O‘zbekiston | 15:40 / 18.01.2018
76255
2 daqiqa o‘qiladi

«Yo‘lovchilar tashqariga intilgan, lekin eshik yopiq bo‘lgan». Fojianing ehtimoliy sababi aytildi

Foto: Instagram

Aqto‘be viloyati favqulodda vaziyatlar departamenti Samara – Chimkent trassasida o‘t olib, 52 kishining hayotiga zomin bo‘lgan avtobusda yong‘in kelib chiqishining ehtimoliy sabablarini aytib o‘tdi, deb xabar beradi Sputnik Qozog‘iston.

FVD vakili Vitaliy Sinevning aytishicha, avtobusda yong‘in kelib chiqishiga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Shuningdek, avtobusda katta miqdorda yoqilg‘i tashilgan bo‘lishi ham mumkinligi inkor etilmayapti. Bu avtobus qisqa fursat ichida alanga qurshovi ichida qolganiga izohdir.

Faraz qilinishicha, yo‘ldagi AYoQShlarda yoqilg‘i qo‘yish zaruriyatini yo‘qqa chiqarish uchun avtobusda qo‘shimcha yoqilg‘i tashilgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, avtobus qayta jihozlangan bo‘lishi mumkin, shu sababli olov tuzog‘iga ilingan yo‘lovchilar tezda uni tark eta olishmagan. Sinevning so‘zlariga ko‘ra, avtobusning eshiklari mahkamlangan bo‘lgan.

«Avtobus to‘xtagach, barcha haydovchilar undan qochib chiqishgan, qolgan odamlar ham eshikka intilishgan, lekin yon tomondagi eshik mahkamlangan bo‘lgan», — dedi Sinev.

Mavzuga oid