Jahon | 08:00 / 31.10.2017
18768
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp saylovoldi kampaniyasi rahbari Pol Manafort 80 yilga qamalishi mumkin: u o‘zi nima ayb ish qilgan?

Foto: AP

AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi sobiq rahbari Pol Manafort 80 yilga qamalishi mumkin, deb xabar beradi Associated Press.

Trampning saylovoldi kampaniyasi sobiq rahbari Pol Manafort va uning biznesdagi azaliy hamkori Rik Geytsga nisbatan 12 banddan iborat ayblovlar e'lon qilingan. Bu haqda 30 oktabrda AQSh adliya vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotda bildirilgan.

Ilgariroq Manafort va Geyts AQShga qarshi va pul mablag‘larini yuvish uchun til biriktirishda ayblanayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Ayblov xulosasida yozilishicha, Manafort va Geyts 2006–2015 yillarda Ukraina manfaatlarini ilgari surish uchun o‘nlab million dollar olishgan Katta tergov hay'ati 27 oktabrda e'lon qilgan ayblovlarga ko‘ra, ular bu davrda pul yuvish bilan shug‘ullanishgan va xorijiy agentlarni ro‘yxatga olish haqidagi qonun talablarini buzishgan, yana yetti band bo‘yicha xorijiy banklarda hisob-raqamlarga ega ekanlik to‘g‘risidagi bildirishnomalarga doir yolg‘on ko‘rsatma berishgan.

Maxsus prokuror Robert Myuller idorasi tomonidan tarqatilgan ayblov xulosasiga ko‘ra, Manafort va Geyts 2008 yildan 2014 yilgacha AQSh hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan, Ukraina hukumati, Hududlar partiyasi va sobiq prezident Viktor Yanukovich manfaatlarini ilgari suruvchi lobbistlik faoliyati bilan shug‘ullanishgan. 

«2008 yildan 2014 yilgacha — har ikki sana taxminiy — Pol Manafort va Rik Geyts Kolumbiya federal okrugi chegarasida va undan tashqarida Ukraina hukumati, Hududlar partiyasi va sobiq prezident Viktor Yanukovich manfaatlari yo‘lida xorijiy vakillar agenti sifatida AQSh qonunchiligi talabiga zid ravishda, AQSh bosh prokurori idorasida ro‘yxatdan o‘tmasdan ongli ravishda va qasddan harakat qilishgan», — deyiladi ayblov xulosasida.

Agentlikning yozishicha, Manafortga 80 yillik qamoq jazosi xavf solmoqda, Geyts esa 70 yilgacha qamalishi mumkin. Yaqin kunlarda ayblanuvchilar Vashington federal sudida javob berishadi. CNN’ning xabariga ko‘ra, Manafort allaqachon sudda. 

Birinchi sud majlisida, odatga ko‘ra, ayblanuvchilar o‘z ayblarini rad etishadi, sudya esa ularga qo‘yilayotgan jinoyatlarni o‘qib berib, ehtimoliy hukmni aytadi, shuningdek, ayblanuvchilarni hibsga olish-olmaslik to‘g‘risida qaror chiqaradi. 

Donald Tramp saylovoldi shtabining sobiq rahbari va uning sherigi, shuningdek, adliya va moliya vazirligi faoliyati uchun to‘sqinlik yaratib, AQShga qarshi til biriktirishda ayblanmoqda.

«2006 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda — har ikki sana taxminiy — Pol Manafort va Rik Geyts Kolumbiya federal okrugi chegarasida va undan tashqarida AQSh [hukumatini] aldash uchun oldindan til biriktirib, davlat idorasining, chunonchi, adliya va moliya vazirliklarining hukumat funksiyalarini qiyinlashtirib, ojizlashtirib va vayron qilib, ongli ravishda va qasddan harakatlar sodir etishgan», — deyiladi hujjatda.

Ayblov xulosasida saylovoldi shtabining sobiq rahbari ofshor hisob-raqamlari orqali 75 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.

Shaxsan Manafort 18 million dollar yuvganlikda ayblanmoqda. U bu pullarni AQShda xususiy mulk, tovarlar va xizmatlar xarid qilishda ishlatgan. «U bu daromadini moliya vazirligi, adliya vazirligi va boshqa idoralardan yashirgan. Geyts esa o‘zi nazorat qiladigan hisob raqamlarga ofshor hisob raqamidan 3 milliondan ortiq mablag‘ o‘tkazgan», — deyiladi ayblov xulosasida. 

Myuller keng miqyosli masalalar, birinchi navbatda Moskvaning o‘tgan yili AQShda bo‘lib o‘tgan saylovlarga aralashishga bo‘lgan urinishlari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Donald Tramp esa barcha ayblovlar Manafortning saylovoldi shtabi rahbari bo‘lib ishlagandan oldingi davrdagi faoliyatiga tegishli, deb izoh bergan.

Mavzuga oid