O‘zbekiston | 22:30 / 19.01.2018
62443
5 daqiqa o‘qiladi

«Migrantlik tarixi». Yoshlar nega muhojirga aylanishi haqida hikoya

Foto: Gosnovosti

Taniqli bloger Davron Tojialiyev o‘zining feysbukdagi sahifasida Aqto‘bedagi fojiaga munosabati o‘laroq qoldirgan postida bu kabi hodisalarning yuzaga kelish sabablari to‘g‘risida fikr yuritgan.

2005 yili universitetni bitirgach, propiskam muddati ham tugadi. Cho‘zdira olmadim — ishimdan bo‘shatishdi. 3-4 oy rosa ish qidirdim — propiskasiz qabul qilishmadi. U paytlar internet bugungidek emas, onlayn ish topish ham imkonsiz edi. Tengdoshlarim kabi Rossiyaga ketishga qaror qildim. Dadamdan ruxsat so‘ragan edim, urushib berdilar: 
“To‘rt yil qiynalib o‘qib, Rossiyada mardikorlik qilasanmi?”. “Hamma ishlayapti-ku, kunimni ko‘rib ketarman”. Hech qanday bahona o‘tmadi. Rozi bo‘lmadilar. Orada magistraturaga topshirdim. Byudjyet joyini stipendiatlar egallab bo‘lishgan. Kontrakt o‘rni ham juda kam. Kira olmadim. Yana propiska, yana ish topish tashvishlari boshlandi. Toshkentda qolib, amallab kun ko‘ra boshladim. Noyabrning boshlarida O‘zMU marketing bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilib qolishdi: “Tojialiyevmisiz? Agar kontrakt asosida o‘qimoqchi bo‘lsangiz, 2 kun ichida shartnoma pulini to‘lab, o‘qishga kelishni boshlang”. Sarosimada qoldim. O‘sha yili universitetda katta ta'mirlash ishlari bo‘layotgani bois shartnoma asosida yangi o‘rinlar ochilgan edi. 

Magistraturani bitirganimdan so‘ng ikki yil avvalgi vaziyatga tushdim. “Ongim” ancha oshgan, endi meni Rossiya qiziqtirmas edi. Sharqshunoslik institutini bitirgan bir xonadoshim ham ish topa olmadi-da, Rossiyaga ketdi. Bechora do‘stim qish payti rus o‘rmonlarida yog‘och kesayotib katta daraxt tagida qoldi. Sovuq xonalarda oylab oyog‘ini qimirlatolmay yotdi. Keyin qaytib keldi-da, Farg‘onada arzimas oylikka ishlab yurdi. So‘ng baxti kulib “Grin karta” yutib oldi-da, AQShga ketdi.

Shu do‘stim bilan ish qidirib, Dubay, Kanada, AQSh, Shvetsiyaga ishga yuboradigan ne-ne shirkatlar eshigini qoqmadik. Shirkatlardan biri firibgar chiqdi, biriga yuz ko‘rinishimiz yoqmadi, birining imtihonidan o‘tolmadik, nechtasi yopilib ketdi. 

Koreyaga yubormoqchi bo‘lishdi. 5000 lik “xizmati” bor deyishdi. Eskidan “xizmat”li joylar bilan chiqisholmayman. Rad etdim. “Chyuning”ga topshirdim, “Maski”ga topshirdim. So‘nggi bosqichlaridan yiqildim. Harakat qilib, Angliyadagi bir kollejga o‘qishga kirdim. OVIRga xorijga chiqishdan maqsadi degan joyiga to‘g‘ri qilib, “Angliyaga o‘qish uchun” deb yozdim. OVIRda hujjatim 11 oy qolib ketdi. O‘qishim ham bekor bo‘ldi...

Keyin Marg‘ilonga qaytdim. Uylandim, bola-chaqali bo‘ldim. Chet-eldan ishlash uchun takliflar bo‘lgan bo‘lsa-da, oilamni bu yerda tashlab ketishga ko‘zim qiymadi. “Non shahri” yana o‘ziga chorladi. Yana propiska, keyinroq ijara shartnomasi degan g‘avg‘olar boshlandi...

Ko‘p do‘stlarim propiska va boshqa byurokratik muammolar tufayli chet-elga chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Bir tanishimning otasi qamalgani uchun yaxshi ishlarga olishmadi; boshqa tanishim namoz o‘qigani uchun organga ishga kira olmadi; bir do‘stim O‘zbekistonga yangilik bo‘lgan yaxshigina biznes tashkil qildi – soliq, departament, hokimiyat va h.larning aralashuvi, hujjatbozlikdan bezidi-da, firmani yopdi. Hammasi xorijga ketdi.

Bularni nega yozdim? Aslida, bizning avlod yoshlarining har birining mana shunday o‘z “migrantlik tarixi” bor. O‘zbeklarning ichki va tashqi mehnat migratsiyasida, hatto kechagi mudhish voqeaning bir chetida shu muammolar ham yotadi. Ularni bartaraf etish vaqti yetmadimikan?

Mavzuga oid