Jahon | 09:10 / 08.11.2017
79420
2 daqiqa o‘qiladi

Besh yulduzli mehmonxona saudiyalik shahzodalar uchun qamoqxonaga aylandi

5 noyabr kuni kechqurun soat 11da Ar-Riyoddagi Ritz-Carlton mehmonxonasidagilardan barcha narsalarni olib foyega chiqish so‘ralgan. Mehmonxona mijozlarining hech biriga bu g‘alati iltimosning sababi tushuntirilmagan. Mijozlar avtobuslarga o‘tkazilgan va Saudiya Arabistoni poytaxtidagi boshqa bir besh yulduzli mehmonxonaga ko‘chirilgan.

Ritz-Carlton esa o‘sha kuni qo‘lga olingan shahzodalar va yuqori martabali amaldorlar uchun qamoqxonaga aylangan.

5 noyabr kuni qirollik xonadonining 30 nafarga yaqin a'zosi hamda yuqori martabali amaldorlar korrupsiyada ayblanib qo‘lga olindi. The Guardian xabariga ko‘ra, hibsga olinganlarning mulklari musodara etilmagan.

Hibsga olish ishlari qirol Salmon ibn Abdulaziz farmoyishiga ko‘ra ro‘y bermoqda. Bunda unga vorisi Muhammad ibn Salmon boshqaruvidagi korrupsiyaga qarshi qo‘mita ko‘mak bermoqda.

Izoh berilishicha, u boshqa badavlat xonadonlar bilan munosabatlar buzilmasligi uchun shahzodalarni qimmatbaho mehmonxonaga joylashtirishga qaror qilgan va Ritz-Carlton ular uchun vaqtincha qamoqxonaga aylangan.

Foto © Booking.com/The Ritz-Carlton, Riyadh
Foto © Booking.com/The Ritz-Carlton, Riyadh
Foto © Booking.com/The Ritz-Carlton, Riyadh
Foto © Booking.com/The Ritz-Carlton, Riyadh

Siyosatshunos, professor Abdulxoliq Abdullaning fikr bildirishicha esa, endi Saudiya Arabistonida avvaldan mavjud normalar yo‘qolishi, badavlat xonadonlar o‘rtasidagi aloqalar endi avvalgidek bo‘lmay qolishi mumkin.

«Saudiya Arabistonida barchaga birdek qarashga harakat qilishadi. Agar elita vakili aybdor deb topilsa, uning joyi qamoqda bo‘ladi», degan u.

Mavzuga oid