Aleksis Sanches: «Manchester Yunayted»ga Premer Liga va Chempionlar Ligasini yutish uchun keldim
22 yanvar kuni «Manchester Yunayted»ga o‘tgani rasman e'lon qilingan 29 yoshli chililik hujumchi Aleksis Sanches jamoa futbolchisi sifatidagi ilk intervyusini klubning MUTV kanaliga berdi.
— Aleksis, xush kelibsan. «Manchester Yunayted» futbolchisi bo‘lish qanday ekan?
— Men bolaligimdan bu jamoada o‘ynashni orzu qilganman. Yo‘q, men bu gaplarni bugun shu yerda turganim uchun aytmayapman. Bugun orzuim ushaldi. Men yoshligida doim bir kun kelib «Manchester Yunayted»da o‘ynashimni aytardim va hatto bir marta Aleks Fergyuson bilan ham bu haqida gaplashganman. Biz 20 daqiqacha suhbatlashgandik va men «Old Trafford»da o‘ynashni orzu qilishimni aytdim. «MYu» – haqiqatan ham katta klub, hozir ham juda kuchli va bugun men bu yerga kelib, klub emblemasiga ko‘zim tushganida etim jimirlab ketdi. Shubhasiz, «Manchester Yunayted» Angliyaning eng buyuk klubidir.
— Nima deb o‘ylaysan, sen «Old Trafford»ga nima bera olasan?
— Men bu jamoada ko‘p narsaga erishish mumkinligiga ishonaman. «MYu» dunyo miqyosidagi ulkan klub va bu jamoa safida oldimizda turgan hamma sovrinlarni, Premer Ligani, Chempionlar Ligasini ham yutishni istayman.
— Sen Fergyuson haqida aytding. Shu paytgacha «Manchester Yunayted» haqidagi o‘ylar sening xayolingni band etganmidi? Bu haqida o‘ylaganmisan?
— Shubhasiz! Bu klub, uning qizil rangi meni doim o‘ziga jalb qilgan, men buni chin yurakdan aytmoqdaman. Aytish mumkinki, orzuim ushaldi. «Orzular teatri»da bo‘lish meni juda baxtli qiladi.
— Bu qaroringda Joze Mourinoning o‘rni qay darajada?
— U menga klubga juda kerakligimni aytdi. Men bunga ishonaman, klub meni qo‘lga kiritishga va yettinchi raqamni berishni juda istaganini his qilmoqdaman. Menimcha, futbolchi uchun bunday ishonch – juda muhim. Ba'zida jamoaga o‘zingning kerakligingni, ahamiyatingni bilish foyda beradi. Joze meni o‘ziga tortadi, u Italiyada ishlab ham, Ispaniyada ham deyarli hamma sovrinlarni yutgan. G‘alaba qozonishga odatlangan murabbiy.
— Yettinchi raqam «Manchester Yunayted» uchun juda muhim va tarixiy ahamiyatga ega. U raqam ostida o‘z vaqtida Kantona, Bekhem va Ronalduning to‘p surgani senga qanday ta'sir qiladi?
— Bu haqida menga gapirishlari hamono,o‘zimni Premer Liga yoki Chempionlar Ligasi sovrinini boshim uzra ko‘tarib turganimni his qilib yubordim. Men bu yerga orzularga to‘lib keldim va o‘ylaymanki, ularni ro‘yobga chiqarish uchun menda imkoniyat bo‘ladi.
— Jozening aytishicha, bu yerda uning faoliyatidagi eng ahil jamoa to‘plangan ekan. Bunday oilaga kirib kelishni kutyapsanmi?
— Albatta. O‘ylaymanki, agar sovrinlar uchun kurashar ekansan, jamoa ichidagi muhit juda katta ahamiyatga ega. Ispaniyada o‘ynaganimda ham, u yerda juda yaxshi muhit bor edi va men ko‘p sovrinlarni yutdim. Ya'ni men buni o‘z tajribamdan ham bilaman. Shuningdek, klub doimiy tarzda kuchayib borishi va yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib borishi kerak. Aynan shu sabab bilan ham hozir shu yerdaman.
— Bo‘lajak jamoadoshlaringdan kimlarni yaqindan bilasan? Qaysi futbolchi senga shu paytgacha raqib sifatida alohida ta'kidlagan bo‘larding? Masalan, so‘nggi o‘yinlaringdagi David de Xea kabi...
— Menda hali ular bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘lmadi, lekin tabiiyki, ular bilan maydonga ko‘p to‘qnash kelganman va bilaman. Ha, De Xea menimcha dunyoning ayni paytdagi eng yaxshi darvozabonidir.
— Futbolchi sifatida ustun jihatlaring qaysilar?
— Men doim g‘alaba qozonishni istayman. Qilayotgan ishlarimda nihoyatda professional bo‘lishga intilaman. Men futbolga oshiqman, deyishim mumkin. Men doim mashg‘ulotlarni ko‘paytirishni, o‘z kamchiliklarimni tahlil qilib, o‘sha yo‘nalishda yanada kuchliroq bo‘lishga intilaman. Menga ko‘proq chap tomonda yoki markazda o‘ynashni yoqtiraman, ammo futbol o‘ynar ekanman, har qanday pozitsiya to‘g‘ri kelaversa kerak.
— Albatta, bugun o‘ziga xos kun. Oilangiz, do‘stlaringiz sabrsizlik bilan Manchesterga ko‘chishingizni kutishgandi. Ular orasida itlaringiz Atom va Hamber ham bor?
— Atom va Hamber mening do‘stlarim, farzandlarim, ular har doim men bilan va ular bilan ko‘p vaqtimni o‘tkazaman. Doim charchab uyga qaytganimda, ular ko‘zimga qarab buni tushunishadi. Ularning afzalligi shundaki, qanday ahvolda bo‘lishimdan qat'i nazar ular o‘zgarmaydilar, shunchaki, meni xursand qilishga harakat qilishadi, tamom.
— Siz «Manchester Yunayted» safidagi ilk chililik futbolchi bo‘ldingiz. Buni mamlakatingizda qanday kutib olishdi? Chili terma jamoasi muxlislariga nima degan bo‘lardingiz?
— «Manchester Yunayted» safidagi ilk chililik futbolchi bo‘lish juda ajoyib. Avval ham aytganimdek, bu yerda to‘p surish orzu va buni o‘lchash ilojsiz. Men hali ham ba'zida bunga ishonmayman va o‘zimni ko‘chada do‘stlarim bilan to‘p tepib yurgandek his qilaman. Shuning uchun ham futbolni sevaman, ijtimoiy tarmoqlardagi yoki matbuotdagi turli salbiy gap-so‘zlarga e'tibor bermayman. Men shunchaki, o‘zimni baxtli qilish uchun futbol o‘ynayman. Onam aytardilar – «boshqa narsalarga e'tibor berma, faqat futbol o‘yna, axir sen bu ishni yaxshi uddalaysan».
— «Manchester Yunayted»ning butun dunyodagi muxlislariga nima degan bo‘lardingiz?
— Aleksis bu yerga sovrinlarga tashnalik bilan keldi. Premer Liga va Chempionlar Ligasini yutishni istaydi. «Manchester Yunayted» muxlislari, Aleksisning o‘yinidan zavq oling. Hammangizga yaxishiklar tilayman.
Mavzuga oid
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
10:17 / 05.12.2024
Mbappe yana uyaltirdi, «Liverpul» qoqildi. Kun o‘yinlari
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
15:52 / 21.11.2024