Sport | 15:10 / 20.09.2017
25019
9 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘tarma pullari» o‘zbek futboliga kerakmi?

Shunaqa tizim bor. Mavsum yakunlangandan so‘ng, hech qaysi klub bilan shartnomasi bo‘lmagan, ya'ni erkin agentga aylangan futbolchi yangi jamoaga o‘tish uchun «ko‘tarma puli» oladi. Klub biror futbolchini boshqa klubdan sotib olishi uchun transfer qiymatini to‘lashi kerak – erkin agentni qo‘lga kiritadigan jamoa esa, bunday harajatni amalga oshirmaydi. O‘rniga, qaysidir ma'noda transfer qiymati futbolchining o‘ziga to‘lanadi.

Necha yildirki, «ko‘tarma pullar» haqida futbol jamoatchiligida salbiy fikrlar yuradi. Rivojlanish yo‘lida chopib ketayotgan o‘zbek futboli oyog‘ida bolta urayotgan unsurlardan biri sifatida ko‘p bor tilga olinadi.

Albatta, bu usul futbolchilarni dangasa qilib qo‘yayotgan, ishtiyoqni o‘ldirayotgan, noqonuniy pul aylanmasini yaratayotgan bo‘lishi mumkin, buni inkor qilmayman, lekin vaziyatga chuqurroq qarab ko‘rganda, men «ko‘tarma pullar» illatlarning sababi emas, oqibati ekanini, avvalo, sabablar bilan kurashish maqsadga muvofiqligini aytgan bo‘lardim.

Avvalo, yilning boshida katta pul olish futbolchilardagi ambitsiyalarni o‘ldirishi haqida. Bu fikrga qo‘shilmayman. Bizda aytaylik, klublar g‘alaba yoki durang uchun futbolchilarga alohida mukofot pullari berishadi. Mukofot summasi maosh bilan taqqoslaganda, yaxshigina mablag‘ bo‘ladi. Yevropada esa, futbolchilar shartnomada fikslangan summani olishadi. Jamoa g‘alaba qozonadimi, futbolchi maydonga tushadimi yoki yo‘qmi, bu maosh sezilarli ravishda o‘zgarmaydi. Hatto yakunda chempionlik uchun beriladigan bonus pullar ham maosh bilan taqqoslaganda juda kam. Lekin ko‘ryapmizki, motivatsiya bobida yevropalik futbolchilarda muammo yo‘q. Pulning miqdori futbolchining harakatlariga ta'sir qilar ekan, gap pulning miqdorida emas, futbolchining qadriyatida emasmi?

«Ko‘tarma pullar»ning mazmuniga qarasak, bunday tizim aslida o‘sha Yevropa futbolida ham mavjud ekanini ko‘ramiz. Erkin agentga aylangan futbolchilar, agar ularga talab yuqori bo‘lsa, takliflarning aynan moliyaviy qismini o‘rganishlari va yaxshiroq shartnomalarga ega bo‘lishlari mumkin. Masalan, Dani Alvesh «Yuventus»dagi shartnomasi yakunlangach, erkin agentga aylandi. U «Manchester Siti» va «PSJ» o‘rtasida tanladi, oqibatda, shartnoma uchun kattaroq bonus taklif qilgan Parij jamoasi futbolchini qo‘lga kiritdi. Biz yomon ko‘radigan «ko‘tarma pullari»ning aynan o‘zginasi, to‘g‘rimi?

Xo‘sh, nega Yevropada bunday tizim keng yoyilmagan?
Sababi oddiy, birinchidan, shartnomalar bir necha yilga tuziladi. Ikkinchidan, klublar talabgorlari ko‘p bo‘lgan futbolchilarining erkin agentga aylanishlariga yo‘l qo‘yishmaydi. Shartnoma muddati oxiriga yaqinlashgach, imkon qadar yangi shartnoma tuzib, muddatni uzaytirishadi. Yoki futbolchi tekinga ketib qolmasidan, arzonroqqa sotib yuborishga harakat qiladilar. Shu tufayli, Yevropa futbolida asosan klublar o‘rtasidagi transfer savdolarini ko‘ramiz, «ko‘tarma pullar»ga misol topish qiyin. Har yilgi erkin agentlarning ruyxatiga qarasangiz, ko‘pincha, o‘z davrini o‘tab bo‘lgan, talabgor klublar ko‘p bo‘lmagan futbolchilarni ko‘rasiz.

Nega bizda shartnomalar ko‘p yilga tuzilmaydi?
Ana endi, muammoning asosiy nuqtasiga yetib keldik. E'tibor bersangiz, shakllangan futbolchilar bilan ko‘p yillik shartnomalar asosan moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lgan poytaxt klublarida kuzatiladi. Yoki hali o‘zini ko‘rsata olmagan va har qanday taklifga rozi bo‘ladigan yosh futbolchilar bilan. Futbolchilar boshqa klublar bilan ko‘p yillik shartnoma tuzishni istashmaydi.

