O‘zbekiston | 09:25 / 02.11.2017
16348
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi - o‘zaro munosabatlardagi yangi sahifa

Foto: aa.com.tr

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga rasmiy tashrifi Turkiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarida yangi sahifa ochdi, deb yozmoqda Kappadokiya Universiteti asoschisi va birinchi rektori, professor Hasan Ali Qorasor «Anadolu» nashrida.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu tarixiy tashrif tufayli Turkiya va O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro siyosatdagi o‘rni kelgusi 10 yilda o‘sib boradi.

Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 25 yil oldin - 1992 yilda o‘rnatilgan. O‘tgan chorak asr mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari vaqt sinovidan o‘tdi.

O‘tgan yil davomida Turkiya va O‘zbekiston prezidentlarining qat'iy qadamlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasida yaqin hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yilmoqda. Mirziyoyev va Erdo‘g‘an 2016 yilning noyabrida Samarqandda, 2017 yil may oyida - Pekinda, 2017 yil sentabrida - Ostonada, keyin Nyu-Yorkda uchrashishgan. Bundan tashqari, yil davomida Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari telefon orqali muloqotlar o‘tkazdilar, ikki davlat delegatsiyalari tashriflari davomida esa davlatlararo munosabatlarning kelajakdagi modellari muhokama qilindi.

Shu vaqt ichida prezidentlarning topshirig‘iga binoan tashqi ishlar vazirlari, ikki mamlakat iqtisodiyot va mudofaa vazirlari o‘rtasida uchrashuvlar, hukumatlararo komissiya majlislari, biznes-forumlar bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan bir yil davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Turkiya va O‘zbekiston bosh vazirlari rahbarligida professional tarzda yo‘lga qo‘yib borildi, Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi esa bu zanjirning oxirgi halqasi bo‘ldi.

O‘zbekiston - Markaziy Osiyoning tarixiy, madaniy va iqtisodiy markazi, shuning uchun Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik Yevroosiyoda hamda butun dunyoda mintaqaviy rivojlanish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Yana bir muhim jihati shundaki, O‘zbekiston Turkiya orqali transport yo‘nalishi yordamida Yevropa bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Shunday qilib, O‘zbekistonning dunyo okeaniga chiqish yo‘lagi yo‘qligi kabi fakt to‘siq bo‘la olmaydi. Tarixiy Turkiston shaharlari «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro savdoning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan davrda taraqqiy topgan edi. Zamonaviy dunyoda «Temir Ipak yo‘li» orqali mintaqa o‘zining eski shuhratini qayta tiklashi mumkin.

Mavzuga oid