Jahon | 08:31 / 08.03.2019
4699
1 daqiqa o‘qiladi

Trampning saylovoldi shtabi sobiq rahbari 4 yillik qamoq jazosiga tortildi

Foto: EPA-EFE/SHAWN THEW

AQShning Aleksandriya shahri sudi Donald Trampning saylovoldi shtabi sobiq rahbari Pol Manafortni bir qator ayblovlar, jumladan soliq va bank qonunchiligi qoidabuzarliklari va xorijda hisobraqamlarni yashirish bo‘yicha 47 oylik qamoq jazosiga tortdi. Bu haqda CNBC telekanali xabar berdi.

Sudya Tomas Ellisning aytishicha, 69 yoshli Manafortning 9 oy hibsda ushlab turilgani hisobga olinib, jazo muddati 38 oygacha qisqaradi. Sud, shuningdek, Manafortga 50 ming dollar miqdorida jarima va 24,8 mln dollar kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklagan.

Ayblov tomoni ayblanuvchiga “10 yildan ko‘proq vaqt davomida o‘zini qonundan ustundek tutgani uchun” 19 yildan 24 yilgacha qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Manafort, shuningdek, Kolumbiya okrugi sudida ham javobgar hisoblanadi. Unga bu yerda 13 mart kuni hukm chiqariladi. 

AQShning ko‘plab OAVlari Tramp sobiq xodimini afv etishi mumkinligiga yo‘l qo‘yishmoqda.

Mavzuga oid