Jamiyat | 12:40 / 08.11.2017
15696
5 daqiqa o‘qiladi

Vijdoni uyg‘onmagan nazoratchi 

Aholi orasida kommunal to‘lovlardan, ya'ni noreal qarzdorlik haqidagi suhbatlar quloqqa chalinib turadi. Kimdir tabiiy gazdan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borsa ham nazoratchilar kelib, “falon so‘m qarzingizni to‘lab qo‘ying”, degan vajni aytishmoqda. Aslida bunday ishlarni ayrim nafsi hakalak otgan nazoratchilar qilayotganliklari ham aniqlanmoqda, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ta'kidlash joizki, bunday holatlar xalq orasida haqli norozilik va e'tirozlar yuzaga kelishiga, ariza va shikoyatlar yozilishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, adolat mezonlari buzilgan joyda o‘z-o‘zidan qonunbuzarlik va jinoyatga yo‘l ochiladi.

Umid Jumayev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 2013 yilda “G‘arbgazta'minot” unitar korxonasi “Romitangaz” filialiga ishga kirgan bo‘lib, uch yil davomida o‘zining ishini “puxta” o‘rgandi. Aniqrog‘i, u bu davrda nazoratchi sifatida iste'molchilarni “chuv” tushirishni, ularning ishonchiga kirib, pora talab qilish yo‘llarini o‘zlashtirdi. Shu bois jinoyat jarligi yoqasiga kelganini payqamay ham qoldi. 

Romitan tumanidagi “Garanshoh”, “Bog‘isaydon”, “Bog‘iturkon”, “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududi nazoratchisi bo‘lgan U.Jumayev o‘ziga biriktirilgan hududda yashovchi aholining gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini har oyda yozib borishi, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holatlarini aniqlasa, ularni bartaraf etishi, gaz to‘lovlaridan qarzi bo‘lgan iste'molchilarni belgilangan tartibda ogohlantirib, tegishli tartibdagi hisobotlarni filial nazoratchilar bo‘limi katta ustasiga taqdim etishi kerak edi. Biroq bu shaxs...

U.Jumayev “Qahramon” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Karim Zaripovni juda yaxshi taniydi. Nazoratchi 2014 yil oxirida xonadon egasining tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligi uchun dalolatnoma tuzib, o‘z vazifasini halol bajargan edi. U 2015-2016 yillar bo‘yicha ham iste'molchining qarzdorligini aniqladi-yu, fikri buzildi. “Pul ishlashni ayni mavridi keldi”, deya “ish”ga kirishdi.

-  “Hisobdon”ni standartdan o‘tkaziladigan muddati o‘tib ketibdi. 3 million so‘mga yaqin qarzingiz ham bor.., - U.Jumayev biroz o‘ylanib turib, gapida davom etdi. – Nima qilamiz?

-  Biror iloji bordir? – dedi xonadon egasi.

-  Mayli, men sizni tushundim. Tanish bo‘lganingiz uchun sizga yordam bermoqchiman. Siz bemalol gazdan foydalanavering. Keyin o‘zaro hisob-kitob qilamiz.

O‘tgan yilning avgustida U.Jumayev telefonda K.Zaripov bilan gaplashadi.

-  Qarzingizni kompyuterdan biroz kamaytirdim, aka. 1 mln. 200 so‘mcha qarzingiz qoldi.

-  Baraka toping ukam! Bizga nima xizmat? – so‘radi K.Zaripov.

-  Ha-ya, 200 AQSh dollari esingizdan chiqmasin. Ertaga idorada kutaman.

U.Jumayev xonadon egasini kutib charchadi. K.Zaripovdan esa darak yo‘q. Nazoratchining vijdoni uyg‘onishi uchun aslida bu ham bir imkoniyat edi. Afsuski, uning vijdoni uyg‘onmadi. Aksincha, yana kutishga sabri chidamay, K.Zaripovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Raqami o‘chirilganini eshitib, battar asabiylashdi. Uning qo‘shnisiga qo‘ng‘iroq qildi.

-  Karim mahalladagi Odil akaning choyxonasida, bilasiz-ku o‘sha yerni.

Tamaning ortidan “oyog‘ini qo‘lga olib yugurgan” nazoratchi 250 AQSh dollarini cho‘ntakka solishga ulgurdi, xolos. U.Jumayev SVOJJDLQK departamenti xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.

U.Jumayevga sud hukmiga asosan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid