Sport | 11:45 / 13.12.2017
29539
13 daqiqa o‘qiladi

U futbolni tashlamoqchi edi. Endi uni «Real» ko‘z ostiga olgan

«RB Leyptsig» hujumchisi Timo Verner – Germaniyada keyingi ikki mavsumda eng to‘purar nemis bo‘lib turibdi (Bundesliga uchrashuvlarida 29 gol). U hali 21 yoshda, ammo u besh mavsumdan buyon o‘sib kelmoqda. U Germaniya terma jamoasiga yozda Konfederatsiyalar kubogini qo‘lga kiritishda yordam berdi, turnirda 3 gol muallifi bo‘ldi.

Keyingi yarim yil mobaynida uni Madridning «Real» klubi kuzata boshladi.

***

5 yil oldin Timo futboldan ketmoqchi bo‘lgandi. U o‘sha mavsumda «Shtutgart» (U-17) tarkibida 24 gol urgan, yoshlar jamoasini bundesliga kubogi finaliga olib chiqqan va katta g‘alabadan umid qilmoqda edi. Ammo muhim uchrashuvda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lindi va sovrin Berlinga ketdi.

Verner cho‘kib qoldi. U ikki hafta karovatidan turmadi va deyarli hech narsa yemadi: «Men futbolga aloqador bo‘lishni istamayman. Menimcha, bu men uchun emas. Hammasi jonimga tegdi».

Ammo yangi mavsum boshlanganida, Verner mashg‘ulotlarga qaytdi – u futbolsiz yashay olmasligini anglagandi.

Timo onasining familiyasida, chunki uning ota-onasi turmush qurishmagan. Otasi – Gyunter Shux – yarim professional darajada futbol o‘ynagan, keyinroq murabbiy bo‘lgan. U bo‘sh vaqtida o‘g‘liga bilganlarini o‘rgatardi. U tufayli Timo «Shtutgart» maktabiga qatnadi va bolalar jamoasidagi to‘purar hujumchi bo‘ldi. 13 yoshida Verner o‘zidan kattalar bilan shug‘ullanishni istab qoldi: unga o‘z tengdoshlari bilan o‘ynash qiziq bo‘lmay qolgandi. Unga ba'zan ruxsat berishardi.

*** 

14 yoshida Vernerni Germaniya o‘smirlar jamoasiga chaqirishdi, u debyut uchrashuvida Polsha darvozasiga het-trik qayd etdi. Bir yarim yil o‘tib Timo o‘smirlar terma jamoasida 21 gol urgandi. Unga Frits Valter nomidagi oltin medal topshirishdi. Germaniyaning eng yaxshi yosh futbolchisi uchun ta'sis etilgan bu mukofotga o‘z vaqtida Mario Gyottse, Leon Gorettska va Emre Jan ham munosib ko‘rilgandi.

Uning rivojlanishida otasi muhim o‘rin tutgan. Otasi Timo bilan maktabga va mashg‘ulotlarga birga borar, yo‘lda unga bilganlarini o‘rgatib ketardi. Ta'lim oila uchun muhim edi: Verner darslarni qoldirmasdi, hatto u jamoaning asosiy tarkibiga o‘tkazilganidan keyin ham darslarga qatnashda davom etgan. «Shtutgart hali maktabdaligimda men bilan shartnoma imzoladi. Men faqat futbol bilan shug‘ullanishim ham mumkin edi, ammo oyim men maktabni tamomlashimni istardi. Bu to‘g‘ri ham edi. Men endi uni ranjitmaganimdan g‘ururlanaman», – deya hikoya qiladi Verner.

Verner o‘zini juda kamtar tutadi. U alkogol iste'mol qilmaydi, turli ziyofatlarga, restoranlarga borishni yoqtirmaydi, uning eng sevimli taomi – oyisi tayyorlagan taomlar.

Muxlislarga esa bunday yigitlar yoqadi. 

***

Timo doimiy ravishda rekordlarni urib kelmoqda. U «Shtutgart» tarixidagi eng yosh debyutant bo‘lgan. U klub safida gol urgan eng yosh futbolchi bo‘lgan. U bundesliga tarixida dubl qayd etgan eng yosh futbolchi sifatida tarixga kirgan. U chempionatda 50 va 100-uchrashuvlarni hammadan erta o‘tkazgan. Murabbiyi Tomas Shnayder hayratini yashirmaydi: «U toza qonli forvard, u raqib darvozasi tomon harakatlanganida poyezdni eslatadi. Unda tezlik bilan birga aql ham bor».

«Shtutgart»dagi 3 mavsumda Timo 14 gol urdi va «Tottenhem» nazariga tushdi. 2015 yilda Maurisio Pochettino rahbariyatdan Vernerni transfer qilishni so‘ragan, ammo klublar kelisha olishmagan. «Shtutgart» bundesligadan tushib ketgach esa, Timo Germaniyaning «eng bezbet jamoasi», endigidan yuqori divizionga chiqqan «Leyptsig» bilan shartnoma imzolaydi. 

***

2016/2017 yilgi mavsumning birinchi yarmi «Leyptsig» – aqldan ozgan jamoa ekanini ko‘rsatdi: bu jamoa «Bavariya»ning jahlini chiqardi, Dortmunddagilarning hasadini keltirib, ularni ortda qoldirdi. Fevralgacha Timo 10 gol urdi, murabbiy Ralf Xazenxyuttl esa u haqda komplimentlarni tindirmasdi: «Verner – ajoyib futbolchi. U to‘p qayerga kelishini oldindan biladi va bo‘sh zonalardan aql bilan foydalanadi. Timo – bundesliganing eng yaxshi hujumchisi».

Mavsumning ikkinchi davrasida Verner yana 11 marta raqib darvozalarini ishg‘ol etdi va mavsum to‘purarlari ro‘yxatida Modest, Levandovski va Obameyang qatorida to‘rtinchi bo‘ldi.

«Leyptsig» murabbiyi Xazenxyuttl uni yanada takomillashtirdi, Verner qanotlarda ham o‘ynay boshladi. «Shtutgart»da u faqat markaziy hujumchi sifatida harakatlangan va kosmik tezligidan (11,1 sekundda 100 metr) foydalanmasdi. Endi esa uni jamoadoshlari Turbo-Timo deb chaqira boshlashdi.

Uning tezkorligi va golni his qilish qobiliyatidan tashqari, maydonni ko‘rish va driblingi ham zo‘r. Uning o‘yin davomidagi manevrlari hatto raqiblariga ham yoqadi. «U supertezlikka ega, unda muz kabi xotirjamlik bor, u har qanday nuqtadan turib gol ura olishi mumkin. To‘p jarima maydoniga yo‘llanganida uni qattiq qo‘riqlash kerak bo‘ladi. U terma jamoa kelajagi» – degandi «Hoffenhaym» futbolchisi, terma jamoadagi o‘rin uchun Vernerning raqobatchisi Sandro Vagner.

«Men uni avvaldan, bolalikdan beri bilaman. Timo – juda zo‘r edi va nihoyat o‘z darajasini ko‘rsatdi», – deyadi «Bavariya» futbolchisi Yozua Kimmix. U ham «Shtutgart» tarbiyalanuvchisi, 2015 yilda «Shtutgart»dan «Bavariya»ga kelgan.

Verner ham o‘zi haqida shunday deydi: «Menimcha, men yangi tipdagi hujumchiman. Agar 2010 yilgi jahon chempionatidan keyingi davrda futbol qay tariqa rivojlanganiga qarasak, endi ko‘pchilik klassik markaziy hujumchilardan voz kechgan. Bunday ampluadagi hujumchilar 20 nafar atrofida qoldi. Klublar xuddi «Leyptsig»da bo‘lgani kabi ikki hujumchili sxemada o‘ynay boshlashmoqda. Albatta, Germaniya terma jamoasi istisno – u yerda kuchli yarim himoyachilar juda ko‘pligi tufayli, ularning kreativligi evaziga bir hujumchi bilan ham o‘ynash mumkin. Ko‘ramiz, u yerda bitta o‘rinni band eta olarmikinman». 

Bundesligada 21 gol urganidan keyin ham Timo kamtarligicha qoldi: «Bir marta «Leyptsig»ning oddiy muxlisi mendan telefon raqamimni so‘radi. Men rozi bo‘ldim. Endi biz vaqti vaqti bilan suhbatlashib turamiz, ba'zida u shunchaki sms jo‘natadi. Odatda mashhur odamlar notanish qo‘ng‘iroqlarni qabul qilishmaydi. Lekin men unday emasman. Men o‘zimni yulduz deb hisoblamayman».

Bu odati unga qo‘l keldi. Bir safar Timo mashg‘ulotga ketayotganida notanish raqamdan qo‘ng‘iroq keladi. U o‘ylanib o‘tarmasdan qo‘ng‘iroqni qabul qiladi. Bu Yoaxim Lev edi. Timoning terma jamoaga birinchi chaqiruv olishi shunday ro‘y bergan.

«Men rulda edim va darhol mashinani yo‘l chetiga to‘xtatdim – bunday vaziyatda avariyaga uchrash hech gap emasdi. U bilan gaplashib olganimizdan keyin men bir necha daqiqa joyimdan jilmadim. Aks holda men hayajonda boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa borib urilishim hech gap emasdi». 

*** 

Terma jamoadagi debyut Angliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga to‘g‘ri kelgan. 3 oy o‘tib Lev Timoni Konfederatsiyalar kubogiga markaziy hujumchi sifatida olib keldi, uning terma jamoaga moslashishida sobiq murabbiyi Tomas Shnayder yordam berdi (ular «Shtutgart»da birga ishlashgan, bir necha yil oldin murabbiy Lev shtabiga kirgandi).

Rossiyadagi turnirda Verner eng yaxshi bombardir bo‘ldi: 3 gol va 2 golli pas. «Unda gol sezish qobiliyatidan tashqari, tirishqoqlik ham bor. U juda ko‘p mehnat qiladi», – deya e'tirof etadi Lev. 

Timo bolaligidan mehnatga o‘rgangandi. U shahar tashqarisida otasining uzum bog‘ida ishlagan. U tez ishlashi kerak edi, u maktabdan keyin mashg‘ulotlar boshlangunicha bo‘lgan tanaffus vaqtida boqqa borardi. U otasi bilan toqqa ham borardi va cho‘qqilarga ko‘tarilardi. «Men o‘shanda o‘z oldimga profi bo‘lishni maqsad qilgandim, buning uchun esa ko‘p ishlash kerak edi», – deya xotirlaydi Verner.

Kloze va Podolski terma jamoadan ketgach, Germaniyada hech kim ularning o‘rnini Verner egallashiga shubha qilmayapti. Roys doimo davolanishda, Myuller hammadan kam gol uradi, Vagner 30dan oshdi, Mario Gomes esa – 32 yoshda. Gomes yosh yulduzni maqtaydi: «Keyingi 10 yilda Germaniya termasida asosiy hujumchi Verner bo‘ladi». Germaniya futboli afsonasi Lotar Matteus ham yigitcha haqida iliq fikr bildirgan: «Uning o‘yini ko‘p imkoniyatlarni ochadi. Men Vernerni terma jamoada ulkan muvaffaqiyatlar kutib turibdi, deb hisoblayman».

Timo Levga ham juda yoqadi, murabbiy og‘ir damlarda uni qo‘llagan. O‘tgan mavsumda yosh hujumchi «Shalke»ga qarshi o‘yinda simulyatsiya qilib, penalti ishlagandi. Buning uchun Germaniyadagi muxlislar bir necha oy davomida Vernerga hushtakbozlik qilishgandi.

«U xatoga yo‘l qo‘ygandi va tezda xatosini tan oldi. Axir u hali juda yosh. Hali faoliyati boshida turgan va bir mavsumda 21 gol urgan terma jamoa futbolchisiga hushtakbozlik qilish to‘g‘ri emas. Bu normal holat emas», – deya g‘azablangandi o‘shanda Lev.

Verner o‘zini buyuk basketbolchi Kobi Brayantga mengzaydi: «Kobiga ham bir vaqtlar hushtakbozlik qilishardi, ammo u hamisha o‘zini maydonda ko‘rsatgan. Bu, albatta, men maydonda eng yaxshisi bo‘layotganimni anglatmaydi. Ammo men undan o‘rnak olishim kerak». 

***

Joriy mavsumda Verner Germaniyada yanada yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda: chempionat doirasidagi 13 o‘yinda 8 gol, Chempionlar ligasida 3 ta. U shuningdek, Germaniya termasidagi 4 o‘yinda ham 3 golga muallif bo‘lgan. Agar voqealar rivoji shunday davom etsa, keyingi yozda uni «Real» yoki «Bavariya» o‘ziniki qiladi.

Yupp Xaynkes uni o‘z jamoasida ko‘rishni hozirdan istamoqda: «Bavariya» Verner bilan bir necha yil oldin shartnoma imzolashi kerak edi».

O‘sha simulyatsiyani unutishdi, Verner ulg‘aydi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi. Tez orada uni hamma tanib oladi.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid