O‘zbekiston | 19:30 / 20.01.2018
300209
10 daqiqa o‘qiladi

«Biz avtobusda yonib ketishga munosib emasmiz!»

Oldindan aytib qo‘yay: men har biringizdan ko‘proq sevaman, O‘zbekistonni! Men yaxshi ko‘raman millatimni! Yaxshi ko‘raman millatdoshimni! Yana aytib qo‘yay, millatchi ham emasman! Yozganlarimni o‘qib, malomat qilishga oshiqmang! Do‘ppini olib qo‘yib, bir o‘ylang: Biz kimmiz o‘zi?!

Tafsilotini bilib bo‘ldingiz — Qozog‘istonda mahalliy haydovchilar boshqaruvida bo‘lgan, ichida 54 o‘zbek bo‘lgan avtobus yonib ketdi. 52 kishi yonib o‘ldi. 5 kishi tirik qoldi — ulardan ikkisi haydovchilar.

O‘zbekiston hukumati halok bo‘lganlarning jasadini olib kelish uchun maxsus samolyot yubordi. Qozog‘istonga maxsus komissiya ham yuborildi.

Butun dunyodagi mamlakatlar ziyoli insonlar prezidentimizga, xalqimizga hamdardlik bildirib turibdi. O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham juma namozlarida shu fojia qurbonlari uchun Qur'on o‘qilib, duolar qilindi.

Men ham o‘lganlarning oila a'zolariga ta'ziya izhor qilaman. Albatta, juda qayg‘urdim. Ammo ko‘nglimni biri-biriga ters hislar qamrab oldi, fikrlarim tinchlik bermay qo‘ydi: ey, millatdoshlar, ko‘zingizni oching, nimalar bo‘layapti, bir o‘ylang!

Eslang, 2017 yil 8 oktabr. Rossiyaning Vladimir oblastida ikki qozog‘istonlik boshqarayotgan va ichida 58 o‘zbek ketayotgan avtobus temir yo‘l ustida to‘xtab qoldi va 17 kishi, ikki yosh bola halok bo‘ldi.

Jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarni O‘zbekistondan yuborilgan maxsus samolyot O‘zbekistonga olib ketdi.

Undan oldinroq bo‘lgan fojiani ham eslang, 2017 yil 22 iyun. Qozog‘istonning o‘sha Aqto‘be oblastida, o‘sha Samara–Chimkent trassasida Volgograddan kelayotgan, 52 o‘zbek mingan avtobus ag‘darilgan va 9 kishi halok bo‘lgan edi. O‘lganlar — o‘zbekistonliklar.

Nega uzoq safarga chiqqan avtobusda buncha odam ko‘p, har gal 57-58 kishi? Ular qanday avtobuski, necha kunlab davom etadigan safarga shuncha odamni olib chiqadi?

Zo‘r avtobuslar bo‘lsa, temir yo‘l ustida to‘xtab qolarmidi? Zo‘r avtobuslar bo‘lsa, 54 o‘zbekdan ikkisi qochib chiqib, qolganlar yonib ketarmidi?

Yo bizning o‘zbeklar temir yo‘lda to‘xtab qolgan avtobusdan poyezd kelguncha tushib qocha olmaydigan yoki yona boshlagan avtobus oynasini sindirib, o‘zini o‘limdan olib qocha olmaydigan darajadami?

Men shuncha odam yonib ketguncha kamida 5–10 kishi avtobusdan o‘zini tashlab qochmasligiga ishonmayman. Bu yerda boshqa gap bor, shekilli. Yo avtobus portlatilgan, yo hamma eshik va oynalar ochilmaydigan qilib mahkamlab, keyin olov qo‘yilgan!

Mayli, bu boshqa masala. Bosh vazir boshchiligida komissiya ketgan, tekshirishar, bir xulosaga kelishar.

Endigi murojaatim «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi rahbariga!

Kecha yonib ketgan 52 kishining o‘limida Sizning ham aybingiz bor!

Nega?

Chunki O‘zbekistondan samolyotlarda uchish dunyoning hech bir mamlakatida Siz belgilaydigan narxlarchalik qimmat emas!

Moskvadan Istanbulga odamlar 50 dollar bilan uchishadi. O‘g‘illarim 60 dollarga Moskvadan Istanbulga borib kelishga chipta olishadi. Qizim Amerikadan Moskvaga va Moskvadan Istanbulga 300 dollar bilan keldi. Istanbuldan Samarqandga esa Sizning samolyotingizga 380 dollarga chipta oldi.

Hurmatli janob! Nyu-York qayerda-yu, Moskva qayerda-yu, Istanbul qayerda? Shuncha joyga 300 dollar bilan kelgan qizim Sizning samolyotingizga Istanbuldan Samarqandga 380 dollar to‘ladi.

Shu bugun bir tanishimga Samarqand–Istanbul–Samarqand yo‘nalishiga chipta oldim — 4.500.000 so‘m! (560 dollar). Samarqanddan yo Toshkentdan Moskvaga uchish chiptasi-chi? 250–300 dollar!

Mana, nima uchun odamlar chet ellarga o‘z vatanimizdan kam uchishadi, ko‘zi ochiq odamlar Moskvaga, Kiyevga, Chimkentga, hech bo‘lmaganda Olmaotaga borib, o‘sha yerdan uchadi.

Muhtaram janob! Sizning samolyotingiz aviakerosinda uchsa, boshqalarniki aviametan gazda uchadimi? Yoki ular Siz o‘qigan maktabda o‘qishmaganmi? Ular o‘z foydasini bilmaydigan kallavaramlarmi?

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi rahbari! Bilmasangiz aytib qo‘yay: O‘zbekiston fuqarolari Olmaotaga borib, qozoqlarning samolyotida Siz belgilagan narxning yarim puliga boshqa davlatlarga uchib ketmoqda. Bilmadim, bundan kim yutib, kim yutqazayapti?

Balki arzon, lekin ko‘p chipta sotayotgan Qozog‘iston aviakompaniyalari foyda qilayotgandir, balki qimmatdan qimmat chipta sotib, Siz foyda qilayotgandirsiz? Ammo xalq yutqizayotgani aniq, u sizning qimmat samolyotingizga chipta ololmagani uchun Qozog‘istonning avtobusida yonib ketayapti.

Siz ham yutqazayapsiz, tirik vatandoshlaringiz uchun qimmat qilib qo‘ygan samolyotingizni ularning o‘ligini olib kelish uchun BePUL yuborayapsiz!

Keyingi murojaatim fojia sababini o‘rganuvchi Hukumat komissiyasiga!

Nega har gal fojiada fuqarolarimiz o‘lib, yonib ketib, mahalliy haydovchilar tirik qolayotganining sababini bilib keling va buni, ya'ni avariyadan ham, olovdan ham tirik chiqishning sirini biznikilarga ham o‘rgating! Chunki, baribir, o‘zbeklar yana va yana avtobusda Rossiyaga boraveradi. Borma desangiz, battarroq qiladi, bizning xalqimiz shunaqa. Axir o‘sha shopirlar O‘lmas Koshcheylar yoki Samandar qushlari emas-ku?! Buning bir siri bo‘lishi kerak!

Muhtaram Hukumat komissiyasi a'zolari! Nega o‘zbeklar O‘zbekistonda, o‘z vatanlarida, o‘z ona shaharlarida samolyotga o‘tirib, Rossiyaga uchishning o‘rniga Qozog‘istonga borib, shaltoq avtobuslarda Rossiyaga ketishayapti? Shuning ham asl sababini o‘rganing! Nega ular 50–55tadan bo‘lib, avtobuslarda yo‘lga chiqishayapti? Buning ham sababini o‘rganing!

Keyingi murojaatim O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga!

Fojiada Sizning fuqarolaringiz halok bo‘lishdi. Sizga ham bu narsa og‘ir. Sizga  hammamiz hamdardmiz.

Tepada ham aytdim, shu yurtni, shu elni deb tinmayotganingizni el ko‘rib turibdi. Siz amalga oshirayotgan ezgu ishlarda yoningizda tursam, ozgina madad bo‘lsam deyman.

Ammo «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi samolyot chiptalariga belgilagan narxlarni Siz ko‘rib chiqmasangiz, siz ularni «turtkilamasangiz» ikki dunyoda ular xalqni o‘ylab, chiptalarini arzon qilmaydi. Dunyodagi barcha aviakompaniyalardagi narxlarni qarang, bizdagidek qimmat narxlarni biror mamlakatda topa olmaysiz. Dunyoning boshqa mamlakatlari qatori O‘zbekistondan uchadigan samolyot chiptalarining narxlari ham arzon bo‘lganida odamlarimiz shaltoq avtobuslarga chiqmas edilar, tiriklay yonib ketmas edilar.

Siz xalqni deb ko‘p ezgu ishlarni qilayapsiz, O‘zbekistondan uchadigan samolyot chiptalarining narxini ham INSOF QOLIPIGA solib bersangiz, ko‘plab yurtdoshlarimizni avtobuslarda halok bo‘lib ketishlaridan saqlab qolgan bo‘lardingiz.

Oxirgi murojaatim yonib ketgan o‘g‘lonlarning onalariga!

Aslida, sizlarga biror nima deya olmayman. Aksariyatingizning farzandlaringiz Moskvada ishlayotgan ikki o‘g‘limning tengdoshlari ekan. Ularning birortasiga biror nima bo‘lishini, hatto kasal bo‘lib qolishlarini men ko‘tara olmayman!

Onalar! Sizlarga tasalli ham bera olmayman. Er yigitlaridan ayrilgan onalarga qaysi so‘zim tasalli bo‘lishi mumkin?

Kechagina sog‘-omon kuzatgan o‘g‘illaringizning ko‘mirga aylangan jasadini quchoqlashingizni o‘ylasam, ko‘zimdan yoshlar to‘xtamayapti.

Onalar! Onajonlar! O‘g‘lingiz menga begona, ammo sizning dardingiz, fojiangiz menga begona emas! Bu xabarni eshitganimdan beri ko‘zimni yumsam, yonib ketgan singlim ko‘z oldimga keladi. Uning faryodlari qulog‘im ostida jaranglaydi. Dimog‘imga kuygan go‘sht, kuygan odam go‘shtining hidi keladi!

Onajonlar! Yillar o‘tadi, ammo bu fojia eskirmaydi! Yillar ko‘nglingizdagi armonlarni eskirtirolmaydi! Sizlar hech qachon bu ko‘rgulikka ko‘nika olmaysizlar!

Onalar! Siz o‘g‘illaringizning o‘limida aybdor bo‘lganlarga ko‘p so‘zlarni aytasiz! O‘tinaman, ularni qarg‘amang! Bugun sizning qarg‘ishingiz to‘xtovsiz o‘tadi!

Onajonlar! Osmon uzoq, yer qattiq! Ko‘ning! Ko‘namiz! Duo qilamiz: Alloh bu dunyoda olov ichida jon berganlarga do‘zax olovini harom qilsin! Hammalarini jannat bog‘chalarida ota-onalarini, jondan aziz bolalarini kutib o‘tiradigan qilsin! Amin!

O‘zbegim! Jon, o‘zbegim! Biz kim edik, kim bo‘ldik?

Ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanishni boplaymiz! Ammo ularga munosib voris bo‘la olayapmizmi?

Do‘ppini olib qo‘yib, yaxshilab bir o‘ylang: biz kimmiz o‘zi?

Qaysi avtobusda odam o‘lsa, bizmizmi o‘sha?!

Qaysi avtobusda odam yonsa, bizmizmi o‘sha?!

Biz qozoqlarning avtobusida yonib ketishga munosib emasmiz!

To‘ra Murod.

Mavzuga oid