O‘zbekiston | 14:55 / 26.12.2024
8995
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi

Hukumat qaroriga ko‘ra, endilikda poytaxtda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida bo‘lishi talab etiladi. Shahar aholisi 20 yil ichida 3 milliondan 7,5 million nafargacha oshishi mumkin. Aholi eng zich hududlarda yangi binolar uchun qavatlar soni bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiladi.

Foto: Kun.uz

24 dekabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 880-sonli qarori bilan, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlandi.

Rejada mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida poytaxtdagi aholi punktlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan.

Endilikda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida, belgilangan tartibda ushbu hududning master-rejasi, batafsil rejalashtirish loyihasi yoki qurish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlagan holda amalga oshiriladi.

Bosh rejani ishlab chiqishdan asosiy maqsadlar quyidagilar:

  • qurilishga ruxsat berish jarayonlarini tartibga solish;
  • shaharning muhandislik xamda yo‘l-transport infratuzilmasini, umumiy strategiyasini rejalashtirish;
  • shaharning yashil va sanitar himoyalanadigan hududlari xamda madaniy merosini muhofaza qilish;
  • iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash; aholining bugungi va istiqboldagi talablarini qanoatlantirish.

Bosh reja shaharning mavjud me’moriy-fazoviy va rejaviy ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan raqamli «Geoaxborot tizimi» (GIS) platformasida shakllantirilgan holda ishlab chiqilgan. Shuningdek, demografik tendensiyalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan.

«Migratsiya va tabiiy o‘sish ma’lumotlariga asoslanib, infratuzilma va turar joy loyihalari, shu jumladan, transport va muhandislik tarmoqlarini ortiqcha yuklanishdan himoya qilish rejalashtirildi», – deyiladi hukumat qarorida.

Bosh rejaga ko‘ra, poytaxt Toshkentning ma’muriy chegaralari doirasidagi hozirgi umumiy maydoni 43 ming 873 gektarni tashkil etadi. Aholi soni 3 million bo‘lib, 2045 yilgacha 7,4 million kishigacha yetishi mumkin.

Soddalashtirilgan ko‘rinishdagi Bosh reja Toshkent shahri hududlarini kuyidagi zonalarga ajratib beradi:

Konservatsiya zonalari – shaharning ekologik va sanitariya holatini shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ijtimoiy sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan xolla, yashil hududlar, suv va yo‘l bo‘yi himoya hududlari xamda madaniy meros maydonlari muhofaza qilinadi va ushbu hududlarda qo‘shimcha turar va noturar bino xamda inshootlar qurilishi taqiqlanadi.

Rekonstruksiya zonalari. Ular 3 ga bo‘linadi: shakllangan hududlar, takomillashtirish talab etiladigan hududlar, zichlashtirish talab etiladigan hududlar:

  • shakllangan hududlarda Toshkent shahar hokimligi tomonidan zarurati bo‘lganda, jamoatchilik fikri asosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishiga ruxsat etiladi. Bunda shakllangan hududlarga qurilishi so‘nggi 5 yilda tugallangan va aholi uchun istiqomat qilish muhiti to‘liq yaratilgan hududlar xamda bugungi kunda takomillashtirishga ehtiyoji yuk hududlar kiradi;
  • takomillashtirish talab etiladigan hududlarda aholi zichligi saqlab qolinadi. Hududning dizayn kodlari ishlab chiqilib, tashki ko‘rinishi zamonaviylashtiriladi, jamoat joylari va ochiq maydonlar obodonlashtiriladi xamda qo‘shimcha ijtimoiy va infratuzilma obektlari qurilishiga ruxsat etiladi;
  • zichlashtirish talab etiladigan hududlarda shahar muhitining sifati ta’minlangan va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yanada yaxshilash uchun talab va infratuzilmalarni inobatga olgan holda, hududlarni zichlashtirish yoki qisman zichlashtirish yo‘li bilan ko‘p qavatli bino va inshootlar qurishga ruxsat etiladi.

Renovatsiya zonalari esa 2 ga bo‘linadi: qayta shakllantiriladigan hudud va kengaytiriladigan hududlar:

  • qayta shakllantiriladigan hududda (bo‘sh yerlar, sanoat hududlari, kam qavatli uylar) foydalanish uchun yaroqsiz, shahar ekologik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, zilzilabardoshlik talablariga javob bermaydigan bino va inshootlar bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud kompleks master-rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari asosida yangi funksiyalar bilan qayta qurishga ruxsat etiladi;
  • kengaytiriladigan hududda yangi yer maydonlari tasdiqlangan bosh rejaga asosan bino va inshootlar qurilishi uchun o‘zlashtiriladi. Bunda mazkur hudud va ilgari shakllangan hududlar orasidagi tafovut bosqichma– bosqich qisqartirib boriladi xamda ular o‘zaro uyg‘unlashtiriladi.

Shuningdek, har bir zonada o‘zining foydalanish talablari belgilanib, ularni GIS platformasida yaratilgan shaharning raqamli egizagi orqali jamoatchilik tomonidan ochiq ko‘rish imkoniyati mavjud buladi.

Shuningdek, shahar bosh rejasi 5 ta funksional hududlarga bo‘linadi:

  • turar joy hududi;
  • jamoat binolari hududi;
  • sanoat hududi;
  • rekreatsiya hududi;
  • transport tarmoqlari hududi.

Yashil maydonlar

Bosh rejaga ko‘ra, poytaxtdagi yashil ko‘kalamzorlar kuyidagi tasniflarga ajratiladi:

  • umumiy foydalanish ko‘kalamzorlar;
  • foydalanishi cheklashgan ko‘kalamzorlar;
  • maxsus maqsadli ko‘kalamzorlar.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida mavjud yashil maydonlar, cheklangan hududlar bilan birga 7 120 gektardan oshadi. Lekin atigi 893 gektar yashil maydonlar umumiy foydalanishda. Qolgan 5 102 gektar yashil maydonlar cheklangan hududda, yana 1 125 gektari esa maxsus yashil maydonlardan iborat.

Hujjatga ko‘ra, Bosh reja doirasida Toshkentda 10 ming gektar qo‘shimcha yashil maydonlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, shahar atrofi bo‘ylab 15 ming gektar maydonda yashil belbog‘ barpo etiladi. Toshkent shahri aholisi jonboshiga bugungi kunda to‘g‘ri keladigan Z kvadrat metr yashil hudud 8 kvadrat metrga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Poytaxt transport tarmoqlari

Bosh rejaga ko‘ra, Toshkent shahrida umumiy hisobda 836 km uzunlikdagi yo‘llar mavjud. Bosh reja doirasida aholining harakatlanishga bo‘lgan talabini qondirish xamda transport oqimi barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 647 km yangi yo‘llar qurilib, mavjud 140 km yo‘llar kengaytiriladi.

Jamoat trancportidan foydalanish ulushini oshirish, shahar ko‘chalaridagi avtomobillar sonini qisqartirish maqsadida 27 ta transport tarmog‘i markazlari (Park-and-ride), yangi metropoliten yo‘llari barpo etish hisobiga 2045 yilgacha jamoat transportidan foydalanish 60 foizgacha oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, hujjatda zichlikni nazorat qilish mexanizmlari joriy etilib, aholi eng zich bo‘lgan hududlarda yangi binolar uchun qavatlar soni bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilayotgani ma’lum qilingan.

Bosh rejada shahar hududlarining zichlik parametrlari barqarorligini ta’minlash maqsadida shaharsozlik talablari ham belgilangan. Bosh reja – birinchi navbatda 2030 yilgacha, hisob davri bo‘yicha 2045 yilgacha amalga oshirilishi belgilangan.

Bosh rejaning ijrosi yuzasidan hukumatda har chorak yakunida Toshkent shahar hokimining hisoboti eshitiladi.

Shuningdek, hokimlik uch oy muddatda bosh rejani amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur.

Hukumat qarori ijrosining nazorati bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov zimmasiga yuklatilgan.

Mavzuga oid