Jamiyat | 00:10 / 04.02.2018
186011
2 daqiqa o‘qiladi

1100dan ortiq talabalar o‘quv binosidan chiqarilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan «Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq 2018 yilda Rossiyaning Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning Olmaliq filiali tashkil etilishi kutilmoqda. 

Shuningdek, qaror bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali ham tashkil etilgan bo‘lib, filial allaqachon faoliyatini boshlagan.

Shu kunlarda TDTU Olmaliq filiali rahbariyati va talabalariga o‘z binosidan chiqish aytilgan. Shu munosabat bilan 1100dan ziyod talaba va ustozlar shahardagi akademik-litsey hamda kasb-hunar kollejiga chiqib ketishga majbur.

Aslida 580 o‘ringa ega, ayni paytda 940 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan Olmaliq iqtisodiyot-servis kolleji ma'muriyati qiyin vaziyatdan qanday chiqishni o‘ylamoqda.

«Ikki smenali o‘quv tartibini joriy etib, tez kunlarda 11ta guruh talabalarini amaliyotga chiqarib yuboramiz. Ikki oydan so‘ng, 3-kurs talabalari ham amaliyotga chiqadi. Shu bilan tirbandlikka yechim qidiramiz», deydi kollej o‘qituvchisi.

Universitet o‘qituvchilari esa darslarini o‘z vaqtida o‘tish uchun ikki bino orasida sarson bo‘ladi. Tabiiy savol: «MISiS» ochilishi sharofati bilan shuncha ovoragarchilikni yaratish, qolaversa, davlat rahbari imzolagan qarorni amalda salbiy fonda qoldirish kerakmi?

Mavzuga oid