Jamiyat | 17:30 / 24.09.2017
90075
5 daqiqa o‘qiladi

«Nega u ish joyida emas?» - Andropovdan qolgan kasallik

Foto: gregorybknapp

Sobiq Sovet davlatida antiqa bir udum saqlanib qolgan edi: saylangan rahbar umrining so‘nggi daqiqalarigacha faoliyat olib boradi. Uning motam marosimini tashkil etish komissiyasiga boshchilik qilgan shaxs keyingi rahbar bo‘lgan. Brejnevning dafn marosimida Mavzoley minbariga chiqib nutq so‘zlagan Yuriy Vladimirovich Andropov horg‘in, ammo kelajakka boqib turgan tetik yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi. Aynan u partiya yetakchiligiga da'vogarlik qilayotgandi. 1982 yil davomida, umuman uning faoliyat davri mobaynida Andropov serg‘ayrat va mehnatkash kishi sifatida atrofdagilarga o‘rnak bo‘lishga harakat qilgan. Har kuni soat 9:00da ish joyida hozir bo‘lgan rahbar turli yumushlar bilan kechki soat 11:00ga qadar xonasida qolib ketgan kunlar ko‘p bo‘lgan.

Yakshanba kunlari idora kotibi va xodimlariga javob berib yuborsa ham, odatiga sodiq qolgan Yuriy Vladimirovich ish stolidan nari keta olmagan. Bu davrda uni Podmoskovya daraxtzorlarida sayr qilib yurishi, kech tushmasidan uyga erta qaytganiga guvoh bo‘lganlar juda kam. O‘rmondagi daraxtlarni sevgan Andropov ko‘p marotaba u joyda yashab qolishni, nafaqaga chiqqanda esa xotira kitobini tabiat qo‘ynida tugallashni orzu qilardi.

Har kuni Andropov bir talay hujjatlar bilan muntazam ishlashga to‘g‘ri kelgan, shundan bo‘lsa kerak, uning bir sutkada 600 sahifali matnlarni o‘qib chiqqaniga shubha qilmasak bo‘lar, ammo...

Uning harakatchanligi va ko‘p vaqt ishda qolib ketishi yemirilib borayotgan kasalligini yanada tezlashtirdi. Shunga qaramay, u murakkab bir davrda SSSR davlatini olg‘a boshlab borish uchun ko‘proq mehnat qilish kerak, deb ishongan. «Ogonek» jurnalida xirurg, akademik Petrovskiyning «Hokimiyat va sog‘liq» nomi ostida chop etilgan maqolasida shunday deyiladi: «Atrofdagi hodisalarga qay ko‘z bilan qarash rahbarning ishchanligi, bir to‘xtamga kela olishidan tashqari, uning sog‘lig‘iga ham bog‘liq. Davlat boshqaruvi va rahbarning sog‘lig‘i o‘rtasida so‘zsiz aloqadorlik mavjud».

Yuqorida ta'kidlanganidek, hech kim sovet hukumatidan o‘z xohishiga ko‘ra «ortga» qaytmagan. (Ayrim juz'iy istisnolar hisobga olinmasa, bunday hodisaning o‘zi bo‘lmagan) Andropovning partiya yetakchisiga aylanishi inson hayoti bilan o‘ynashish bo‘libgina qolmay, qolganlar uchun ziyon yetkazishini barcha anglashi lozim edi.

Germaniya Federativ Respublikasida 15 yildan ortiq vaqt mobaynida yirik islohotlarni amalga oshirgan Konrad Adenauer o‘z vazifasiga kirishganda 73 yoshda edi, Franklin Delano Ruzvelt esa nogironlar aravachasida qolib ketganiga qaramay, AQSh prezidentligiga to‘rtinchi marta saylangan yagona rahbar bo‘lib tarixda qoldi. Xitoyning yangi qiyofasini yarata olgan Den Syaopin ham 74 yoshida (1978 y.) amaliy harakatlarni boshladi.

Gap bu yerda, Andropovda paydo bo‘lgan qariyaning injiqligi yoki psixik egoizm haqida ketmoqda. Rahbarning psixofiziologik holati yomonlashib qolgani noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga olib keldi.

Masalan, Andropov davrida xodimlarning ish vaqti tugashi bilan uyga ketishi qattiq qoralana boshlandi. Barcha uchun oddiy ko‘ringan jarayon, mohiyatan murakkab, kechalar esa qizg‘in ish davom etadigan jarayonga aylandi. Davlat idoralari, rahbar qabulxonasi, mahalliy hokimiyat vakillari sovetlar yetakchisidan o‘rnak olib ish tartibini tubdan o‘zgartirishga harakat qilishdi. Vaholanki, ushbu ish soatlari uchun maosh to‘lanmaydi, xodimlarning sog‘lig‘i va shaxsiy hayoti hech kimning parvoyiga ham kelmagan.

Bu og‘riqli muammo ayrim post-sovet tuzilmalarida uchrab turgani, albatta, achinarli vaziyat. Ishdan keyin kechki sayrga chiqishlar, oila davrasida kino tomosha qilish faqat g‘arb madaniyati uchun xosmi?. Balki ish soati tugagach, ofisda «timirsikalanib» yo «ivirsib» yurgan xodimning maoshidan ushlab qolinsa, u ham barcha ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishga odatlanar?

Ko‘p vaqt mehnat qilish - samarali natijani qo‘lga kiritish garovi emas. Shunday ekan, bu masalaga jiddiy qarab, masalaga nuqta qo‘yish payti yetib keldi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid