Jamiyat | 12:10 / 22.01.2018
50535
4 daqiqa o‘qiladi

Namanganlik halok bo‘lganlar oila a'zolari uchun O‘zbekiston bo‘ylab xayriya aksiyalari o‘tkazilmoqda

Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oila a'zolariga moddiy va ma'naviy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida turli xayriya aksiyalari o‘tkazilmoqda. Jumladan, huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan xayriya aksiyasida bir kun ichida 60 million so‘m yig‘ilgan va ular jabrdiyda oilalarga yetkazilgan.

“Bugun Bahriddin Chustiy akamiz Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on tumanida hokimiyat vakillari bilan bir nechta xonadonga bordilar.

Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev
Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev

To‘raqo‘rg‘on tumanida 20 ta xonadondan 21 kishi vafot etibdi, “Katta qurama” mahallasining o‘zidan 10 kishi...

Kecha hukumat va Namangan viloyati hokimining tashabbusi bilan barcha marhumlarning xonadoniga 5 million so‘mdan pul berilgan ekan, bugun To‘raqo‘rg‘on tumani hokimining tashabbusi bilan har bir xonadonga qo‘y va Pop tumanidagi tashkilotlar tashabbusi bilan bozor-o‘char yetkazilibdi”, deyiladi Xushnudbek Xudayberdiyevning Facebook’dagi sahifasida.

Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev
Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev

Ma'lumotlarga ko‘ra, 1 kun ichida aksiyaga 60 mln so‘mdan ziyodroq pul yig‘ilgan. Bu summa ichiga valyuta kartasiga o‘tkazilgan pullar qo‘shilmagan, chunki plastik kartada SMS-xizmat yo‘qligi sababli hisob ahli aniqlashtirilmagan.

“Yig‘ilgan jami summadan 12 mln. 300 ming so‘mi tarqatildi. Bunda:
Rahmonov Omonullo xonadoniga 5.000.000 so‘m (sharoiti og‘irroq bo‘lgani uchun);
Nishonov Otabek xonadoniga 2.500.000 so‘m;
Hoshimboyev Nurmuhammad xonadoniga 2.500.000 so‘m;
Umaraliyev Solijon xonadoniga 2.300.000 so‘m.

Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev
Foto: Facebook/Xushnudbek Xudayberdiyev

Xayriya aksiyamiz davom etadi. Hozircha dastlabki rejalarimiz bo‘yicha, xalqimizning sahovati natijasida har bir marhumning oilasiga 10 mln so‘mdan ajratishni niyat qilganmiz. Shunda taxminan 500 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi. Umid qilamizki, birgalashib, ushbu dovonni bemalol zabt eta olamiz.

Dastlabki taassurotlar shunaqaki, marhumlarning oilasidagi ahvol haqiqatdan yaxshi emas. Anchayin nochor turishar ekan.

So‘mda pul o‘tkazish uchun plastik raqami (istalgan miqdorda, cheklovlar yo‘q):
8600 3104 3723 2663

Xorijiy valyutada pul o‘tkazmalari uchun plastik raqami:
4847 9907 0722 6123

Ikkala karta ham Bahriddin Najmiddinov nomiga ochilgan.

Shuningdek, xorijdagilar PayPal tizimi orqali ham quyidagi manzilga pul o‘tkazishlari mumkin:
paypal.me/AbrorjonKodirov (abrorkodirov.uz@gmail.com)

Savollar tug‘ilganda Telegram va WhatsApp orqali +998946119998 (Xushnudbek) raqamiga murojaat qilishingiz mumkin”, - deb yozadi Xushnudbek Xudayberdiyev.

Ma'lumot o‘rnida: yaqin kunlarda KUN.UZ tahririyati ham ushbu fojiada halok bo‘lganlar oila a'zolari uchun xayriya aksiyasini o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasining Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lida avtobus yonishi oqibatida halok bo‘lgan 52 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi oilalarining barchasiga bir martalik nafaqa ajratildi. 

Mavzuga oid