O‘zbekiston | 17:40 / 29.12.2017
25939
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident mukofotlaydigan medallar soni bittaga ko‘paydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 29 dekabrdan «Kelajak bunyodkori» medalini ta'sis etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi, deb yozmoqda O‘zA.

«Kelajak bunyodkori» medali bilan vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, xalq manfaatlari uchun sadoqat bilan xizmat qilayotgan, Vatanning xalqaro maydondagi obro‘-e'tiborini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, shuningdek o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi. 

«Kelajak bunyodkori» medali Nizomiga ko‘ra, mazkur mukofot bilan taqdirlanganlarga eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida pul mukofoti beriladi. Medalni O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmaganlar ham olishi mumkin. 

«Kelajak bunyodkori» medali bilan kimki vafotidan keyin mukofotlansa, medal va pul mablag‘lari uning oilasiga topshiriladi. Medal bilan taqdirlanganlar «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda imtiyozlardan foydalana oladi. 

«Kelajak bunyodkori» medali bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi.

Mavzuga oid