INTeRVYu | 19:10 / 21.01.2018
45205
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston bizning ota yurti​miz»​ - Turkiya elchisi bilan suhbat

Foto: Ahmet Bashar Shen/Kun.uz

Kun.uz O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan diplomatik missiya rahbarlari bilan suhbat loyihasini davom ettiradi. Loyihaning bu galgi mehmoni O‘zbekistonni «o‘zining ota yurti​»​ deb bilgan Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, tarixiy aloqalar va kelajak haqida o‘z fikrini bildirdi.

Janob elchining ta'kidlashicha, «munosabatlarimizning yangi davri ikki davlat rahbarlarining Samarqand shahridagi do‘stona suhbatidan so‘ng jadal rivojlanishni kasb etdi»​.

«​Ayrim tadbirkorlar boshdan kechirgan qiyinchiliklar tufayli, ikkilanishga ega bo‘lsa-da, 2017 yil tashkil etilgan ishbilarmonlar forumida turk tadbirkorlari O‘zbekistonda faoliyatini boshlashga katta qiziqish bildirgan. Agar ularga nisbatan haqsizlik qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti odilona qaror qabul qilinishini ma'lum qildi.

Hamkorligimizning ilk davrida iqtisodiy masalalarga katta urg‘u berganmiz. Bunday hamkorlik shakli, aslida, ikki xalqni tarixan bir-biriga bog‘lagan omil hisoblanadi. Savdo-iqtisodiy aloqalar bizni yanada yaqinlashtiradi, har ikkimizga ham foyda keltiradi. Lekin munosabatlarimizni madaniyat, ijtimoiy, Islom dinini to‘g‘ri targ‘ib etish, turizm sohasida yaxshilashni ko‘zlab turibmiz»​, deb fikrini bildirgan u.

Ahmet Bashar Shenning ma'lum qilishicha, Turkiyaning bir qator yetakchi oliygohlari O‘zbekistondagi filialini ochish maqsadida muzokaralarni olib bormoqda. Ular orasida tibbiyot xodimlarini yetishtirib chiqaruvchi turk bilim yurtining tez orada O‘zbekistondagi filiali ochilishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

«​Bir paytlar Turkiyada taqiqlangan FETO tashkiloti tarafdorlarini ko‘paytirish maqsadida turli davlatlarda turk ta'lim muassasalari ochgandi. Afsuski, bu ko‘plab muammolarga sabab bo‘ldi, shukurki, ularning salbiy jihatlarini ko‘ra bilgan O‘zbekiston tomoni mazkur ta'lim muassasalarini o‘z vaqtida yopishga qaror qilgan. Buning uchun O‘zbekistondan minnatdormiz. Ta'lim sohasida yuzaga kelgan qiyinchiliklar va ko‘ngilsiz tajribalar boshdan o‘tganidan so‘ng, bu masalaga diqqat bilan yondashishni istaymiz.

Turkiyadan tashqari bo‘lgan ta'lim muassasalari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha maorif vaqfi kabi organ tuzilgan. Maorif vaqfi O‘zbekistondagi vaziyat bilan ham qiziqmoqda, talab va imkoniyatlar darajasi o‘rganilmoqda, tez orada o‘rta va boshlang‘ich ta'lim katta hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin. Akademik bosqich bo‘yicha qisqacha to‘xtalsak, Turkiyada o‘qib turgan o‘zbek yoshlari ayni paytda ko‘pchilikni tashkil etadi, bundan keyin ham ularning soni ortib borishini istaymiz. Xohishlarimizni ro‘yobga chiqarish uchun maxsus tashkilotlar orqali dasturlar qabul qilganmiz. Aytib o‘tilgan barcha hamkorlik masalalari birinchi bosqichda, ammo ularni tezroq ilgarilashini rejalashtirganmiz. Hamkorlikni mayda bosqichdan yirik tizimli shaklga o‘tkazish katta yutug‘imiz bo‘ladi»​, deb qo‘shimcha qilgan elchi.

Suhbatda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Turkiyadagi faoliyati, mamlakatning tashqi siyosatidagi pozitsiyasi, uning ShHT, MDH va YeI tashkilotlariga a'zo bo‘lib kirish istiqbollari haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, turk ishbilarmonlarining kelgusida O‘zbekiston bilan amalga oshirishi ko‘zda tutilgan rejalari haqida aytiladi. Video lavhani to‘liq ko‘rinishda quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid