Jahon | 20:35 / 19.02.2021
6569
2 daqiqa o‘qiladi

Shahzoda Harri va uning rafiqasi qirollik oilasi a'zolari majburiyatlarini bajarishdan batamom voz kechishdi

Foto: Hannah McKay/File Photo / Reuters

Bukingem saroyi shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan Markl Britaniya qirollik oilasi a'zolari majburiyatlarini bajarishdan batamom voz kechganlarini tasdiqladi. Saroyda ta'kidlanishicha, qirollik oilasi bu qarordan qayg‘uda, biroq Sasseks gersogi va gersoginyasi qirollik oilasining suyukli a'zolari bo‘lib qolishadi.

Endilikda shahzoda va malika barcha harbiy unvonlardan mahrum bo‘ladilar hamda ko‘plab xayriya tashkilotlari va ta'lim muassasalarining homiylari bo‘la olmaydilar.

Shu bilan birga, ular Sasseks gersogi va gersoginyasi bo‘lib qoladilar va Harri shahzoda unvonini saqlab qoladi.

Juftlik qirollik oilasi katta a'zolari maqomidan voz kechish va qirollik oilasidan moliyaviy mustaqil bo‘lish qarori haqida bir yil avval e'lon qilgandi. 2020 yil mart oyida shahzoda va malika qirollik oilasi a'zolari majburiyatlarini bajarishdan rasman voz kechishgan, biroq qirolicha bu masala bo‘yicha yakuniy qarorga kelish uchun ularga bir yil muddat bergan.           

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, juftlik ikkinchi farzand kutmoqda. Shahzoda va malikaning to‘ng‘ich farzandi Archi may oyida 2 yoshga to‘ladi. 

Hozirda juftlik Kaliforniyada yashamoqda.

Mavzuga oid