O‘zbekiston | 19:55 / 18.09.2017
9878
2 daqiqa o‘qiladi

Microsoft CIS bosh direktori: O‘zbekistondagi AT sohasi rivojiga yangi infratuzilmalar kerak

Microsoft CIS bosh direktori Ronald Benkovski 18 sentabr kuni ICT WEEK 2017 matbuot anjumanida O‘zbekistondagi axborot texnologiyalari sohasi boshqa mamlakatlar, ayniqsa, Qozog‘istonga nisbatan ancha sekin rivojlanayotgani, bu borada muvaffaqiyat va tajribaga erishish uchun AT infratuzilmalarini joriy qilish lozimligini qayd etdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.  

"Men viloyatlarning birida o‘tkazilgan anjumanda ishtirok etganimda auditoriyadan shunday savol kelgan edi: Nima uchun O‘zbekistondagi Axborot texnologiyalari sohasi boshqa mamlakatlar, ayniqsa, Qozog‘istonga nisbatan ancha sekin rivojlanmoqda? O‘zbekiston ham ularning darajasiga yetib oladimi? Bu savolga men "Yo‘q!" deb javob berdim. Qachonki, o‘qish va malaka oshirish uchun AT infratuzilmalari va chegaralari ochilmas ekan, soha biz kutgandek rivojlanmaydi. 

Bugun esa mazkur jarayon amalga oshirilayotganidan xursandmiz. Bu O‘zbekiston uchun rivojlanishning bir necha bosqichlariga birdaniga o‘tishiga katta imkon beradi", deya ta'kidladi  Ronald Benkovski. 

Eslatib o‘tamiz, 18-22 sentabr kunlari Toshkent shahrida ICTWEEK 2017 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi tashkil etiladi. 

2004 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan ICTWEEK Uzbekistan Haftaligi doirasida axborot texnologiyalariga oid sammit hamda forum, 3 kunlik ko‘rgazma, shuningdek, ixtisoslashgan tadbirlar, taqdimotlar, aksiyalar va muhokamalar soha islohotlarini sarhisob qilish, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida natijalarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish, aholini soha yangiliklari bilan tanishtirishda yirik voqea hisoblanadi.

Mavzuga oid