Jamiyat | 00:40 / 06.01.2018
75668
5 daqiqa o‘qiladi

Oqibatni 17 yilga unutgan qo‘shnilar

Foto: KUN.UZ

Barchamiz bir joydan start olmaganmiz! Bu gap shunchalar umumiyki, har qachon «nega aynan men», «nima gunohim uchun», deb o‘z-o‘zingizga savolga berganingizda ushbu jumlani eslab turing. Avval boshdan, biz bir chiziqda emasdik. Negaki, kimdir moliyaviy baquvvat oilada, kimdir uzoq ovuldagi cho‘pon oilasida tavallud topdi. Yaratgan kimgadir chiroy, boshqasiga zakiy aqlni ato etdi. Kimdir hayotda omadli milliarder, boshqasi mirishkor dehqon... Katta o‘yin boshlanganida - bir chiziqda saf tortmadik. Insoniyat bu azaliyatning mohiyatiga yetib bormay, iqtidor, chiroy yo boyligini ko‘kka sovurdi, nima uchun berilganini unutdi.

Shunday o‘ylar bilan Sirdaryodan qaytib keldim. Yurakni shunchalar hapqirtirgan voqea shu bo‘ldiki, ming yillik tarixga ega xalqimiz bir devor narida yashab turgan qo‘shnisining holidan xabar olishni unutibdi. Bir kun emas, bir yil emas, naq 17 yilga unutibdi... Mushtariyni qiynamay, voqeani bir boshdan muxtasar aylasam.

Tahririyatimizga yetib kelgan navbatdagi murojaat Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidan edi. Unda aytilishicha, mushtipar ona maktab yoshiga yetib qolgan ikki nafar nabirasiga tug‘ilganlik haqida guvohnomani ololmay sarson. Ma'lum qilinishicha, bolalar o‘sib ulg‘ayib qolganiga qaramay, haligacha tug‘ilganlik haqida guvohnomasi yo‘q, bu esa jonkuyar onani kuyuntirib qo‘ygan. Masalaga oydinlik kiritish uchun Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldik.

Aniqlanishicha, Kun.uz'ga murojaat yo‘llagan ayolning kelini muqaddam Tojikiston SSR fuqarosi sifatida tug‘ilganlik guvohnomasiga ega bo‘lgan, shundan so‘ng O‘zbekistonga kelib, fuqarolik pasportini ololmagan. Hech qanday hujjatsiz, rasman FHDYoda qayd etilmasdan, Boyovut tumanida yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosiga turmush chiqqan. Ayni paytda oila - ahil, shirindan-shakar ikki nafar qizni tarbiyalab kelishyapti. Aynan onasining pasporti yo‘qligi, qolaversa, FXDYoda nikohdan o‘tmagani, ikkala nabirani tug‘ilganlik guvohnomasisiz yashashga mahkum etgan. Eng achinarlisi oila ustuni - qizlarning otasi baxtsiz falokatga yo‘liqib, ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qolgan.

Tabiiy, savol paydo bo‘ldi: bolalarning kelajagi byurokratik qandaydir omilga asir bo‘ldimi? Balandparvoz shiorlarni takrorlab yurgan Yoshlar Ittifoqi vakillari, ashor to‘qib, ayollar huquqni himoya qiluvchi Xotin-qizlar qo‘mitasi qayoqqa qarayapti? Nega jamoatchilik bunday chigal vaziyatga jur'at bilan aniqlik kirita olmaydi?

Tuman IIB, FXDYo bo‘limida bo‘lib, mutasaddi rahbarlar bilan suhbatlashganimda anglab yetdimki, hujjatlarni rasmiylashtirishga hech qanday to‘siq g‘ov bo‘lib turgani yo‘q. Shunchaki, o‘rnatilgan tartibda, so‘ralgan hujjatlarni tayyorlab kelishsa, bas!

Murojaatning asl muddaosi shu pallada ma'lum bo‘lib qoldiki, mushtipar ona o‘g‘lining nogironligidan siqilib, o‘zi ham ko‘p dardga duchor bo‘lgan, oila faqat moddiy ko‘makka muhtoj. Kelini esa 17 yildan buyon (fuqaroligi yo‘q shaxslarga taqdim etiluvchi) oddiy pasportni olishga qurbi yetmaydi. Bir tarafda, qizlar ulg‘ayib maktabga borishga shay turibdi, ularning kundaligi tugul, ism-sharifi yozilgan bir parcha qog‘ozi ham yo‘q.

Xonadondan ketar chog‘imizda mo‘ltirab turgan ko‘zlarda xalqning ma'naviy «qashshoq»ligini ko‘rdim. «Qashshoq xalq» aslida murojaat yo‘llagan ona emas, balki bir devor naridagi uyda yashab, 17 yildan keyin ham oilaning holidan xabar olishga eringan qo‘shni, dunyoning ishlari bilan andarmon bo‘lgan mahalladoshlar, yumshoq kursiga cho‘kib ketgan amaldorlar «qashshoqlashib» qolibdi... Unutmang, biz yaralganimizdan bir chiziqdan start olmaganmiz, balki bu aql va qudratni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun dunyoga keldik.

Mavzuga oid