O‘zbekiston | 21:30 / 28.01.2018
65264
3 daqiqa o‘qiladi

Viloyat hokimi o‘qituvchilarni urgan tuman hokimi nega darhol ishdan olinmaganiga izoh berdi 

KUN.UZ tahririyati Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida Sayxunobod hokimi masalasi ham tilga olindi.

«To‘g‘ri, o‘zim ham qattiqqo‘lman, talabchanman. Lekin, hech qachon birovning shaxsiyatiga tegadigan gap gapirmayman. Chunki, prezidentimiz suhbat davomida menga ko‘p narsalarni aytgan. Hech qachon insonlarni haqoratlab, shaxsiy manfaatiga zarar yetkazadigan gaplar bilan xo‘rlamaslik kerak. Men har bir yig‘ilishimda bu bo‘yicha alohida gapiraman. Bizda ma'rifat, ma'naviyat birinchi darajada. Qattiqqo‘llik degani – bu odamni urish, haqorat qilish degani emas. Bundan yiroq bo‘lishi kerak odam. Ta'sirchan gaplar ko‘p, lekin uning birinchi qilgan xatosi – ko‘pchilikni, hammasini to‘plab, bir-birini haqorat qilsa, yonida turgan ikkinchi kishiga baribir tegib ketadi. Men bu gaplar chiqqan kuniyoq o‘sha yerga yetib borganman. Borib, hammani yig‘ib: «Noto‘g‘ri ish qilgansiz, butun xalqdan kechirim so‘raysiz», deganman. Kechirim so‘ragan o‘sha yerda. O‘shanda paxta payti edi, shuning uchun odamlarga ta'sir qilmasligi uchun ishdan olinmadi. Lekin bu boradagi tegishli jarayonlar davom ettirildi, prokuratura ham o‘z tekshiruvini olib bordi. 

Endi u yerga tajribali, o‘zini bosib olgan, hamma tomonlama shoshilmaydigan odamni hokim qildik. Sayxunobod katta tuman, paxta, g‘allani ham ko‘p beradi. Bu tumandan katta-katta odamlar, qahramonlar chiqqan. Men sizlardan yashirmayman – uch kundan keyin yana keldi eski hokim. Men: «Ozgina damini olsin, hayotni ozgina bilsin», dedim. O‘zi ko‘p aytaman: «Amalda bo‘lganingda hamma senga do‘st, amalni topshirsang esa, kerak bo‘lsa sinfdoshingiz ham telefon qilmaydi…». Endi o‘ziga xulosa chiqarsin. Rahbarda ma'naviyat-ma'rifat birinchi o‘rinda turishi kerak, rahbarlikni ham ko‘tara olgan ko‘taradi», - dedi G‘.Mirzayev.

O‘tgan yilning sentabrida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani Nosirjon Egamberdiyev tumandagi maktab direktorlarini urayotgani videosi namoyish etilgandi. Shundan so‘ng, uning ishi prokuratura tomonidan tekshirilgan va u 2018 yilning yanvar oyida o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi.

O‘qituvchilarni urgan hokim ishdan olindi

 

Mavzuga oid