Sport | 14:06 / 12.01.2018
14254
10 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» kimni sotib oldi? Tanishing: Yyerri Mina

Samuel Umtitining kutilmaganda safdan chiqishi va Xaver Maskeranoning yanvarda jamoani tark etishi mumkinligi, hozirda maydonga tushayotgan Tomas Vermalenning istalgan paytda jarohatlanib qolish odati «Barselona»ni yanvar oyidayoq markaziy himoyachi sotib olishga undadi.

Asosiy nomzodlar sifatida La Ligada yoki Yevropada yetarli tajribaga ega bo‘lgan Inigo Martines, Kulibali va De Ligt tilga olingan bo‘lishiga qaramasdan, klub «Palmeyras»ning 22 yoshli kolumbiyalik himoyachisi Yyerri Minani sotib oldi. Kataloniyaliklar futbolchi uchun 12 million yevro atrofida pul to‘lashdi va futbolchi 2023 yilgacha klub bilan shartnomaga imzo chekdi. Minaning tovon puli 100 million yevro deb qayd etildi. Ko‘p muxlislar ushbu transfer haqidagi rasmiy xabardan keyingina Mina nomini ilk bor eshitishgan bo‘lsa-da, «Barselona» muxlislari uchun bu nom yangilik emas. Braziliya A Seriyasida esa, Mina haqiqiy yulduz va so‘nggi mavsumning eng yaxshi himoyachisi hisoblanadi. 

ChO‘ZILIB KeTGAN TRANSFeR

Foto: Sport Ekspress

Yyerri Mina nomi «Barselona» muxlislariga tanish deb bekorga aytilmadi. Ushbu transfer go‘yoki shoshilinchdek tuyulayotgan bo‘lsa-da, aslida Mina va «Barselona»ning yo‘llari kesishishi ikki yilga cho‘zildi. 

«Barselona» futbolchi bilan u Kolumbiyaning «Santa-Fe» jamoasida to‘p surib yurgan paytidayoq qiziqqandi. 2016 yilning qishki transfer darichasida Mina «Barselona» bilan muzokaralar o‘tkazgan. Rejaga ko‘ra, Mina «Barsa B» tarkibiga qo‘shilib, o‘sha yerda faoliyatini davom ettirishi lozim bo‘lgan. Ammo oraga «Palmeyras» qo‘shilgach, «Barselona»ning rejalari o‘zgardi – Kolumbiya chempionatidan ancha kuchli bo‘lgan Braziliya A Seriyasi Yyerrining o‘sishi uchun juda maqbul edi. «Barselona» va «Palmeyras» o‘zaro kelishib olishdi – Yyerri «Palmeyras» bilan shartnoma imzolaydi, «Barselona» esa, futbolchini sotib olish uchun dastlabki huquqga ega bo‘ladi. 

Minaning «Barselona»ga transferi haqida o‘tgan yozning boshida muzokaralar boshlandi.  Futbolchining transferi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan, faqat u Libertadores kubogida o‘z jamoasiga yordam berishni istayotgandi. «Palmeyras» ushbu turnirni tark etishi hamono Minaning «Barselona» safidan joy olishi kelishib olingandi. Ammo...

Avgust oyida boshqa bir «Barselona» bu ishga xalaqit berdi, Ekvadorning shu nomli klubiga qarshi javob o‘yinining 39-daqiqasida Yyerri Mina jiddiy jarohat oldi va 3 oyga safdan chiqqani ma'lum bo‘ldi. Aynan shu jarohat futbolchining Barselonaga ko‘chib o‘tishiga to‘sqinlik qildi. Yyerri keyingi to‘liq o‘yinini noyabrning o‘rtalariga kelibgina o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Jarohatdan so‘ng ham asta sekinlik bilan yuksak sport formasiga kirib borayotgan Mina «Barselona» nazaridan qochmadi va nihoyat, biroz kech bo‘lsa-da, u o‘z orzusiga erishdi.

SOBIQ DARVOZABON

«U texnik tomondan juda yaxshi shakllangandi, juda aqlli, maydonni va vaziyatni juda to‘g‘ri his qilardi. Yyerri kelganida darvozabon edi, ammo biz markaziy himoyachiga ehtiyoj sezayotganimiz uchun, unga himoyani boshqarishni to‘liq topshirdim» – deb eslaydi Mina o‘ynagan «Deportivo Pasto» yoshlar jamoasi murabbiyi Fernando Figeroa.

Mina nafaqat himoyada, hujumda ham juda foydali harakat qila oladi. To‘rt yillik professional faoliyatida u 21 gol urishga ulgurdi. Kolumbiya terma jamoasi safida ham atigi 9 o‘yinda maydonga tushganiga qaramasdan, 3 gol va 1 golli pas muallifiga aylandi. Minaning bo‘yi 195 sm, shu bilan birga uning to‘p bilan yaxshi muomala qilishi, standart vaziyatlardagi benazir o‘yini «Barselona» himoyasini mustahkamlabgina qolmay, hujumda ham xavfli jamoaga aylantiradi.

«Deportivo» murabbiylaridan biri Diyego Dulse Minani qo‘yidagicha ta'riflaydi:
«U o‘z imkoniyatlarini va ustunliklarini juda to‘g‘ri faxmlay oladi va bundan foydalanishni biladi. Mina tashqi ko‘rinishidan juda kamtar bo‘lishiga qaramay, o‘z oldiga yuqori maqsadlar qo‘yardi. O‘z holatidan qoniqmas, yuqori maqsadlar uchun harakat qilardi. Bugun uning «Barselona»da ekani ham aynan o‘sha xarakteri tufayli».

