Sport | 18:17 / 18.10.2017
24593
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedov Osiyo chempionlari ligasi finalida o‘ynamaydi

Osiyo chempionlar ligasining yarimfinal javob o‘yinlari tugadi.

Kecha Eronning «Persepolis» klubi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasini qabul qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynagan, ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 6:2 hisobida ustun kelgan saudiyaliklar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.

Bugun Yaponiyaning «Urava Red Daymonds» klubi o‘z maydonida Xitoyning «Shanghay SIPG» jamoasini qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Dastlabki o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgani sababli, yaponiyaliklar final yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. Mehmonlar tarkibida hamyurtimiz Odil Ahmedov 90 daqiqa harakat qilib, bir marta ogohlantirish oldi. 

Bu bilan «Urava Red Daymonds» klubi o‘z tarixida ikkinchi marta finalda to‘p suradigan bo‘ldi. 2007 yilda jamoa bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi.

Yana bir finalchi «Al-Hilol» o‘z tarixida 6-marta Osiyoning nufuzli musobaqasi finalida o‘ynaydigan bo‘ldi. Jamoa 1991 va 2000 yillarda turnir g‘olibligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1986, 1987 va 2014 yillarda mag‘lubiyatga uchragan.

Eslatib o‘tamiz, final ham ikki bahsdan iborat bo‘lib, 18 va 25 noyabr kunlari o‘tkaziladi.

OChL, 1/2 final. Javob bahsi
18 oktabr

Urava Red Daymonds (Yaponiya) - Shanghay SIPG (Xitoy) - 1:0
Gol: Silva Rafael (11)
Dastlabki o‘yin: 1:1

Mavzuga oid