Jahon | 00:08 / 20.11.2017
13812
7 daqiqa o‘qiladi

Iste'fo yoki impichment: Zimbabveda Mugabega ultimatum qo‘yishdi

Foto: Robert Mugabe va uning rafiqasi Greys Mugabe/AP

Harbiylar uy qamog‘iga joylashtirgan Zimbabve prezidenti Robert Mugabe qarigan chog‘ida yakshanba kuni yana bir nechta shum xabar eshitishga majbur bo‘ldi. Mamlakatdagi hukmron «Zimbabve afrika milliy ittifoqi» (ZANU PF) partiyasi uni birinchi kotib lavozimidan olib tashlagan va impichment e'lon qilish bilan tahdid qilib, dushanba kuni tushgacha o‘z ixtiyori bilan lavozimini topshirishni talab qildi. Partiya, shuningdek, uning rafiqasi Greysni ham barcha lavozimlardan ozod qildi.

Bundan tashqari, 93 yoshli Mugabening bo‘yrug‘i bilan ishdan olingan (bu esa harbiylarni harakatga kelishga undagan) Zimbabve vitse-prezidenti Emmerson Mnangagva lavozimiga tiklanib, endi prezidentlik lavozimi uchun kurash olib bormoqchi, deyiladi RIA Novosti tomonidan tayyorlangan syujyetda.

 

G‘alayon nimadan boshlangan o‘zi?

Chorshanba kuni harbiylar Zimbabve poytaxti — Hararedagi televizion markaz va prezident qarorgohini egallashdi. Qo‘shni Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Jyeykob Zuma bilan suhbatda Mugabe harbiylar uni uy qamog‘ida saqlashayotganini tasdiqlagan.

Foto: EPA / UPG

Harbiylarning bu xatti-harakatlari Mugabe boshchiligida hukmron partiyadagi siyosiy tozalashlardan norozilik bilan tushuntirildi. Noyabr oyi boshida u o‘z o‘rinbosari va vorisi, harbiylarning kuchli qo‘lloviga ega Mnangagvani lavozimidan bo‘shatgan.

Mugabening rafiqasi va ehtimolli vorisi Greys Mugabe mamlakatdan qochib ketgani va ishdan bo‘shatilgan vitse-prezident Emmerson Mnangagva poytaxtga hukumatni boshqarish uchun qaytgani ham xabar qilinayotgan edi. Ilgari mamlakatning o‘nta provinsiyasidan sakkiztasidagi hukmron partiya muvofiqlashtiruvchi qo‘mitalari Mugabeni prezidentlik va partiya yetakchiligi lavozimidan voz kechishni talab qilib chiqqan edi.

Yakshanba kuni ZANU PF’ning yopiq majlisida partiya yetakchisi Robert Mugabeni bu lavozimdan ozod qilish va uni mamlakat prezidentligidan iste'foga chiqarish haqida yakdil qaror bilan rezolyatsiya qabul qilingan. Majlisda partiyaning jami o‘nta hududdagi bo‘linmalari vakillari ishtirok etishgan.

Xalq prezident iste'fosini kutmoqda

Avj olgan siyosiy inqirozga qaramasdan, Harareda sokin va osuda hayot hukmron, ahyon-ahyonda patrullar va zirhli mashinalar uchrab turibdi, davlat idoralariga eltadigan yo‘llar to‘silgan, xolos. Shanba kuni poytaxtda Mugabeni uy qamog‘iga joylashtirgan harbiylarning harakatini qo‘llab, ko‘p ming kishilik xalq yurishi bo‘lib o‘tdi. Yurishda qatnashgan insonlar davlat rahbari iste'foga chiqarilishidan shod ekanligini ochiqdan-ochiq namoyon etishdi. Kechqurun namoyishchilar prezidentning rasmiy qarorgohi tomon yo‘l olishdi, biroq harbiylar ularni o‘tkazishmadi.

Foto: AP

"Frans Press" ma'lumotiga ko‘ra, namoyishchilar to‘dasi qarorgohga 200 metrgacha yaqinlashgan. Harbiylarning taqiqidan so‘ng so‘ng yurish ishtirokchilari yo‘lda o‘tirib olib, o‘z noroziligini  namoyish qilishgan.

RIA Novosti muxbiri bilan suhbatda namoyishchilar prezidentning iste'fosi ko‘pchilik uchun yangi mustaqillik kuni, yangi davrni boshlab berishini ta'kidlashgan.

