Sankt-peterburglik ayol 92 yoshida GTO me'yorlarini topshirdi
Sankt-peterburglik ayol Tamara Lisenko 92 yoshida GTO (Gotovsya k trudu i oborone) me'yorlarini topshirdi va buni Umumrossiya jismoniy tarbiya-sport majmuasi doirasida qila olgan Rossiyaning eng keksa ayoliga aylandi. Lisenko Xalqaro keksalar kuni arafasida 29 sentabrda o‘tgan, Sankt-Peterburgning Moskva tumani ma'muriyatida GTOning oltin nishonlari egalari uchrashuvida ishtirok etdi.
3 oktabrda 93 yoshini qarshilaydigan Lisenko gimnastika bilan bajonidil shug‘ullanishi va o‘zini yaxshi his qilishini aytgan. "Men hech narsadan uyalmayman, qancha yashasam, shuncha yashayman. Men ko‘p mashq qilaman va o‘zimni yaxshi his qilaman. Gimnastika bilan shug‘ullanishdan tashqari, she'riyat kechalariga boraman, she'riyatni yaxshi ko‘raman", deb aytgan serg‘ayrat ayol.
"Gotov k trudu i oborone" (GTO) Umumrossiya jismoniy tarbiya-sport majmuasi Rossiya aholisining turli guruhlarini jismoniy tarbiyalash tizimining dasturiy va me'yoriy negizi hisoblanadi. Majmua fuqarolarning jismoniy tayyorgarligiga talablarni belgilaydi va belgilangan me'yorlarga tayyorlanish va ularni bajarishni ko‘zda tutadi.