O‘zbekiston | 14:43 / 07.11.2021
15967
7 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l qoidalariga amal qilish vojib – Islomda yo‘l harakati fiqhi kitobi muallifi bilan suhbat

Hasanxon Yahyo Abdulmajid Islom dinida yo‘l harakati qoidalari ahamiyati borasidagi suhbatda yo‘l qoidalariga amal qilish – shariat maqsadlariga muvofiqligini ta’kidladi.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid / Foto: Kun.uz

So‘nggi vaqtlarda atrofimizda yo‘l-transport hodisalari haqidagi xabarlar shunchalik ko‘paydiki, agar yaqinlarimizga taalluqli bo‘lmasa, ularni e’tiborga olmaydigan holatga keldik.

Ming afsuski, buning ortidan yuzlab insonlar vafot etayotgani yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolayotgani ham, qoidalarga rioya qilishga chaqirayotgan mutaxassis va mas’ullar ham boshqalarga dars bo‘lmayapti. Ko‘plar haligacha yo‘l qoidalariga amal qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Haydovchilar va piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi, yo‘llardagi nosozliklar, ba’zida mas’ullarning e’tiborsizligi yo‘llardagi avariyalarga sabab bo‘layotgani Islom dinida ham qoralanadi.

Bugun biz, Islom dinida yo‘l haqlari, yo‘l qoidalari amal qilishning hukmi borasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning fikrlari bilan bo‘lishamiz. Hasanxon Yahyo Abdulmajid - «Yo‘l harakati fiqhi» mavzusida bitiruv-malakaviy ishini yozib tugatgan va O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib mavzuga ilmiy yondashgan ahli ilmlardan hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, Islomda yo‘l harakati qoidalari Qur’on va hadis, ulamolarning ushbu manbalardagi umumiy qoidalar asosida chiqargan hukmlari bilan tartibga solinadi. Shuningdek, Islom fuqaholari taqdim qilgan hujjatlar asosida piyoda bo‘lsin yoki ulovda bo‘lsin, har bir musulmon yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi shar’iy jihatdan vojib ekanligiga ittifoq qilingan.

«Islomda yo‘l harakati qoidalari, avvalo Qur’on va hadislar asosida tartibga solinadi. Misol uchun, «Alloh taolo yer yuzidagi barcha narsani sizlar uchun yaratdi» deyiladi kitobda. Demak, Yer yuzidan to‘liq foydalanish asli muboh hisoblanadi va bu butun insoniyatniki deb qaraladi. Alloh taolo o‘z kalomida insonlarni dengiz va quruqlikda ulovlarga mindirib qo‘yilgani haqida so‘z boradi.

Hadisi shariflarda ham yo‘lga doir odoblar juda keng yoritilgan. Yo‘lning haqqi bor, degan tushuncha ham aslida islomda bor. Yo‘lning haqqiga doir kelgan hadislarda 15-20tacha qoidalar va odoblar keladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ulovni qanday tutishni ham o‘rgatganlar.

Shuningdek, fuqaholarimiz Qur’on va hadisdagi umumiy qoidalar asosida yo‘lga doir hukmlarni chiqargan. Masalan, «Zarar berish ham, zararni zarar bilan daf qilish ham yo‘q» deyilgan hadis yo‘ldagi ko‘plab masalalarni yechishga asos bo‘ladi. Shariatning barcha ahkomlari manfaatni jalb qilishga qaratilgan.

1994 yil Bruneyda bo‘lib o‘tgan islom konferensiyasida yo‘l harakati qoidalariga amal qilish shar’iy jihatdan qanchalik asosliligiga doir bahs bo‘lgan. Pokistonlik ulamo Muhammad Taqiy Usmoniy anjuman qatnashchilarga taqdim qilgan maqolalarida taqdim qilgan dalillar 99 foiz ulamolar tomonidan qabul qilingan. O‘sha hujjat va boshqa ulamolarning kitobdagi gaplariga ko‘ra, piyoda bo‘lsin yoki ulovda bo‘lsin yo‘l harakati qoidalariga amal qilish shar’iy jihatdan vojib hisoblanadi.

Barcha yo‘l qoidalari aslida insonning joni va molini asrash maqsadida tuzilgan. Bu esa Islomning ahkomlarida himoya qilish ko‘zda tutilgan hamda shariat maqsadlariga muvofiq hisoblanadi», – deydi Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

Foto: Kun.uz

Bundan tashqari, qoidalarning ahamiyati tushuntirilsa, mo‘min kishi unga vijdonan rioya qilishi, qoidalarga vijdonan rioya qilinganda inson o‘zida tanglik his qilmasligi ta’kidlandi.

«Hozir yo‘l qoidalariga madaniy yondashuv doim ham topilmayapti. Yo‘l qoidalarini va belgilarni o‘rgatish bilan birga buni ma’naviy jihati ham o‘rgatilsa yaxshi bo‘lardi. Musulmon dunyoqarashi asosida yo‘l qoidalariga amal qilish uqtirilsa, haqiqiy ma’noda yo‘llarimiz tartibga tushar edi.

Faqat svetofor, kamera va nazoratchi bilangina yo‘llarni tartibga solish emas, balki ichki omil - ta’lim-tarbiya bilan qoidalarga amal qilishni o‘rgatish maqsadga muvofiq bo‘lishi kerak. Buni kerak bo‘lsa maktablardan boshlash kerak. Ba’zi odamlar umum e’tirof etilgan qoidalarga din aralashmasa yo‘q edi, deydi. Hayotida dinga ahamiyat bermaydiganlar uchun bu gap o‘rinli bo‘lishi mumkin. Lekin dindorlar uchun ularga yo‘l qoidalarining ahamiyati tushuntirilsa, mo‘min odam unga vijdonan rioya qiladi. Bu juda ham muhim, chunki qoidalarga vijdonan rioya qilinganda inson o‘zida tanglik his qilmaydi. E’tiqod nuqtayi nazaridan va savob umidida bu narsani ko‘tara oladi. Lekin, vijdonan rioya qilmasa bu cheklovlar unga tanglik bo‘lib tuyuladi.

Agar biz yo‘l qoidalariga doir diniy ilmlarni ham ilova qilib o‘rgatib ketsak, bu juda yaxshi samara beradi. Ingliz tilidagi ensiklopediyalarda ham yo‘l qoidalari borasida Islom dinidagi qarashlar qisqa bo‘lsa ham yozib ketilgan», – deydi suhbatdosh.

To‘liq videoda yo‘l qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha «avtomaktablar» va jamiyatning mas’uliyatlari, tezlikni oshirish oqibatida vafot qilgan shaxsning hukmi, YTH ishtirokchilari, guvohlar va mas’ullarning holati, qoidabuzarlarni rasmga olib, yuborish hamda ayollar avtomobil haydashiga doir ko‘plab qiziqarli mavzular borasida fikrlar bildirilgan.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid