyiha edi.

Jyeremi Hosking «Kristal Pelas»ni ko‘proq taktik futbol o‘ynaydigan, to‘pni nazorat qila oladigan, Yevropa futboliga yaqinroq va Yevropa uchun maftunkorroq bo‘lgan jamoaga aylantirishni niyat qilgan bo‘lishi tabiiy. Misol tariqasida, «Everton» namoyon bo‘lgani ham ehtimol. Esingizda bo‘lsa, Roberto Martinesning kelishi «Everton»dagi David Moyyes davriga yakun yasagan, natija e'tibori bilan u qadar yuksalish kuzatilmagan bo‘lsa-da, «Everton» oddiy «yugur-tep» britan jamoasidan jozibali jamoaga aylana bordiki, boshqa bir niderlandiyalik mutaxassis Ronald Kuman qo‘l ostida o‘ynashda davom etmoqda.

Frank De Bur aynan o‘sha talablar asosida ish boshlagani va uzoq muddatli loyiha uchun poydevor qo‘yishga harakat qilgani tabiiy, ammo u 2 jihatni e'tiborga olmadi.

Birinchidan, APLdagi qarshilik saviyasi, o‘yin uslubini e'tiborga olgan holda, bu o‘zgarishlarni asta-sekinlik bilan, natijalarga ham e'tibor qaratgan holda olib borish lozim edi. De Bur ilk turlardan 3 himoyachi bilan yuqori himoyalanishni yo‘lga qo‘ydi. Shu paytgacha butunlay boshqacha o‘ynab o‘rganib qolgan jamoa uchun bu halokatga aylandi.

Ikkinchidan, yangi «Ayaks» qurish uchun mana shunga mos ijrochilar ham kerak bo‘ladi. «Kristal Pelas» tarkibning qiymati e'tibori bilan Yevropada 20-o‘rinda borsa-da, aynan mana shu transfer darichasida Frank De Bur o‘z yo‘nalishidagi futbolchilarni sotib ololmadi. Faqatgina himoyachi Mamadu Sako va «Ayaks»dan yosh himoyachi Jayro Ridevaldni alohida ko‘rsatish mumkin, ammo bu yetarli emas.

Natijada 4 turdan so‘ng «Kristal Pelas»ning qayeriga qaramang, «nollar»dan iborat bo‘lib qoldi. Qo‘lga kiritilgan ochkolar, g‘alabalar, kiritilgan to‘plar – hammasi «0».

Foto: VVS

Ammo vaziyatga chuqurroq qarasak, rostan ham «burgutlar» shu qadar yomon o‘yin ko‘rsatishdimi? Rostan ham Frank De Bur umuman muvaffaqiyatsiz ishladimi? Bu savollarga osongina javob berish mumkin emasligini ko‘ramiz.

Murabbiylar aksariyat hollarda yakuniy natija, oqibatlar uchun ishdan bo‘shatilib yoki ko‘klarga ko‘tarilsa-da, maydonda futbolchilar to‘p suradi. Murabbiyning vazifasi yaxshi natija uchun sabablarni yaratish – shu tomondan qaraydigan bo‘lsak, Frank De Bur u qadar yomon ishlamaganini ko‘ramiz.

Misol uchun, o‘yin sifatini belgilaydigan – darvozaga berilgan zarbalar, aniq zarbalar, to‘p nazorati, aniq paslar va boshqa bir qator ko‘rsatkichlarning birortasi bo‘yicha ham «Kristal Pelas» so‘nggi pog‘onalarda emas, 10-13 o‘rinlarda bormoqda. 

Yoki masalan, xG hisoblash tizimi bor, jamoalarning yaratgan vaziyatlari va ularning xavflilik darajasini aniqlab, koeffitsiyentga aylantirib boradi. Bu borada «Kristal Pelas» kuchli sakkizlikdan joy olgan va hatto «Chelsi»ni ortda qoldirgan. Faqat «Chelsi»da ijrochilarning ancha saviyali ekani o‘sha vaziyatlarni golga aylantirgan xolos.

Har bir o‘yinga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, «Liverpul»dagi o‘yin mustasno — rostan ham o‘sha o‘yinda mezbonlar ancha ustun edi (umuman «Enfild»da boshqacharoq futbol kutish qiyin). De Burning iste'fosini keltirib chiqargan sabablar ichida aynan o‘sha o‘yin yo‘qligiga aminman.

Jamoa shuningdek, «Suonsi», «Haddersfild» va «Byornli»ga imkoniyatni boy berdi. Bu o‘yinlarda Frank De Bur shogirdlari darvozaga 53 bor zarba berishning uddasidan chiqqanini e'tirof etish joiz — o‘rtacha, har o‘yinga 18tadan. Bunday natija APLdagi kuchli to‘rtlikning ichiga kirgan bo‘lardi.

«Suonsi» bilan o‘yinda zarbalar nisbati 16-7, «Haddersfild» bilan 14-9, «Byornli bilan 23-4, lekin bu o‘yinlarning barchasida «Kristal Pelas» mag‘lubiyatga uchradi, birorta ham gol ura olmadi. Murabbiy yana nima qilib berishi mumkin?

Boshqa tarafdan, De Burning atigi 4 o‘yindan keyin iste'fosi unga nisbatan qilingan yaxshilikka o‘xshab ko‘rinadi. Frank endi unga yetarlicha imkoniyat berilmaganini aytishi, yuqoridagi statistik ma'lumotlarni papkaga joylab, tanqidchilarga ko‘rsatishi mumkin. Shu narsa aniqki, agar iste'fo 10 yoki 12 turdan keyin ro‘y berganida, ko‘rsatkichlar bu qadar bo‘lmasdi. Sababi, jamoa keyingi o‘yinlarda «Chelsi», «Manchester Siti», «Sauthempton» va «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushadi va baribir natija borasida vaziyatni o‘nglash ancha mushkul edi.

Xulosa qilish mumkinki, bu vaziyatda hamma xato qildi. Mana shu klubni boshqarishga rozi bo‘lgan Frank de Bur ham, yangi murabbiyga mos transfer kampaniyasini olib borishda muvaffaqiyatli bo‘la olmagan sport direktorlari ham, juda noo‘rin pallada boshqacha jamoani orzu qilgan xo‘jayin ham...

Foto: Stiv Perish. «Kristal Pelas» egasi

Xo‘jayinning orzusi qachondir ro‘yobga chiqar, lekin hozir emas. Roy Hojson keladi va «Kristal Pelas» o‘sha eski ijrochilar bilan eski britancha uslubda Kristian Bentekening boshini qidirishda davom etadi. Biz esa, agar Frank De Burga ko‘proq imkoniyat berilganida, nima bo‘lishi mumkinligini bilmaganimizcha qolaveramiz. Bilmay qolavergan narsalarimiz ham ko‘p, muxlislikning qismati shu, nimayam derdik...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid