Jamiyat | 10:06 / 24.11.2024
57050
10 daqiqa o‘qiladi

Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya

Elmurod Mamirjonov Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan. U O‘zbekiston-Rossiya yo‘nalishida odam tashiydi. Taksist yaqinda mijozlarni olib O‘zbekistonga qaytayotganda Astraxan shahrida qariyb 5 ming dollar topib oladi. Omonat egasini topish uchun ijtimoiy tarmoqqa xabarlar chiqaradi. Xorazmlik muhojir pulning egasi bo‘lib chiqdi. Pullar o‘z egasiga qaytarildi. “Dollarlari topilganidan xursand bo‘lib ketgan aka bir qop Xorazm guruchi va 200 dollar suyunchi puli tashlab ketdi”, – deydi haydovchi.

43 yoshli haydovchi topib olingan pul bilan bog‘liq qiziq hodisa va safar mashaqqatlari haqida so‘zlab berdi.

Umra uchun to‘plangan pul

“5-6 yildan beri Rossiyaga qatnayman. Odamlar og‘irini yengil qilib, kirakashlik qilib kelyapmiz.

Elmurod Mamirjonov

Allohga shukur, yaxshi niyat bilan singlim, onam, ayolim va men Umraga borish uchun 5 ming dollar yig‘ib qo‘ygan edik. Biletlargacha gaplashib qo‘ygan joyimizda boshiga musibat tushgan bir muhtoj oilaga yordam berish kerak bo‘lib qoldi. Alloh qodir qilsa, yana to‘plasak Umraga ham borarmiz, deya shu 5 ming dollarni Alloh yo‘lida ehson qildik. Biroz vaqt o‘tib Xudodan kuch-quvvat so‘rab yana Rossiyaga yo‘l oldim. Onamdan duo olib yo‘lga otlandim...”

Shayton vasvasasi

“Bepoyon kenglik, kimsasiz yo‘l. Qrim tomondan kelayotgandim. Astraxan shahriga yetib kelganimda yo‘l chetida bir narsaga ko‘zim tushdi. Mashinani to‘xtatib qarasam, karmon yotibdi, loy bo‘lib ketgan.

Karmonni olib mashinaga o‘tirdim. Ichini ochib qarasam 4 900 dollar va 23 ming rubl bor ekan.

Pulni olgan zahotim shayton yelkamga o‘tirdi va unga nimalar qilishim kerakligini rejalashtirdi. Shaytonning rejalariga qaramasdan, nafsimga jilov berib, pulni o‘z egasini topshirishni niyat qildim. Uyga yetib kelgandan keyin, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarga e’lon berdim: pul egasini topishda amaliy yordam beringlar, tarqatib yuboringlar deb”.

Luqmaga harom aralashmasin”...

“Muhtoj odamga yig‘ib qo‘ygan 5 ming dollarimni bergandim. Endi esa topilgan pul xuddiki men uchun mukofotdek edi. Alloh so‘ragan 5 ming dollarimni menga ham berdi, lekin bu birovning puli edi. Topib olgan pulga qizimni chiqarish yoki Umraga barchamiz borish uchun ishlatishim xudbinlik edi, chunki u birovning haqqi.

Elmurod Mamirjonov oila davrasida

Shayton vasvasa qila boshladi. Biroq Rahmon ham bir vaqtda yo‘nalishlarni ko‘rsatib turdi. Aslida, shu pulni olganimni biron kishi ko‘rmagan, mijozlarim mashinadan tushgan ham yo‘q edi. Pulni olib, cho‘ntakka solib, o‘zim uchun ishlatsam ham bo‘lardi. Lekin u birovning haqqi va o‘z egasini topishi kerakligini tushunib yetdim.

Ayolim: “Dadasi, pulni egasiga qaytarmasa bo‘lmaydi, oldimizda farzandlarimiz bor, luqmaga harom aralashmasin,” – deb uqtirdi. Shu bilan pullarni qaytarishga ahd qildik”.

Sultonov A”

“Nihoyat pul egasi topildi, Xorazm viloyatidan ekan. Ungacha juda ko‘pchilik telefon qildi, kimdir “pul meniki,” deydi-yu summani noto‘g‘ri aytadi. Yo‘q “uncha emas,” deyman. Nihoyat, o‘z egasi telefon qilib: “Aka, 4 ming 900 dollar, 23 ming rubl edi, dedi. Yana nima bor edi?” deb so‘radim...

Ijtimoiy tarmoqlarga voqea haqida xabar tarqatishdan avval “zamok” qilib qo‘ygan edim, karmon ichida “Sultonov A” yozuvli chek bor edi,”. Ana shu chek haqida hech kimga indamagan edim. Mashinam ichida bo‘lgan yo‘lovchilar va oshna-og‘aynilarimga ham bu haqda aytmagandim. Oxiri yana nimalar bor edi, dedim. Summani to‘g‘ri aytgandan keyin, “Sultonov A.” degan chek bor edi,” dedi. Pul uniki edi.

Ertasiga Xorazm viloyatidan kelishdi. Alloh rozi bo‘lsin, xursandchilik bilan bir qop Xorazm guruch olib kelishdi. Olmayman deyishimga qaramay 200 dollar berishdi. Bergan pullari ham, guruchi ham barakali chiqdi. Bir piyola guruchi ovqat qilsak bir qozon bo‘lib ketyapti. Halollikda gap ko‘p ekan.

Pullar aslida Allayor Sultonovning o‘ziniki bo‘lmagan. Rossiyadagi oshna-og‘aynilarining oyliklari bo‘lgan. 5-6 kishi maoshini yig‘ib, dollar qilib, unga uyga eltib berishlarini iltimos qilgan, Allayor esa uni yo‘lda tushirib qo‘ygan ekan.