To‘g‘ri, har yili erkin agentga aylanish va «mo‘may ko‘tarma puli»ni olish ancha foydali ko‘rinadi. O‘rtamiyona, ko‘chmanchi futbolchilar uchun bu eng maqbul yo‘l ekanini inkor qila olmaymiz. Ammo agar o‘sha futbolchilarga «Lokomotiv» ko‘p yillik shartnoma taklif qilsa, rozi bo‘ladilarmi? Menimcha, ha.

Viloyatlardagi aksariyat klublarimizga qarasangiz, moliyaviy beqarorlikni ko‘rasiz. Yil boshidagi smeta yil oxiriga to‘g‘ri kelmaydi. Aksariyat hollarda belgilangan smeta yetarlicha moliyalashtirilmaydi. Natijada, maoshlardan katta miqdordagi qarzdorliklar yuzaga keladi. Ko‘pincha, futbolchi shartnomada belgilangan ish haqini to‘liq ololmaydi, yil oxiriga borib, katta miqdordagi summadagi maoshlar yig‘ilib qoladi. Chempionatdagi o‘z vazifasini hal qilgan klubda esa, yil boshidagi ambitsiyalardan asar ham qolmagan bo‘ladi. Hatto, g‘alabalar uchun mukofot pullaridan qochib, jamoaning yutqazishini istashlari ham bor gap. Yakunda oltinchi o‘rin qo‘lga kiritildimi yoki o‘n ikkinchimi, unchalik farqi yo‘q. Maoshidan katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelgan futbolchi esa, yanagi yili baribir jamoani tark etadi. Shartnomasi tugash arafasida. Klub o‘sha qarzni bergisi kelmay qoladi. Balki maoshning ba'zi qismi vedomostdan tashqarida kelishilgani uchun, qonuniy tarafdan ham futbolchi o‘sha yil boshida va'da qilingan pullarni talab qila olmaydi. Oqibatda, ikki taraf savdolashib, kamroq summaga futbolchi rozi bo‘lishi mumkin.

Aytmoqchimanki, yil boshida klub va futbolchi bilan kelishuvda ko‘rsatilgan yillik maoshlar, mukofot pullari to‘liq to‘lanmaydi. Masalan, «Sho‘rtan» klubida legioner futbolchisidan qarzdorlik yuzaga kelgani yuzasidan hatto FIFA ham aralashdi. Avvalroq, «Dinamo», «Buxoro» yoki «Neftchi»da bu masalalarda janjalli holatlarga guvohi bo‘ldik, yana bir qancha bizgacha yetib kelmaganlari bor.

Endi savol tug‘iladi, nafaqat bir necha yil, hatto bir yillik smetasi ham hali to‘liq kafolatlanmagan, yil oxiriga borib nima bo‘lishi noma'lum bo‘lgan klub bilan uzoq muddatli shartnoma tuzishni qaysi futbolchi istaydi? Ahmoqlik bo‘lmaydimi bu?

Yil boshida yangi klubga o‘tayotgan va albatta, kallasining bir chekkasida yil oxiriga borib, vaziyat yomonlashishini, balki maoshlarini ololmasligini ham bilgan holda futbolchi taklifga rozi bo‘ladi. Axir kasb, bola-chaqani boqish kerak, nima qilsin? Har bir oddiy futbolchiga, zo‘r bo‘lsang, ana Rossiyaga bor, Yevropaga bor, Messi bo‘l, deb maslahat beravermaymiz-ku? Futbol tizimi nafaqat yulduz futbolchilarni, balki oddiylarni ham boqishi, ta'minlashi kerak, to‘g‘rimi?

Bu holatda «ko‘tarma pullar» futbolchining joniga oro kiradi. O‘sha yil boshida u oladigan katta summa o‘sha yilning ikkinchi yarmidagi yo‘qotishlar uchun sug‘urta vazifasini o‘taydi. Oxirida klub maoshdan qaysidir qismini bergisi kelmay qolganida ham, futbolchi o‘sha yil boshida olgan «ko‘tarma puli» tufayli, o‘z holatini saqlab qoladi. Kelasi yili yana «ko‘tarma puli» beradigan yangi jamoa izlashga majbur. Afsuski.

Futbolchining maoshini, tomonlarning shartnoma shartlarini bajarishlari bilan bog‘liq holatlarni o‘rganuvchi, futbolchilarni klublardan himoya qilishi kerak bo‘lgan kasaba uyushmalarining faoliyatlari ko‘ngildagidek emas. 

Jarayonning bu tomonlarini to‘liq hal qilmay turib, «ko‘tarma pullari»ga qarshi kurashish, go‘yoki ochidan o‘layotgan odamdan cho‘chqa go‘shtini qizg‘onishdek gap. Bu noto‘g‘ri.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid