Jahon | 22:00 / 12.10.2017
40000
2 daqiqa o‘qiladi

Hayratomuz kashfiyot: Vikinglar islom dini ta'sirida bo‘lganiga isbot topildi

Foto : The Trustees of the British Museum

Shvetsiyalik arxeologlar 10-asrga mansub vikinglar qabrlarida Allohga hamdu-sanolar bitilgan mato bo‘laklarini aniqlashdi. Olimlarning aytishicha, bu topilma vikinglarning islom bilan yaqinligini ko‘rsatuvchi "aqlbovar qilmas kashfiyot"dir, deb yozmoqda The Independent nashri.

Dastlab qabrda topilgan shoyi mato bo‘laklari vikinglarning oddiy bezagi deb hisoblangan. Biroq topilgan matolar Uppsala universiteti arxeologi Annika Larsson tomondan qayta ko‘zdan kechirilganda, ularga tushirilgan yozuvlar o‘zidan arab hattotligining eng qadimiy ko‘rinishi bo‘lgan kufiy yozuvini aks ettirishini ko‘rsatgan. Yozuvlar erta o‘rta asrlarga tegishli ikkita alohida qabrdagi kiyimlarda aniqlangan, bu esa vikinglarning dafn marosimlariga islom dini kuchli ta'sir qilganidan darak beradi. Bu qabrlar Birke va Uppsala shaharlarida topilgan.

Matolarda Allohga hamdu-sanolar bitiklaridan tashqari, Muhammad payg‘ambarning (s.a.v.) kuyovlari va izdoshlari Ali ibn Tolib haqida eslatmalar ham keltirilgan.  

Foto : Anniki Larsson

Olimaning aytishicha, bu yozuvlar musulmon dunyosidan g‘arbda topilgani "hayratomuzdir". Uning ta'kidlashicha, qadimiy skandinavlar islomning o‘limdan keyin jannatda abadiy hayot haqidagi g‘oyalari ta'sirida bo‘lganlar.

Yana bir qiziq holat shu bo‘ldiki, "Alloh" so‘zi aksicha yozilgan. Taxmin qilinishicha, bu yozuvlarni chapdan o‘ngga o‘qiy olish maqsadida qilingan. 

"Qur'onda jannatiylar shoyidan tikilgan kiyimlarda yurishlari yozilgan. Bu esa vikinglar qabrlarida yozuvlar bilan birga shoyi matosining borligini tushuntirishi mumkin. Bu mato ham erkaklar, ham ayollar qabrlarida birdek tarqalgan", deb aytmoqda olima.

Taxmin qilinishicha, ushbu matolar qadimgi Eronda va O‘rta Osiyoda tayyorlangan.

Mavzuga oid