Jamiyat | 11:30 / 31.12.2017
15722
2 daqiqa o‘qiladi

Yarim ko‘ngillarni xushnud etish umidida...

Bugun, 30 dekabr kuni, Toshkent viloyati hokimligi, KUN.UZ tahririyati hamda “Rayhon” tarmoq restoranlari hamkorligida Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani, 15-sonli Mehribonlik uyi bolajonlari uchun bayram dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Rayhon” oilaviy taomlar restorani homiyligida tashkil etildi. Bayramda 175 nafar bolalar to‘kin dasturxon, quvnoq musiqa sadosi ostida o‘yin-kulgu va  xursandchilik qilishdi. 

Jajji ko‘ngillarning quvonchi atrofdagilarga ham o‘tdi, maxsus shou-dastur esa bayram shukuhiga alohida zavq qo‘shdi. Har bir bolajonga taqdim etilgan yangi yil sovg‘asi bolalarni yanada xursand qildi. 

Insondan oxir-oqibat faqat yaxshilik, mehr va yaxshi xotira qoladi. Shunday insonlar bor, mehrga zor, e'tiborga intizor. Yana shunday odamlar bor-ki, har so‘zida, har harakatida savob umidi bor. Davlatimiz tomonidan boquvchisidan ayrilgan, mehnatga layoqatsiz yoki voyaga yetmaganlarga yetarli darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, zarur barcha sharoitlar yaratilgan hamda mehri daryo tarbiyachilar mehnat qilishadi. Garchi hamisha qorni to‘q, egni but bo‘lsa-da,  yana bir shirin so‘z, yana bir mehrli e'tibor ila kemtik ko‘ngillarni obod etish maqsadida tashkillashtirilgan hayriya tadbiri barcha savobtalablarga o‘rnak bo‘lsa ajab emas.

 

Mavzuga oid