Fan-texnika | 10:10 / 20.09.2017
11880
4 daqiqa o‘qiladi

Apple yangi iOS 11 dasturiy ta'minotini havola qildi

Foto: apple.com

Amerikaning Apple kompaniyasi iOS 11 dasturiy ta'minotining yakuniy namunasini ishlab chiqdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qilmoqda

"Seshanba kuni dunyodagi iPhone va iPad foydalanuvchilari o‘z qurilmalariga muhim yangilanish — iOS 11 ... mobil dasturiy ta'minoti va iPad tarixidagi eng yirik dasturni o‘rnatish imkoniga ega bo‘lishdi", — deyiladi xabarda. 

Yangicha iPad

Foto: apple.com

Ekranning quyi qismida joylashgan ilovalar paneli (dock) ko‘rinishini o‘zgartirib, kompaniya kompyuterlaridagi tasvirni yodga sola boshladi. Apple korporatsiyasining o‘z izohida qayd etishicha, panelga joylangan yoki so‘nggi ishga tushirilgan ilovani boshqa faol dasturlardan avval ishga tushirish mumkin. 

Gap ikki tartib xususida bormoqda. Xususan, slide over tartibida foydalanuvchi go‘yoki yangi ilovaga "nazar tashlaydi", bunda  avvalroq ishga tushirilgan ilova ishlashda davom etadi. Yana bir split view tartibida foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida ikkita ilova bilan ishlaydi. Split view, shuningdek, Safari brauzerida ham ishlash imkonini taqdim etadi. 

Boshqaruv punkti ham sezilarli o‘zgargan (ekranning quyi qismidan chiqariladi). Bundan tashqari, turli ilovalar va sozlamalar timsollaridan tashqari ishga tushirilgan ilovalar ham aks etadi. 

AppStore, Siri va kamera

Yana bir yangilik ilovalar do‘koniga doir. AppStore dizayni keskin o‘zgarishlarga uchragan.  "Bugun", "O‘yinlar", "Ilovalar" kabi bo‘limlar paydo bo‘ldi. "Bugun" bo‘limida kun ilovasi va o‘yini hamda mavzuga doir tanlanmalar taklif etiladi. 

Foto: apple.com

Kompaniya, shuningdek, Siri yordamchisining ovozini ham o‘zgartirdi. ("Salom, Siri" iborasi bilan chaqiriladi). U tabiiyroq va ifodaliroq bo‘lgani ta'kidlanmoqda. Shu bilan birga, Siri inglizcha so‘z va iboralarni xitoy, fransuz, nemis, italyan va ispan tillariga tarjima qilishni ham o‘rgandi. 

Kameraning "Portret" tartibi, endilikda, optik barqarorlashtirgich, HDR va True Tone yoritqichini qo‘llab-quvvatlaydi. Barcha foto va video yangi dasturiy ta'minotda yangicha formatlarda saqlanadi va qurilma xotirasida ikki marta kamroq joy egallaydi. "Kamera" ilovasida QR-kodlar va hujjatlarni skanlash imkoniyati taqdim etilgan. 

Xarita, haydovchi tartibi va qo‘shimcha reallik

Foto: apple.com

Bu hali hammasi emas. Apple shu kuz mavsumida "Xaritalar"ga dunyoning turli shaharlaridagi yirik savdo markazlari va aeroportlari, xususan, Londondagi Hitrou, Amsterdam, Las-Vegas, Los-Anjyeles, Mayami, San-Xose va Filadelfiyadagi aeroportlarni joylashtirishni rejalashtirgan.

iOS11 DTda "Haydovchini bezovta qilmang" tartibi ham paydo bo‘ldi. Uni ishga tushirgan  iPhone egasi ogohlantirishlarni olmaydi. Transport vositasini boshqarish chog‘ida ekran o‘chiq holda bo‘ladi. Foydalanuvchi yana iMessage ilovasida avtojavobni sozlashi ham mumkin. 

Yangi DTga qo‘shimcha reallik texnologiyasi ham kiritilgan. Bunda qurilma egasi kamera yordamida real hayotdan olingan suratga virtual kontentni qo‘sha oladi. 

Xo‘sh, bu yangilanish qaysi qurilmalar uchun?

iOS 11 dasturiy ta'minotini iPhone 5s va undan keyin ishlab chiqilgan qurilmalar, iPad mini 2, 3 va 4, Air va Air 2, beshinchi avlod iPad, iPad Pro planshetlarining barcha turlari, oltinchi avlod iPod Touch egalari yuklab olishlari va foydalanishlari mumkin. 

Mavzuga oid