Sport | 18:48 / 01.10.2017
14266
9 daqiqa o‘qiladi

Darsliklarga kiritilishi lozim bo‘lgan o‘yin uslubi. Gvardiola jamoasining kechagi g‘alabasi tahlili

Foto: Reuters

Angliya premer-ligasning 7-turida mavsumning eng markaziy uchrashuvlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Gvardiola va Konte o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi.

O‘yin oldidan

«Bu «Siti»ni to‘xtatib qolish mumkinmi? — Angliyaning markaziy nashrlari APLning eng markaziy uchrashuvi oldidan eng ko‘p ishlatgan sarlavha aynan shunday ko‘rinish olgandi. Angliyadagi birinchi mavsumni yangi muhitga moslashish uchun sarflab yuborgan va natijada barcha sovrinlarni qurbon qilgan Gvardiola yangi mavsumda chempionlik uchun eng asosiy da'vogar ekanini isbotlab kelmoqda. Oddiy statistik misol «Siti» APLdagi so‘nggi uch urashuvni jami 16:0 hisobida, barcha musobaqalaridagi so‘nggi 6 uchrashuvni esa 24:1 hisobidagi to‘plar nisbati bilan g‘alaba qozongandi. Bu istalgan muxlis-u mutaxassisning e'tiborini tortishi tabiiy edi.

«Manchester Siti» o‘tgan yilni ham xuddi shunday boshlagandi», deb, «Siti»ning bo‘lajak o‘yinlarida pasayish yuzaga kelishiga ishongan Konteda balki bunga asos ham bo‘lgandir. Chunki «Chelsi» ham yaxshi sport formasiga kirib olgandi. Jamoa va nihoyat o‘ziga mos yangi «Drogba», yangi «to‘qqizlik» hujumchi — Alvaro Moratani topgandi. Ispan hujumchisi yangi jamoaga kelib qo‘shilganidan buyon kiritilgan deyarli barcha gollarda bevosita ishtirok etishga ulgurdi. Tarkib ham ancha o‘ziga kelib olgandi Azar asta-sekin formaga kirib bormoqda, birgina David Luiz diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. «Manchester Siti»da bu borada yo‘qotishlar ancha jiddiy edi. Dunyoning eng qimmat himoyachisi Mendi aprelga qadar safdan chiqqan bo‘lsa, Aguero Niderlandiyadagi avariya sabab jamoaga yordam bera olmaydi. Jamoa sardori Vensan Kompani esa deyarli bir oydan maydonga tushmayotgandi.

Konte g‘oyasi

David Luiz safda yo‘qligi natijasida Konte orqa chiziqda sezilarli o‘zgarishlar qilishiga to‘g‘ri keldi. Himoya markazi Keyhill, Ryudiger, Kristensen uchligiga ishonildi. Lateral rolini Aspilikueta va Markos Alonso egalladi, kerak vaqtda Fabregas ko‘proq himoyaga yordamchi vazifasini bajardi.

Kontening asosiy maqsadi maydon markazidagi ustunlikni berib qo‘ymaslikdan iborat edi. Shu maqsadda Bakayoko va Fabregas o‘rtaga joylashtirildi, ammo raqib uslubidan kelib chiqib ular ancha chuqur, himoyaga juda yaqin o‘ynashdi. Jamoaning o‘tgan yilgi chempionligidagi asosiy qurol Ngolo Kante salkam chap qanot vingeri vazifasida ko‘proq ko‘rinish berdi. Albatta vaqti-vaqti bilan Sesk va Kante joy almashib turishdi (1-rasm), ammo vazifa o‘zgarmagandi — «Siti»ga markaz bo‘ylab o‘tkir paslar berishga imkoni bermaslik.

Bu o‘rinda asosiy cheklanishi kerak bo‘lgan obekt Jon Stounz va Fernandino o‘rtasidagi markaz bo‘ylab boshlanajak hujumlarni cheklashdan iborat edi. Morata o‘yindan chiqib ketguniga qadar Azar bilan bajargan birlamchi vazifasi (2-rasm) aynan shu ish bilan shug‘ullanish edi.

Jon esa qanot bilan to‘p oshirishga majbur bo‘lganida esa, «Siti» tarkibida nisbatan yaxshi pas bilan o‘ynay olmaydigan (qanchalik g‘alati eshitilmasin shunaqasi ham bor) Otamendi yoki Kayl Uokerga to‘p oshirilgan vaqtda yuqori pressing ikki hissa (3-rasm) oshiriladi.

Morata jarohat olgan vaziyatda esa Konte uning o‘rniga bir xil funksiya bajaradigan Batshuayini emas universalroq va tezkor Villianni o‘yinga qo‘yishga qaror qildi. Bu «Siti» himoyasiga nisbatan pressingni tezlashtirishi va kuchaytirgani rost, ammo markaziy himoyachilar va Seskda maydon markazi bo‘ylab to‘pni oshirib berish uchun hech kim qolmagandi. Morata maydonda bo‘lgan paytda esa Kontening markaz bo‘ylab hujum tashkil qilish rejasi aniq ko‘rinib turgandi. Kerak bo‘lsa, Morata Sesk o‘rnida, Sesk Morata o‘rnida (4-rasm) paydo bo‘lishi mukmkin edi.

