Jahon | 20:10 / 04.10.2017
16697
4 daqiqa o‘qiladi

Erkin sotish kasofati. Peddok 1 yilda 33ta qurol xarid qilgan

(Foto: John Raoux / AP)

Las-Vegasda musiqa ixlosmandlarini o‘qqa tutib, 59 kishini o‘ldirgan Stiven Peddok 2016 yilning oktabridan 2017 yil sentabrigacha bo‘lgan muddatda 33ta o‘qotar qurol sotib olgandi. Shundan asosiy qismi miltiq bo‘lgan. Bu haqda CBS telekanaliga bergan intervyusida Alkogol, tamaki, o‘qotar qurollar va portlovchi moddalarni nazorat qilish byurosining (ATF) maxsus agenti Jil Snayder ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat Peddok yiqqan qurollar haqida hech narsa bilmagan, chunki qonun qurol savdogarlaridan mijozlar faqat birdaniga bir nechta to‘pponcha sotib olganida huquq-tartibot organlari xodimlarini ogohlantirishni talab etadi.

«Bunday talab qo‘yadigan bironta federal qonun yo‘q», — deya javob bergan Snayder nega qurol sotuvchilar bir nechta vintovka xarid qilgan kishilar haqida ma'lumot yetkazishmagani bo‘yicha berilgan savolga.

Peddokning mehmonxonadagi nomeridan (u shu xonada xunrezlikni amalga oshirgach, o‘zini ham otib tashlagan) 23ta o‘qotar qurol topildi. Uning Las-Vegas yaqinidagi uyidan ham qariyb yana shuncha qurol va minglab patronlar hamda portlovchi qurilmalar topilgan.

Nevada qonunlariga ko‘ra, shuncha qurol-aslahaga egalik qilish jinoyat hisoblanmaydi. Bu shtatda vintovka va miltiq ko‘tarib yurish uchun ruxsatnoma ham talab qilinmaydi, ruxsatnoma faqat pistoletlar va revolverlar uchun so‘raladi, shtatning doimiy aholisi hujjatlarsiz ham qurol sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bu holatda qurol egasi qurolini kiyimi ortiga yashirmasdan, ochiq holda olib yurishi kerak.

AQShda jismoniy shaxslar yangi avtomatlar, pulemyot yoki boshqa turdagi avtomatik qurolni sotib olishi taqiqlangan, ammo 1986 yilgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarilgan qurollarni erkin sotib olish mumkin. Hozircha Peddokda avtomat bo‘lgani aniq emas. Mehmonxonadan topilgan 12 dona qurolga ularning tez otish darajasini avtomat darajasigacha oshiradigan maxsus qurilmalar o‘rnatilgandi. Soyli miltiq (vintovka), sochma o‘qli ov miltig‘i va to‘pponchalarni Peddok Nevada, Yuta, Kaliforniya va Texas shtatlarida sotib olgan.

Las-Vegasdagi fojia AQSh tarixidagi eng yirik ommaviy qotillik bo‘ldi. Shu vaqtgacha 2016 yili Omar Matin tomonidan Orlandoda sodir etilgan ommaviy qotillik eng yirik ommaviy qotillik sanalardi. U o‘shanda tungi klubga bostirib kirib 49 kishini o‘ldirgan va 50 kishini jarohatlagandi. Peddokning qurbonlari soni kamida 59 nafar, yana 516 kishi hujum vaqtida olingan jarohatlar tufayli shifoxonaga tushgan.

2 oktabr kuni IShID Peddokni o‘z askari deb atadi va ushbu hujum uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Ammo keyinchalik FQB Peddok va bu tashkilot o‘rtasida aloqadorlik yo‘qligini ma'lum qildi.

Bu voqealardan keyin AQSh Prezidenti Donald Tramp hukumat, ehtimol, qurolning erkin sotilishi haqidagi masalani muhokama qilishini aytdi. 

«Qurol aylanmasi va qurol saqlash ustidan nazorat muhokamasi haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp muhokama, ehtimol, boshlanishini, ammo bu hozir bo‘lmasligini aytdi.

Mavzuga oid