Jahon | 05:39 / 29.11.2017
15019
2 daqiqa o‘qiladi

Shahzoda Harri va Megan Markl nikohi qayerda bo‘lib o‘tishi ma'lum qilindi

Foto: EPA-EFE/FACUNDO ARRIZABALAGA

Britaniya tojini meros qilishga navbatda 5-o‘rinda turgan shahzoda Harri va uning qaylig‘i – amerikalik aktrisa va fotomodel Megan Marklning nikoh to‘yi Vindzor qasridagi Avliyo Georgiy ibodatxonasida o‘tadigan bo‘ldi. Bu haqda Kensington saroyining rasmiy vakili, Harrining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha kotibi Jyeyson Nof ma'lum qildi.  

Nofning aytishicha, Vindzor yangi juftlik va umuman qirollik oilasi uchun “juda muhim joy” hisoblanadi. Shahzoda va uning sevgilisi 16 oydan beri davom etayotgan muhabbatlari davomida Vindzor qasrida vaqt o‘tkazishgan va ularning to‘yi bu go‘zal joyda o‘tishidan xursandlar.

To‘y, jumladan nikohdan o‘tish, musiqiy bezak, qabullarni tashkillashtirish qirollik oilasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, to‘ydan keyin “hazrati oliyalari” deb chaqira boshlanadigan, AQSh fuqaroligiga ega bo‘lgan aktrisa Britaniya fuqaroligini olmoqchi.

33 yoshli shahzoda va 36 yoshli aktrisaning unashtirilganlari 27 noyabrda ma'lum qilindi. Shu kunning o‘zida juftlik fotosessiyada ishtirok etgan va televizion intervyu bergan.  

To‘y o‘tadigan ibodatxona Britaniya qirollik oilasining “uy cherkovi” hisoblanadi. Avvalroq britan ommaviy axborot vositalari ma'lum qilgandek, bu ibodatxona qirolicha Yelizaveta II’ning vafotidan keyin uning dafn marosimi o‘tadigan joy bo‘ladi.

Mavzuga oid