Jahon | 23:47 / 19.11.2017
6192
2 daqiqa o‘qiladi

Rohingya-qochqinchlarini yurtlariga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda

Foto: AFP 2017 / K.M. Asad

Bangladesh va Myanma hukumatlari Myanmadan qochgan rohingya musulmonlarini yurtlariga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Bangladesh tashqi ishlar vaziri Abul Hasan Mahmud Aliga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

“Bangladesh va Myanma qochqinlarni Myanmaga qaytarish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvni tuzish uchun muzokaralar o‘tkazmoqdalar. Qochqinlarni yurtlariga qaytarishga ko‘mak beruvchi ishchi guruhni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ikki davlat bu masalada deyarli hamfikrlikka erishdilar, kelishib olish kerak bo‘lgan yana bir nechta bandlar qoldi”, deb aytgan vazir.   

Myanmaning Arakan shtatida diniy negizda musulmonlar va mahalliy buddaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlarga olib kelgan ko‘plab mojarolar sodir bo‘lgan. BMTning baholashicha, rohingya millati dunyoda eng ko‘p ta'qib qilinuvchi xalqlardan hisoblanadi. Myanma hukumati rohingyalar bir necha avlod davomida Myanmada yashab kelayotganlariga qaramay, ularning fuqarolik olishga huquqlarini tan olmaydilar.

Mojarolardan oxirgisi 25 avgustda yuz bergan. O‘shanda “Rohingyalarni qutqarish Arakan armiyasi” harakati jangarilari Myanmada politsiyaning 30 ta tayanch punktiga hujum qilganlar. Shundan keyin mamlakat xavfsizlik kuchlari hududda kuch operatsiyasini boshlagan. 25 avgustdan boshlab Bangladeshga Myanmadagi zo‘ravonlikdan qochib 613 mingga yaqin kishi kelgan. Hozirgi kunda Bangladeshdagi rohingya-qochqinlarining soni 826 mingga yetgan.

Mavzuga oid