Jahon | 00:19 / 06.11.2024
2041
2 daqiqa o‘qiladi

Zimbabve politsiyasiga xizmat vaqtida mobil telefondan foydalanish taqiqlandi

Endi barcha xodimlar ish joyiga kelgan vaqtida mobil telefonlarini rahbariyatiga topshirishlari kerak - undan faqat tanaffusda foydalanishga ruxsat beriladi.

Foto: Daily News

Zimbabve hukumati politsiya xodimlariga ish vaqtida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqladi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, endi barcha xodimlar ish joyiga kelgan vaqtida mobil telefonlarini rahbariyatiga topshirishlari kerak — undan faqat tanaffusda foydalanishga ruxsat beriladi. Mazkur taqiqqa nima sabab bo‘lgani noma’lum, ammo taxminlarga ko‘ra, bu politsiyachilar orasida korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakat bo‘lishi mumkin.

Yangi tartib bir necha kun oldin mamlakat poytaxti Harareda politsiya xodimlari jamoat transportida pora olgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganidan keyin joriy etilmoqda.

Politsiya uchastkalari xodimlariga yangi taqiqqa rioya etilishini nazorat qilish buyurilgan, bunga bo‘ysunmagan xodimlar javobgarlikka tortiladi.

«Agar xizmat majburiyatlarini bajarayotgan politsiyachining yonidan mobil telefon topilsa, ushbu xodimga mas’ul bo‘lgan shaxsga javobgarlik belgilanadi», — deyiladi xabarda.

Zimbabve politsiyasi maoshlarning kamligi va ish sharoitining yomonligi tufayli mamlakatdagi eng korrupsiyaga botgan tizim hisoblanadi.

Mavzuga oid