Pul topilgach Allayor juda xursand bo‘ldi. “Bordi-keldi qilaylik, to‘y-hashamlarda xizmatingizda bo‘laylik,” deya Xorazmga qaytishdi.

Yo‘l azobi

“Haydovchilikning o‘ziga yarasha mashaqqati, azob-uqubati bor. Boshimizdan kechirganlarni o‘zimiz bilamiz, ne-ne azoblarini ko‘ramiz. Qanchadan qancha yurtdoshlarimiz qiynalib, mashinalari buzilib, halokatga uchraganlari tepasiga borib qolamiz, yordam qilamiz. Vaqti kelganda muhojirlikda vafot etgan hamyurtlarimiz tobutini mashinaga yuklab kelamiz. Qiyinchiliklar bo‘ladi, o‘ziga yarasha azobi bor. Oson ishning o‘zi yo‘q.

Uchta mashinam bor: Mercedes, Starex va Largus. Birini qo‘yib birini minaman. Uzoq yo‘l bo‘lgandan keyin birini haydab ikkisiga dam bermasangiz bo‘lmaydi. Borib kelish uchun kamida 10 ming kilometr masofa bosaman. Ob-havo yaxshi bo‘lsa, yo‘lda qiyinchilik bo‘lmasa, ko‘zlagan manzilimizga 3,5 sutkada kirib boramiz. Yo‘lda charchadikmi, majburiy to‘xtab dam olamiz. Ikki soatdan uxlab olib yana yo‘limizda davom etamiz.

Yo‘lkira haqiga kelsak, imkoniyatiga va sharoitiga qarab har xil olamiz. Bir xil belgilangan narx yo‘q. Har bir mijozning sharoitiga qarab haq olinadi. Narx samolyotnikidan ancha arzon.

Krasnodar, Qrim, Sevastopol, Sochi, Volgograd shaharlariga va hattoki Mariupol shaharlarigacha qatnaymiz. O‘zbeklar ishlaydi qurilishlarda, shularni oborib, olib kelamiz. Urush joylari yaqinligida yaqinlashib qolamiz. Gumburlagan ovozlar kelib turadi, xavf ostidagi yerlardan o‘tamiz. Mashinani Ukraina hududida boshqarayotganimda, ichimdan har xil kechinmalar o‘tadi. Oila a’zolarimiz bag‘riga eson-omon yetib olish haqida o‘ylayman”.

Mayit olib kelish muammosi

“Musofirlikda muhojirlarimiz hayotdan bevaqt ko‘z yumib qolish holatlari ko‘p uchraydi. Mayitlarni olib kelish muammo bo‘ladi. Savob uchun ham olib kelamiz, lekin baribir qiyin. Hukumatdan ana shunday paytda yordam so‘ragim keladi. “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan ana shu mayit uchun maxsus chegirma qilib berishlarini so‘ragan bo‘lardim. Mayitni olib kelish borasida qiyinchilik ko‘p. O‘zbeklarimiz ahilligi uchun pul to‘planadi. Muhojirlar hammasi pul to‘playdi va bir-biriga yordam qiladi. Shunda ham baribir kamchilik, yetishmovchilik bo‘ladi.

Mayitni tomida bagajli transportga yuklab olib kelamiz. Qishda bu oson, lekin yozda muammo. Bu borada “O‘zbekiston havo yo‘llari” ham yordam bersa yaxshi bo‘lardi. Mayit uchun maxsus chegirma qilish kerak”.

Pul bermay qochib ketishadi

“Haydovchilar aktyor bo‘lishi, yo‘lovchilarning kayfiyatini tushunib, ular bilan kirishib ketishi kerak. Har bir yo‘lovchiga alohida muomala qilib, ularni murosaga keltiramiz. Ba’zida esa, pul berishda muammolar yuzaga keladi, lekin sabr qilamiz. O‘zbekiston yoki Rossiyadan odam olib yemakxonaga to‘xtaganimda pul bermay qochib ketgan yo‘lovchilar ham uchraydi. Bir necha marta shunday holatlarga tushganman. Ba’zilar pulim yo‘q, kartaga tashlab qo‘yaman deyishadi-da, lekin pul tushirishmaydi.

Yo‘lda transport vositasi buzilib qolishi mumkin. O‘tgan yil qishda Qozog‘iston cho‘llarida mashinam buzilib qoldi, o‘zim tuzatishni o‘rgandim. Bunday vaziyatlarda boshqa shofyorlar ham yordam beradi. Shofyorlar bir-birini tashlab qo‘ymaydi, doim yo‘lda to‘xtab yordam berishadi”.

Yo‘lovchilarda qarsak, menda sog‘inch...

“Har gal yo‘lga chiqarkanman, yuragimda bir hissiyot o‘tadi. “Allohim, sog‘-salomat, o‘ynab-kulib uyga yetib kelayin, onam, farzandlarimni bag‘rimga bosayin” degan umid bo‘ladi.

O‘zbekistonga kirdim deguncha ming shukurlar qilaman. Yo‘lda kechgan azoblarim O‘zbekiston hududiga o‘tishim bilan yo‘qoladi. Umuman, o‘zimni boshqacha his qilaman. Yo‘lovchilarim ham qarsak chalishib xursandchiligimga sherik bo‘ladi. Xudoga shukur qilamiz; eson-omon, sog‘-salomat kelganimizga shukurlar aytamiz. Mahallamga kirishim bilan onam ko‘zida yosh bilan kutib oladi. 15 kun yo‘q bo‘lib ketganimgami bilmadim, uyimizda to‘y bo‘lib ketadi. Safarga otlanganimda ham xursandchilik bilan kuzatishadi, yaxshi kayfiyatda”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid