Sport | 01:06 / 14.12.2017
10749
2 daqiqa o‘qiladi

Para-Osiyo o‘yinlari: O‘zbekiston hisobida yana 9 ta medal

Foto: Paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

13 dekabr kuni 8 nafar paralimpiya sportchilarimiz Dubay shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan Para-Osiyo o‘yinlari bahslarida ishtirok etib, paralimpiya sportining yengil atletika, suzish va pauerlifting turlarida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga qo‘shib qo‘yishdi. Paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Yengil atletika sport turida 200 metr masofaga yugurish bo‘yicha Suxanova Sabina 30.01 natijasi bilan oltin medalni, shu masofada erkaklar o‘rtasida kechgan bahsda yana bir hamyurtimiz Pashayev Damir 24.15 natijasi bilan kumush medalini qo‘lga  kiritdi hamda 800 metr masofaga bo‘lgan yugurishda barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Yana 2 ta oltin medalni yadro otish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Rixsimov Muhammad (11.42) hamda ayollar o‘rtasida Ergasheva Roziyaxon (7.78) qo‘lga kiritdi.

Nayza otish bahslarida esa sportchimiz Odilov Yorqinbek nayzani 31.02 metrga otib, oltin medal sohibiga aylandi.

Suzish sport turida Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlari chempioni Fotima Omilova  200 metr masofani 02:36.95 soniyada suzib o‘tib, birinchi o‘rinni egalladi.

Pauerlifting sport turida esa 2 ta bronza medalini 59 kg vazn toifasida Rahimjonov Abbosxon (94 kg) hamda 88 kg vazn tofasida Xo‘jaxonov Muhammadxon (98 kg) qo‘lga kiritdi.

Paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Shu kunga qadar O‘zbekiston Milliy Paralimpiya terma jamoasi sportchilari 15 ta oltin , 3 ta kumush va 2 ta bronza, jami 20 ta medalni naxt qilib qo‘yishdi. Umumjamoa hisobida esa 30 Osiyo mamlakatidan kelgan 800 nafar sportchi orasida 4-o‘rinni egallab kelishmoqda.

 

Mavzuga oid