Jahon | 07:40 / 22.11.2017
10804
2 daqiqa o‘qiladi

Mugabe iste'fosidan keyin qirolicha Yelizaveta II eng keksa davlat rahbari bo‘lib qoldi

Foto: EPA

Zimbabve prezidenti Robert Mugabe 21 noyabrda iste'foga ketgandan keyin Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II dunyodagi eng keksa davlat rahbariga aylandi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Zimbabveni 37 yil boshqarib kelgan 93 yoshli Mugabe mamlakatdagi siyosiy inqiroz ortida 21 noyabrda prezidentlik lavozimidan ketishini e'lon qildi. Shu tariqa, dunyodagi eng keksa davlat rahbari nomi 91 yoshli qirolichaga o‘tdi. 

Endilikda eng keksa davlat rahbarlari reytingida 2-o‘rinni Tunisning 90 yoshli prezidenti Baji Kaid as-Sabsiy, 3-o‘rinni Kuvaytning 88 yoshli amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jabbor as-Saboh egallamoqda. Ular ortidan Kuba rahbari Raul Kastro (86 yosh), Kamerun prezidenti Pol Biyya (84 yosh), Livan prezidenti Mishel Aun (84 yosh), Yaponiya imperatori Akixito (83 yosh) va Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud (81 yosh) kelmoqdalar.

2015 yil sentabrda Yelizaveta II Buyuk Britaniya taxtini eng uzoq egallash bo‘yicha qirolicha Viktoriya rekordini yangilagandi. 2016 yil oktabrida Tailand qiroli Pumipon Adulyadeta vafotidan keyin dunyodagi o‘z davlatini eng uzoq boshqarayotgan rahbarga aylangandi. 

Yelizaveta II Buyuk Britaniyani 1952 yildan beri boshqarib keladi.

Mavzuga oid