Jahon | 21:30 / 28.09.2017
4414
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Puerto-Riko uchun savdo cheklovlarini bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp "Mariya" dovulidan aziyat chekkan Puerto-Riko uchun savdo cheklovini bekor qildi. Bu haqda Tramp matbuot kotibi Sara Sanders ma'lum qildi. 

"Puerto-Riko gubernatori Rikardo Rossello murojaati bilan prezident Puerto-Riko uchun Jons qonuni amal qilishini bekor qilishga ruxsat berdi. Ushbu qaror darhol kuchga kiradi", deb yozgan Sanders tvitterda.

Jons qonuni deb ataluvchi kemachilik haqidagi qonun 1920 yil qabul qilingan. U AQSh portlari orasida savdoni amalga oshiruvchi kemalar AQShda qurilgan bo‘lishi, amerikaliklarga tegishli bo‘lishi va ekipaji amerikaliklardan tuzilgan bo‘lishini talab qiladi. Bu qonun  Birinchi jahon urushidan keyin ichki bozorda raqobatni cheklash va bir vaqtda yangi urush holatida yordamchi sifatida qo‘llash mumkin bo‘lgan keng savdo flotini yaratish uchun qabul qilingan.

Qonun tarafdorlari bu qonun AQShda ishchi o‘rinlari tashkil etishga yordam berishini aytib keladilar. Unga qarshilarning fikricha, bir asr avvalgi qonun raqobatning keraksiz pasaytirilishi va yetkazib beriladigan mahsulotlar narxlari oshishiga olib keladi.

"Mariya" dovuli oqibatida Puerto-Rikoning 97 foiz aholisi elektr energiyasiz qolmoqda, suv esa yarim aholida bor.

Mavzuga oid