Tashvishlanayotgan qo‘shnilar

Zimbabvedagi vaziyat Afrikadagi qo‘shni davlatlarning tashvishlanishiga sabab bo‘lmoqda. Seshanba kuni Angola poytaxti Luandada Afrika janubini rivojlantirish hamjamiyatiga a'zo to‘rt davlat yetakchilarining sammiti bo‘lib o‘tadi.

Foto: Sumaya Hisham / Reuters

«Kutilishicha, sammitda Zimbabveda yuz berayotgan voqealar muhokama etiladi», — deb xabar tarqatigan JAR prezidenti Jyeykob Zumaning devonxonasi.

Zuma ushbu sammitda ittifoqning raisi sifatida ishtiroq etadi. Open Zambia portalining yozishicha, undan tashqari Luandadagi sammitda Angola, Tanzaniya va Zambiya yetakchilari qatnashadi.

Qariyaning nayranglari

Shu paytgacha bir necha marta siyosiy sahnadan voz kechmasligini e'lon qilib kelgan Mugabe hamon hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolishga urinmoqda. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Harareda so‘nggi vaqt ichida Mugabening ikkinchi bor harbiy qo‘mondonligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Uning tafsilotlari ochiqlanmayapti, lekin uchrashuvning avvalgisi payshanba kuni o‘tkazilgan.

Herald Zimbabwe gazetasi saytida yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan suratlar e'lon qilingan, unda prezident generallarning qo‘lini siqib turibdi. Muzokaralarda mamlakat politsiyasining bosh komissari Avgustin Chixuri, qamoqxona va tuzatish xizmati bosh komissari Paradzai Zimondi, armiya bosh shtabi rahbari Konstantin Chivenga ishtirok etgan. Uchrashuv tafsilotlarini mahalliy OAV yoritmayapti.

Bundan tashqari, uy qamog‘ida saqlanishiga qarshi norozilik sifatida Mugabe ochlik e'lon qilgan, deb xabar beradi Daily Mail gazetasi o‘z manbalariga tayanib.

«Shu yo‘l bilan prezident armiyaga bosim o‘tkazmoqchi», — degan nashrga Mugabe oilasidagi o‘z nomini oshkor etmagan manba.

Qayd etilishicha, 93 yoshli prezident shanba kundan buyon ovqat iste'mol qilmayapti. ZANU PF partiyasiga a'zo vazirlardan birining aytishicha, prezident muloqot qilishdan ham bosh tortmoqda va bu ham norozlikning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

«Kecha kechqurundan boshlab qariya juda ko‘p nayranglarini ishga soldi: ochlik, tahdid, muloqotdan bosh tortish», — degan manba.

Mugabe jahondagi eng keksa davlat boshlig‘i hisoblanadi. Ilk marta u 1987 yili prezidentlik kursisiga o‘tirgan, biroq u real hokimiyatga ancha avval — 1980 yilda mamlakat mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyinroq erishgan. 1980 yilda Mugabe bosh vazir edi. Keksa yoshiga qaramasdan, u siyosat sahnasidan ketmasligini bir necha bor takrorlagan. 2014 yilning dekabrida Mugabe hukmron ZANU PF partiyasidan yana prezidentlik saylovida qatnashib g‘olib bo‘lgan va 2018 yilgi saylovlarda ham qatnashishni rejalashtirayotgan edi.

Zimbabve — Afrikaning eng qashshoq davlatlaridan biridir. Uning iqtisodiyoti anchadan buyon chuqur inqirozda. Giperinflyatsiya tufayli mamlakat milliy valyutasi muomaladan chiqarib yuborilgan va 2009 yildan buyon Zimbabveda AQSh dollari, JAR ruandi va Xitoy yuanidan to‘lov vositasi sifatida foydalaniladi.

Foto: herald.co.zw

Zimbabvega nisbatan bir qancha sanksiyalar joriy qilingan. Xususan, «demokratik jarayonlarni barbod qilgani» uchun zimbabvelik siyosatchilar va kompaniyalarga 2003 yilda AQSh sanksiya joriy etgan. Yevropa ittifoqi Zimbabvega nisbatan personal va iqtisodiy sanksiyalarni 2000-yillar boshida kiritgan, biroq 2014 yilga kelib YeI sanksiya ro‘yxatida Mugabe va rafiqasi, shuningdek, Zimbabve mudofaa kompaniyasi qolgan.

Mavzuga oid