Jahon | 22:27 / 06.12.2017
7344
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung iqlimni o‘zgartirishda ayblandi

Foto: REUTERS/Kham

Samsung kompaniyasi global isishga ta'sir qiladi, chunki gadjyetlar ishlab chiqarishda “havoni ifloslantiruvchi, qadim zamonlarga xos yonilg‘idan” foydalanadi. Bu haqda Greenpeace faollari 6 dekabrda ma'lum qilishdi, deb yozmoqda IBT.

Greenpeace tabiatni muhofaza qilish tashkiloti Samsung’ni millionlab gadjyetlarini ishlab chiqarishda ko‘mir kabi atrof-muhitni ifloslantiruvchi energiya manbalarini qo‘llashi uchun tanqid qildi. Tashkilot kompaniyani energiyaning yangi manbalariga o‘tishga chaqirdi. Greenpeace vakillari o‘z hisobotlarida Samsung 2016 yilda 16 ming GVt dan ko‘proq energiya sarflaganini va bu miqdordan bor-yo‘g‘i 1 foizginasi tiklanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri kelganini ko‘rsatishgan.

“Hozir butun dunyo o‘z e'tiborini iqlim o‘zgarishiga qaratayotgan va buni to‘xtatish uchun zudlik bilan choralar ko‘rayotgan bir paytda dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri bundan chetda qolmoqda. Samsung buni inkor etish uchun juda yirikdir”, deb aytilgan Greenpeace’da.

Tashkilot odamlarni Samsung’ni tiklanuvchi manbalarga ko‘proq e'tibor qaratishga ko‘ndiruvchi petitsiyani imzolashga chaqirgan. Hozircha petitsiyani 5 ming kishi imzolagan, u ko‘rib chiqilishi uchun esa 100 ming imzo kerak.

Mavzuga oid