Fan-texnika | 21:37 / 15.10.2017
7800
2 daqiqa o‘qiladi

Stiv Voznyak texnik mutaxassislar uchun ta'lim platformasini ishga tushirdi

Foto: woz-u.com

Apple hammuassisi Stiv Voznyak texnik digital-mutaxassislarni o‘qitish maqsadida onlayn-platformani ishga tushirdi. 

Woz U nomini olgan loyiha texnologik sohada karera qilish g‘oyasini ilgari surishga va sohaga kirish uchun zarur bo‘lgan bilimni berishga qaratilgan. 

Woz U'da ko‘plab o‘quv dasturlari bo‘ladi: dasturiy ta'minot ishlab chiqish va axborot texnologiyalaridan boshlab, to mobil ilovalarni ishlash va kiberxavfsizlikkacha. 

Loyihaning rasmiy saytida ko‘rsatilishicha, kompaniyalar yangi xodimlarni izlash va o‘qitish uchun Woz U resurslariga kirishlari mumkin. Shuningdek Voznyak startaplar uchun akseleratorni yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirmoqda. 

"Bizning maqsadimiz odamlarni yillab qarz to‘lashga majbur qilmasdan, o‘qitish va ishlashni o‘rgatishdan iborat", - deydi Voznyak.

"Odamlar ko‘pincha texnologik sohada karera qilishdan cho‘chishadi, chunki ular bu bilan shug‘ullanishning uddasidan chiqa olishmaydi deb o‘ylashadi. Men ularning uddalay olishini bilaman va shu bois ularga buni qanday qilishni ko‘rsatmoqchiman. Men umrim mobaynida texnologiyalar orqali dunyoni yaxshilash ustida ishlaganman va doim ta'lim jarayonini hurmat qilganman. Endi esa Woz U davri keldi va bu faqat boshlanishi", - ta'kidlaydi Stiv Voznyak. 

Woz U'dagi ta'lim narxi haqida hozircha hech nima ma'lum qilinmagan, biroq bepul kirish kurslariga ega loyihaning mobil ilovasi ishga tushgan. 

Woz U butun dunyo bo‘ylab 30 maktabni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. 

Mavzuga oid