HAQIQIY YeTAKChI

Foto: Sport Ekspress

Yyerri Mina terma jamoa safiga qo‘shilganiga u qadar ko‘p vaqt bo‘lmagan, lekin shu qisqa vaqtda u jamoaning muhim bo‘lagiga aylanib ulgurdi. Buni oddiy statistika bilan ham isbotlash mumkin. 

Mina Kolumbiya terma jamoasi safida jahon chempionati saralash bosqichida 9-turdan harakat qila boshladi. U ishtirok etgan dastlabki 5 o‘yindan (9-13 turlar) 3tasida kolumbiyaliklar g‘alaba qozonishdi, 2 o‘yinda esa durang qayd etildi. Bu 5 o‘yindan 3tasida darvoza daxlsizligi saqlab qolindi. Ayniqsa, Urugvay terma jamoasiga qarshi o‘yinda yosh himoyachi o‘z jamoasiga qimmatli ochkolarni olib kelgandi. O‘yin tugashiga 7 daqiqa qolganida kolumbiyaliklar 1:2 hisobida ortda borayotgan edi. Mina himoyadan turib to‘pni egallagan holda, bir o‘zi butun maydon bo‘ylab olib bordi va qanotdagi sherigi Kuardadoga yetkazib berdi. Mina bu harakat bilan to‘xtab qolmay, o‘zi jarima maydoniga kirib bordi va Kuardadoning uzatmasini golga aylantirdi.

Mina jarohat olgach esa, Kolumbiya keyingi 5 o‘yindan 2tasini yutqazdi va faqat bir o‘yinda g‘alaba qozondi xolos. 

ORZULAR YO‘LIDA

Yyerri Mina 1994 yilning sentabrida, Kolumbiyaning Guachene shtatidagi Kauka qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolalikdagi do‘stlari bilan ko‘chadagi o‘yinlardanoq bo‘lajak futbolchi ekani ma'lum bo‘lib ulgurgan o‘g‘lini Eulis Mina mana shu yo‘lni tanlashga qiziqtirgan va «Amerika Kali» mashg‘ulotlariga olib kelgandi. Minaning haqiqiy professional futbolchi bo‘lish orzusi 15 yoshida amalga oshmay qoldi. Chunki jamoada qolish uchun o‘rta maktabni tashlashga to‘g‘ri kelardi.

Oradan bir necha yil o‘tib, Yyerri ning amakisi Jyeyr Mina «Deportivo Pasto» klubida to‘p surib yurgan Manuel Sapata bilan aloqaga chiqdi va jiyanini tavsiya qildi. Yuqorida tilga olib o‘tilgan murabbiy Fernando Figeroa o‘smirni yoshlar jamoasiga qabul qilish uchun ko‘p o‘ylab o‘tirmadi. Bu shart ham emasdi. Yoshlar jamoasida bir qator o‘yinlarda maydonga tushgach, Mina tezda o‘zini ko‘rsata oldi va asosiy tarkib murabbiyi Flabio Torres o‘shandayoq yosh himoyachini yorqin kelajak kutib turganini sezgandi.

U Pasto markazidagi Obrero rayonida, o‘zi kabi 15 futbolchi bilan yotoqxonada istiqomat qilardi. «U juda sokin va aqlli edi. Obrero ko‘chalarida bir o‘zi sayr qilishni yoqtirar va doim kelajakda eng cho‘qqiga chiqishni orzu qilib yurardi» – deb eslaydi o‘sha yoshlar jamoasida Mina bilan birga to‘p surgan Jovanni Ruis.

«Pasto»ning asosiy tarkibidagi bir mavsum butun mamlakatning u haqida gapira boshlashi uchun kifoya qildi. Kolumbiyaning eng kuchli klublaridan biri, poytaxtning «Santa Fe» klubi uni o‘z safida ko‘rishni istadi. Allaqachon o‘zini yuqori maqsadlarga ruhan tayyorlab bo‘lgan Yyerri Mina u yerda ham yo‘qolib qolmadi. Yuqori qavatlardagi benazir o‘yini, ishonchli harakatlari bilan u yangi klubining mamlakat chempioni va Superkubok sohibi bo‘lishida munosib hissa qo‘sha oldi. Uch yilda u «Santa Fe» tarkibida 7 gol muallifi bo‘ldi va 5 golga assistentlik qildi. Markaziy himoyachi uchun bu juda yaxshi ko‘rsatkich edi.

2016 yilda Braziliyaning «Palmeyras» klubi bilan shartnoma imzolagan Yyerri endi Kolumbiyaning eng umidli himoyachilaridan biri bo‘lib ulgurgan, avvaliga olimpiya, keyin esa, asosiy terma jamoaga nomzod sifatida qarala boshlagandi.

Braziliya chempionatida ilk golini «Santos» darvozasiga urgan qahramonimiz ilk mavsumdayoq 6 gol muallifi bo‘ldi, Braziliya chempioniga aylandi. Chempionatning eng yaxshi markaziy himoyachisi sifatida e'tirof etildi, mashhur El País jurnali esa, uni o‘tgan mavsumda Janubiy Amerikaning ramziy terma jamoasiga kiritdi.

Uning «Barselona»ga transferi osmondan tushib qolgan omad emas, Yyerrining faoliyatida mantiqiy davom edi.  

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid