O‘zbekiston | 12:15 / 29.01.2018
48921
3 daqiqa o‘qiladi

«Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit!» - Tatyana Karimova birinchi prezidentning bolalik yillari haqida ma'lumot berdi

Foto: IslomKarimov.uz

Islom Karimov fondi Facebook’dagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan suhbatni e'lon qildi. Unda Tatyana Akbarovna Islom Karimovning bolalik yillari haqida avval noma'lum bo‘lgan ba'zi ma'lumotlarni taqdim etgan.

“Islom Abdug‘aniyevichning bolaligi urush va urushdan keyingi og‘ir damlarga to‘g‘ri keldi. Kichiklikdayoq peshona teri bilan non topish nima ekanini bildilar. Urushdan keyin barcha mashaqqatli hayot kechirgani ma'lum. Ularning ham oilalari ehtiyojmand edi. Samarqandning eski shahar qismida yashagan oddiy oila. Islom Abdug‘aniyevich maktabga chiqqan kezlari rus tilini bilmas edilar, ammo bukilmas iroda, qat'iyat va sobitqadamlik bois maktabni oltin medalga bitirdilar. U kishi yozgan insholar namuna o‘laroq butun sinfga o‘qib berilgan ekan. Keyinroq sinfdoshlari tan olishicha, Islom Abdug‘aniyevichning insholaridan oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonida “shpargalka” sifatida foydalanishgan. Shu tariqa oddiy oilada voyaga yetgan yigit maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, taqdiriga peshvoz chiqmoq uchun safarga otlandi. O‘sha kezlar oltin medal va olam-olam orzular u kishining bor-yo‘q bisoti edi. Taqdir hukmi bilan kindik qoni to‘kilgan ona zaminga mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bo‘lib manguga qaytdilar. 

Sinfdoshlaridan biri Islom Abdug‘aniyevichning shaxsiy maslagini yorqin namoyon etuvchi, maktab yillariga doir bir voqeani xotirlagan edi. Yozgi meva yig‘im-terimi payti yoshi ulug‘ bir kishi bolalardan kelajakda kim bo‘lishlari haqida so‘raydi. Ko‘pchilik uchuvchi, tokar kabi kasblarni egallash istagini bildiradi. Islom Abdug‘aniyevichning javobi esa bolalarni ham, kattalarni ham hayron qoldiradi: “Men Amir Temurga o‘xshasam deyman!”
Maktab yillaridanoq Maksim Gorkiy hikoyasi personaji – o‘z jonidan kechgan, yuragini mash'al kabi yoqib xalqni qutqarib qolgan Danko eng sevimli adabiy qahramonlari bo‘lgan. Uning “Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit!” degan shiori yosh Islom Abdug‘aniyevichning yuraklarida muhrlanib qolgan. Bu keyinroq Prezidentning hayotiy maslagiga aylandi”.

 

Mavzuga oid