Jahon | 14:40 / 16.12.2017
13328
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik xizmat minbari: Mehnat huquqlarini faqatgina Mehnat kodeksi kafolatlaydi

Foto: Shutterstock

SAVOL: Men 1995 yildan beri mexanik bo‘lib ishlayman. Bilishimcha, o‘sha paytda Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksi amalda edi. Bu mening huquqlarim hali ham eski qonun bilan kafolatlanishi lozim deganimi?

A.Rashidov

JAVOB: Yo‘q, unday emas. Sizning huquqlaringiz 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan hamda 1996 yil 1 apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bilan kafolatlanadi.

Avval amalda bo‘lgan Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksidan farqli ravishda, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi mehnat munosabatlarini bozor munosabatlari sharoitlarida tartibga solishga qaratilgan. U mehnatga oid munosabatlarni shartnomaviy tartibga solish sohasini sezilarli darajada kengaytirdi. Siz mehnat faoliyatingizni Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksi amalda bo‘lgan paytda boshlaganingizga qaramasdan, yangi qabul qilingan Mehnat kodeksi amalga kiritilgan paytdan boshlab, sizning mehnatga oid munosabatlaringiz uning huquqiy tartibga solish doirasida bo‘ladi.

Mehnat kodeksi amalga kiritilgan kundan e'tiboran mehnat to‘g‘risidagi amaldagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning Mehnat kodeksiga zid bo‘lmagan qismi qo‘llaniladi.

Savolga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuridik xizmati rahbari Davlatnazar Matrasulov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Mavzuga oid