Jahon | 15:55 / 16.10.2017
17611
2 daqiqa o‘qiladi

Las-vegaslik qotil mehmonxona va kazino biznesiga «zarba berdi»

Foto: Reuters

AQShdagi kazino va mehmonxonalarga egalik qiluvchi kompaniyalar aksiyalari narxi pasaydi. Shuningdek, Las-Vegasga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi ham kamaygani qayd etildi. Bularning bari Stiven Peddok tomonidan uyushtirilgan xunrezlik asoratlaridir. Morgan Stanley investitsion banki tahlilchilari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, kamida yarim yil davomida bozor uchun salbiy ta'sir kuzatiladi. Bu haqida 16 oktabr kuni The Japan Times xabar berdi. 

Morgan Stanley ekspertlari taxminlariga ko‘ra, deyarli 60 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Las-Vegasdagi fojia mehmonxona va kazino egalari daromadini 4-6 foizga pasaytiradi. Sayyohlar oqimining tiklanishi uchun ham kamida 6 oy vaqt kerak bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, o‘tgan yili Las-Vegasga 42,9 million kishi tashrif buyurgan. Mehmonxonalarda umumiy hisobda 22 ming turli forum va anjumanlar o‘tkazilgan. Shahar mehmonxonalarining deyarli 95 foizi oldindan band qilingan. Kazino daromadlari 9,7 milliard dollarni tashkil qilgan. Shunday ekan, agar Morgan Stanley tahlilchilarining taxminlari to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, Nevadaning faqat kazino biznesining o‘ziyoq kamida 40 million dollar zarar ko‘radi. 

1 oktabr kuni kechqurun Las-Vegasda yashovchi 64 yoshli Stiven Peddok Mandalay Bay mehmonxonasining 32-qavatidagi xonasidan musiqiy festivalga to‘planganlarga qarata ketma-ket o‘q uzgan, so‘ngra o‘z joniga qasd qilgan. Uning xatti-harakatlari natijasida 58 kishi halok bo‘lgan, 500dan ziyodi jabrlangan. 

Mavzuga oid