Jamiyat | 13:39 / 08.12.2024
16065
2 daqiqa o‘qiladi

Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi

Avvaliga jabrlanuvchi bo‘lgan, keyin qotilga aylangan haydovchiga 15 yil qamoq jazosi berilgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkentda sodir bo‘lgan avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir insonning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil dekabr oyida M-39 avtomobil yo‘lining Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ikkita yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Oqibatda haydovchilardan biri tan jarohatlari olgan. U shifoxonada davolanib, sog‘ligini tiklaydi. Bu orada ayblanuvchi o‘rtaga boshqa bir fuqaroni aralashtirgan.

“Zamon” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, o‘sha fuqaro jabrlanuvchi haydovchidan arizani qaytarib olishni so‘ragan. 2024 yil avgustda u o‘zidan arizani qaytarib olishni so‘ragan odamning oldiga pichoq bilan borgan va shu yerda uni pichoqlagan.

So‘ng jonini qutqarish uchun xususiy klinikalardan biriga qochib kirgan odamning ortidan quvib kirib, unga yana bir necha marta pichoq urgan. U jinoyat joyidan yashirinmoqchi bo‘lganida PPX xodimlari tomonidan ushlangan. Oqibatda pichoqlangan shaxs vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida qotil haydovchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sudlanuvchiga 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Mavzuga oid