Ikkinchi bo‘limda «Chelsi» Azar markaziy hujumchi rolida bo‘lgan 3-6-1 sxemasiga butunlay o‘tib oldi (5-rasm). Natija — raqib jarima maydonida deyarli nolga teng foydali ish koeffitsiyenti.

65-daqiqaga kelib «Siti» ikki «yashirin» (ruschasiga — lojnyy) fulbeklar yordamida butunlay ustunlikni qo‘lga olganida, Konte xatosini tushunib yetgandek o‘zgarishga tayyorlanayotgandi, ammo ulgurmadi. Bir soatdan oshiqroq vaqt davomida «Chelsi» baland bo‘yli himoyachilari ortida qolib ketayotgandek ko‘ringan Jyezus De Bryuyne bilan «devor uslubi»ni ajoyib tarzda bajardi (6-rasm) va «Siti»ning «malla javohiri» ikki oyoqda ham bir xil zarba bera olish ustunligidan foydalanib hisobni ochdi. 

Konte o‘tkazib yuborgan goldan so‘ng zaxiradan o‘zgarish qilishga qaror qildi. Avvaliga tushishi lozim bo‘lgan futbolchi o‘rniga Pedro tanlandi, shuningdek Mishi Batshuayi ham o‘yinga qo‘yildi. Ammo Pedroning maydon markazini haminqadar ushlab turgan Bakoyoko o‘rniga tushirilishi, «Siti» uchun ayni muddao edi. Endi Gvardiolaning o‘ylab qo‘ygan barcha rejalari o‘xshayotgandi.

Gvardiola g‘oyasi

Gvardiola birinchi daqiqalardan «Chelsi» markaz bo‘ylab hujum qilishga imkon bermasligini yaxshi bilardi. Shu ma'noda u ikkita taktik yurish qildi. Birinchidan, Stounzni «yashirin» tayanch yarim himoyachisiga aylantirish va kerak bo‘lsa, Fernandinodanda oldinga chiqib o‘ynashini ta'minlash va aynan u orqali De Bryuyne va David Silvani izlab topish edi. Natijada, aynan Jon uchrashuvda eng ko‘p va eng aniq pasni (7-rasm) amalga oshirgan (80ta pas, 78ta aniq pas) futbolchi (Squawka ma'lumoti) bo‘ldi.

Ikkinchi taktik reja bu Gvardiola joriy mavsumda eng ko‘p ishlatayotgan «yashirin» fulbeklar orqali o‘yinni tashkil qilish edi. Uoker va Delf (ayniqsa Delf) fantastik darajadagi ish ko‘lamini namoyish etdi va ular orqali Fernandino va Stounz himoyadan boshlangan hujumlar vaqtida raqib pressingidan (8-rasm) osonlik bilan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi.

«Chelsi» asosiy e'tiborini markazni cheklashga qaratgan vaziyatda «Siti» qanot yaqinida o‘zining sevimli «uchburchak» uslubini (9-rasm) qo‘llashga harakat qildi.

Bu epizodda Silva xavfli yurishni davom ettirgan bo‘lsada, aslida qanotlar bo‘ylab hujumga otlangan Sane yoki Sterlingda juda katta bo‘sh zonalar yuzaga kelayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bunda ikkita variant bo‘ladi. Silva (yoki o‘rnida De Bryuyne) o‘zi xavf tug‘dirishi yoki Sterling (yoki Sane) orqali o‘tkir hujumni rivojlantirishi mumkin. (10-rasm) «Chelsi»ga qarshi o‘yinda bir necha marotaba bu holat takrorlandi. Umuman «Siti»ning bu mavsumdagi juda ko‘p o‘yinlarida bu holatni kuzatishimiz mumkin.

Gol kiritilgan vaziyat

Gvardiola «Chelsi»ning markazni bir muddat bo‘sh bo‘lishini kutdi. Bir soatga yaqin vaqt davomida qanotlar orqali hujumni rivojlantirishga uringan «Siti» o‘sha vaziyatda Fernandino De Bryuyne va Gabriel Jyezus kombinatsiyasini aynan maydon markazidan uyushtirishdi. Bu o‘rinda Jyezus va De Bryuynening qariyb 6 nafar «Chelsi» himoyachilari orasidan (6-rasm) yaratgan vaziyati tahsinga sazovor.

Gvardiola bu kecha zaxiralar bo‘yicha ham Konteni mag‘lubiyatga uchratdi. Charchab qolgan Silva va qanot bo‘ylab yugurgan Leroy Sane o‘rniga mos ravishda Bernardu Silva va Ilkay Gundo‘g‘an tushirildi. Hisobda oldinda borayotgan jamoa uchun to‘pni yaxshi nazorat qila oladigan bundan yaxshi zaxira futbolchilarini topish mumkinmi? Har xolda bu kechada emasdi.

Azamat Murodov tayyorladi

Mavzuga oid