Saudiya Arabistonida nimalar ro‘y bermoqda?
O‘tgan kunlar davomida Saudiya Arabistonida antiqa va kutilmagan (ayrim taxminlar bilan kutilgan) hodisalar yuz berdi. Hollivud kinolarida bo‘lgani kabi qirollik oilasining 11 nafar shahzodasi hamda 4 nafar vazir hibsga olindi. Voqealar ketma-ketligi shu bilan tugamadi: vertolyot qulashi oqibatida yana bir shahzoda halok bo‘ldi. Bu nimadan darak bermoqda?
Barchasi 4 noyabr kuni boshlandi. Mamlakatni boshqarib turgan 81 yoshli qirol Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud ayni o‘sha kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qo‘mita ish boshlagandan so‘ng, qirollik oilasining 11 nafar a'zosi, amaldagi to‘rtta vazirlik rahbarlari, 34 nafar sobiq vazir hibsga olingani haqida xabar tarqaldi.
Ayni yangi tashkil etilgan qo‘mitaga qirolning o‘g‘li, 32 yoshli valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon boshchilik qilmoqda. 2015 yilda mamlakat Mudofaa vazirligini boshqargan yosh shahzoda joriy yilning iyun oyida otasining qarori bilan valiahd etib tayinlandi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida bir necha o‘n yillardan beri mavjud an'ana bekor qilindi, ya'ni qirollik taxti akadan ukaga o‘tmasligi ayon bo‘ldi. Albatta, Salmon ibn Abdulazizning ushbu qarori ko‘pchilikni xursand qilmadi, ayniqsa uning ukasi, navbat bo‘yicha taxtning keyingi da'vogari Muhammad ibn Naifni.
Yangi valiahd otasining ishonchini oqlashga kirishdi, u endi qo‘mitaga rahbarlik qilarkan, siyosiy raqiblarni bir chetga surish harakatlarini boshlab yubordi. Hibsga olinganlar qatorida dunyoning eng boy shaxslaridan biri, qirolning jiyani Ol Volid Talal ham bor. 62 yoshli milliarderning boyligi 19 milliard dollar atrofida ekani aytiladi. Shuningdek, Milliy gvardiya vaziri Mitab ibn Abdulla ham qo‘lga olingan. U ayni paytgacha mamlakat harbiy sohasida katta nufuzga ega, «eski» guruh vakillaridan biri edi.
Valiahd Muhammad ibn Salmon islohotlarga qo‘l urishini ham e'lon qildi. Shu davr orasida shahzoda «mamlakatni mo‘'tadil Islomga qaytarishi» ma'lum bo‘ldi. Bu bilan taxt vorisi o‘ta mutaassib davlat mulozimlarini saroydan chetlatishga ahd qilganini aytdi. Saudiya ayollariga avtomobil boshqarish va sport maydoniga borishga ruxsat berilgani hisobga olinsa, shahzoda shu ma'nodagi o‘zgarishlarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
O‘tkazilgan tezkor amaliyotlar ortidan shahzoda bir o‘q bilan ikki quyonni urdi, deyish mumkin. Birinchidan, kelgusida mamlakat boshqaruvida xalaqit qilishi mumkin bo‘lgan siyosiy raqiblardan xalos bo‘lgani, ikkinchidan, xalqning «arzon» muhabbati va ishonchiga ega bo‘ldi. Shunga qaramay, saroy vakillarining qonunda oldida teng qilib ko‘rsatish, poraxo‘rlikka qarshi ommaviy kurash mamlakatga iliq islohotlar havosi kirib kelayotganini anglatishi tabiiy.
Mavzuga oid
15:04 / 22.12.2024
Magdeburgdagi yarmarkaga hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?
23:55 / 03.12.2024
Saudiya Arabistoni mashinissiz boshqariladigan dunyodagi eng uzun metroni ishga tushirdi
15:20 / 03.12.2024
IUCN’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman o‘z ishini boshladi
08:10 / 12.11.2024